Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Aprel, 2025   |   11 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:31
Quyosh
05:53
Peshin
12:30
Asr
17:02
Shom
19:00
Xufton
20:16
Bismillah
09 Aprel, 2025, 11 Shavvol, 1446

Qur’onni Qur’on bilan tafsirlash usuli

11.01.2018   8395   9 min.
Qur’onni Qur’on bilan tafsirlash usuli

Hanafiy mazhabining taniqli olimlaridan biri mufassir Abu Bakr Roziy al-Jassosning (917–980) “Ahkom al-Qur’on” asarida  tafsir qilish usulining bir necha turlaridan foydalanganini ko‘ramiz. Shuni ta’kidlash lozimki, alloma va mufassir Abu Bakr Roziy va uning ilmiy merosini o‘rganish va tadqiq etishga sobiq sho‘rolar davrida e’tibor berilmagan. Bugungi kunda bu allomaning hayoti va ilmiy merosiga nafaqat yurtimiz olimlari, balki musulmon olamining ko‘pgina ilmiy markazlari va yevropolik tadqiqotchilar ham katta qiziqish bilan qaramoqda.

Abu Bakr Roziy al-Jassos taniqli alloma va mufassir ekanini “Ahkom al-Qur’on” (Qur’on hukmlari) tafsirida qo‘llangan bir qancha tafsir usullardan ham bilib olishimiz mumkin. Abu Bakr Roziy al-Jassosning hayoti va ilmiy faoliyati siyosiy va ijtimoiy munosabatlar keskin tus olgan bir davrga to‘g‘ri kelgani bois turli oqim va maktablarga munosabat bildirishi tasodif emasligini inobatga olish darkor. Shu bois alloma Jassosning fiqhiy masalalar yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari va qarashlarini tafsir ilmi orqali berishga harakat qilishi bugungi kunga qadar islom dini tarixi va manbashunosligi tadqiqotchilari diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Ma’lumki, Qur’oni karimda muayyan masala yoki hodisa munosabati bilan biron o‘rinda qisqacha izoh berilsa, boshqa bir o‘rinda unga kengroq va batafsil to‘xtalingan yoki bir oyatda kelgan hukmni boshqa oyatda nasx qilinishini uchratamiz. Bunday holatlar Qur’oni karimda ko‘p uchraydi. Shuning uchun Qur’oni karimni tafsir qilayotgan mufassir, birinchi navbatda Qur’onni puxta bilishi hamda bir mavzudagi oyatlarni to‘plab, ularni bir-biriga solishtirib ko‘rishi va shu oyatlar mazmun-mohiyatini tushunishda mujmallikka yo‘l qo‘ymasligi lozim. Agar shunday yo‘l tutilsa, Allohning oyatda ko‘zda tutgan maqsadini U zotning o‘zidan kelgan hukm vositasida tushungan bo‘ladi va bunday tafsir usulini Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilish deb ataladi. Har bir mufassir bunday tafsir usulidan foydalanmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqa tafsir usuliga o‘tib ketishga haqqi yo‘q, chunki ilohiy so‘z egasi o‘z so‘zining ma’nosini o‘z bandalaridan yaxshiroq biladi.

Tarixiy va ilmiy manbalarga murojaat qilinsa, Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilish usulini eng birinchi Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari qo‘llaganlar. Butun bashariyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga yuborilgan Payg‘ambar alayhissalom o‘zlariga nozil bo‘lgan oyatlarni tushuna olmagan sahobalariga boshqa oyatlar bilan sharhlab berar edilar. Masalan, “Imon keltirgan va imonlariga zulm (shirk) ni aralashtirmaganlar...” (An’om surasi 82-oyat) oyati nozil bo‘lganda, sahobalar qaysi birimiz zulm qilmagan, deb mahzun bo‘lishdi. Shunda Rasululloh  mazkur oyati karimada keltirilgan zulm so‘zi ular o‘ylagan zulm emasligini, balki shirk ma’nosida qo‘llanganini bildirganlaridan keyin bu oyatni yanada kengroq tushunishga yordam berish uchun, “Eslang, Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib, degan edi: “Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki, shirk ulkan zulmdir" oyatini o‘qidilar.

Mufassir Abu Bakr Roziy Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilishga alohida e’tibor qaratib, bir-biriga o‘xshash oyatlarni jamlab, bir-biriga solishtirishga harakat qilgan: fiqh va hukmga oid oyatlarda ham yoki boshqa bir ma’noga aloqador barcha oyatlarni sharhlashda shunday tafsir usulidan kengroq foydalanishgan. Shundan kelib chiqqan holda, Abu Bakr Roziyning Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilish usulini ikki qismga ajratish mumkin bo‘ladi:

  1. Biron oyatda kelgan so‘z yoki jumlaning lug‘aviy ma’nosiga Qur’onning oyatidan hujjat-dalil keltirish;
  2. “Mavzuiy tafsir”, ya’ni tafsir qilinayotgan oyat mavzusiga aloqador yana boshqa oyatlarni keltirish.

Bundan tashqari, mufassir alloma tafsir qilayotgan biron oyatdagi lafzning lug‘aviy ma’nosini tushuntirish va unga izoh berishda Qur’on karimning o‘zidan hujjat-dalil keltirishi “Ahkom ul-Qur’on” tafsirida ko‘p o‘rinlarda uchrab turadi. Masalan, Baqara surasining 234-oyatini sharhlashda undagi “yatarabbasna” (يتربصن) lafzining ma’nosi “bir narsani kutish” ekanini keltirib, huddi shu lafz shu ma’noda ishlatilganini Mo‘minun surasining 30-oyati, Tavba surasining 98-oyati va Tur surasining 30-oyatlarini dalil sifatida keltirib o‘tadi[8]. Shuningdek, Baqara surasining 236-oyatidagi “yoki” ma’nosini anglatuvchi “av” (أو) zidlovchi yuklamasi ba’zi oyatlarda “va” ma’nosini ham anglatib kelishini bildirib, unga Inson surasining 24-oyati, Niso surasining 43-oyati, Soffot surasining147-oyati hamda An’om surasining 146-oyatini dalil qilib ko‘rsatadi va bu oyatlarda ham o‘sha lafz “yoki” emas, balki “va” ma’nosida kelganini tushuntiradi.

Mufassir Abu Bakr Roziy Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilishda ko‘p o‘rinlarda mavzuiy tafsir usulidan foydalanadi, ya’ni tafsir qilinayotgan oyat mavzusidagi yana boshqa oyatlarni keltirish bilan kifoyalanadi. Shu boisdan bir mavzu yoki atamaga oid oyatlarni keltirish o‘sha mavzu yoki atamani to‘liqroq va yaxshiroq tushunishga omil vazifasini bajaradi.

 Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, mufassir sharh berayotgan biron oyatga ayni shu oyatdan olinadigan hukmlardan kelib chiqqan holda sarlavha qo‘yilganini ham uchratamiz. Masalan, “Xavf namozi bobi”, “Ilmni yashirishdan qaytarilganlik bobi”, “Ota-onaga yaxshilik bobi”, “Payg‘ambarga itoat etish lozimligi bobi”, “Sadaqani minnat qilish bobi” va boshqalar. Agar sarlavha qo‘yilgan oyatga o‘xshash boshqa oyatlar mavjud bo‘lsa, ularni ham shu o‘rinda keltirib, qisqacha va muxtasar holda sharhlab o‘tilgan. Masalan, Baqara surasining 159-oyatida “Ilmni yashirishdan qaytarilganlik” nomi ostida alohida sarlavha berilib, unda ilmni yashirishga doir oyatlar – Baqara surasining 174-oyati va Oli Imron surasining 187-oyatlari keltirilgan. Shuningdek, qasosga oid oyatning sharhida “Qasddan o‘ldirilgan kishining valiysiga vojib bo‘ladigan narsalar” nomli sarlavha ochilib, unda qasosga taalluqli barcha  oyatlar – Baqara surasining 178-oyati va 194-oyati, Moida surasining 45-oyati, Isro surasining 33-oyati va Nahl surasining 126-oyati keltirilgan. Bunday misollar “Ahkom ul-Qur’on” tafsirida ko‘plab keltirilganini uchratish mumkin.

Shunga qaramasdan, mufassir Abu Bakr Roziy o‘z tafsirida bunday yo‘l tutmasdan, ya’ni sarlavha qo‘ymasdan tafsir qilgan mavzular ham uchraydi. Tafsir bilan tanishish davomida bunday holatlarni osonlik bilan aniqlab, ularning mavzusiga qarab sarlavha qo‘yish mushkullik tug‘dirmaydi.

Masalan, Niso surasining 28-oyati sharhida alohida sarlavha qo‘yilganini ko‘rmasak ham, ammo shu oyat mazmuni va uni sharhlash davomida keltirilgan oyatlar mazmunidan kelib chiqqan holda unga “Dinda qiyinchilik va mashaqqatning yo‘qligi” deb sarlavha qo‘yish mumkin. Zero, oyat sharhida berilgan oyatlar – A’rof surasining 157-oyati, Baqara surasining 185-oyati va Oli Imron surasining 28-oyatlarining barchasi aynan shu mavzuga oid ekanini bilish qiyin emas. Xuddi shu suraning 5-oyati sharhida ham xuddi shunday holat ko‘zga tashlanadi. Bu oyat tafsirida ham alohida sarlavha qo‘yilmagan bo‘lsa ham, ammo oyat mazmuni va uning sharhida keltirilgan oyatlar mazmunidan kelib chiqqan holda unga “Mol-mulkni saqlashga buyurilganlik va uni zoye’ qilishdan qaytarilganlik” deb sarlavha qo‘yilsa xato bo‘lmaydi. Chunki mazkur oyat sharhida berilgan oyatlar – Isro surasining 26, 27 va 29-oyatlari, Furqon surasining 67-oyati va Oli Imron surasining 159-oyatlari ham aynan shu mavzuga aloqador bo‘lgani uchun shunday xulosa chiqarishga imkon beradi.

Umuman olganda, mufassir o‘z asarida Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilishga alohida e’tibor qaratib, Qur’ondagi bir-biriga o‘xshash oyatlarni bir o‘rinda jamlashdan tashqari xoh fiqhiy hukmlarga oid oyatlar bo‘lsin, xoh umumiy tafsirga oid oyatlar bo‘lsin, ularni bir-biriga solishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Aksar tadqiqotchilar mashhur mufassirlardan biri  Ibn Kasirni Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilgan mufassir deb hisoblashi ko‘pchilikka ma’lum[17]. Bu fikrni qo‘llab-quvvatlagan holda alloma Abu Bakr Roziyning Qur’on bilan Qur’oni tafsirlash usulidan foydalanishda mufassir Ibn Kasirdan qolishmasligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Agar Abu Bakr Roziyning Ibn Kasirdan to‘rt asr oldin yashab o‘tganini ham inobatga oladigan bo‘lsak, Abu Bakr Roziy  Qur’oni karimni tafsir qilishda bu usulni qo‘llagan ilk mufassirlardan biri degan xulosaga kelish o‘rinli bo‘ladi.

Burhoniddin AHMЕDOV,

tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

100 ta sirli ibora

08.04.2025   3302   5 min.
100 ta sirli ibora

100 ta SIR-ASRORLI IBORA

yoxud

ODAMLAR BILAN

MULOQOT (oila, uy, ishxona, jamoat joylari) DAGI

100 ta “SЕHRLI SO‘Z”ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

 

         (1-qism)

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA

XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:

 

  1. “...Odamlarga shirinso‘z bo‘ling!” (Baqara surasi 2/83 oyat).

 

  1. “Allohning rahmati sababli Siz, ey, Muhammad, sahobalarga muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, gunohlari uchun kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!” (Oli Imron surasi 3/159 oyat).

 

  1. “Ey, Muso! Siz o‘zingiz va birodaringiz Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u «Men – xudoman», deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa (Toho surasi 20/42-44 oyatlar).

 

 

JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ

RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:

 

  • «Yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin so‘z bilan!»;
  • «Haq bo‘la turib, janjalni tark etgan kishiga Jannat yonidagi bir uyga kafilman! Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga Jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman! Go‘zal xulqli kishiga Jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
  • «Mo‘minlarning imoni eng mukammali – xulqi go‘zal bo‘lganlaridir» (Imom Termiziy rivoyatlari);
  • «Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir»;
  • «Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan» (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
  • «Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytish – sadaqadir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);
  • «Qo‘shnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yomon odamsiz»;
  • «Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning o‘rtasini isloh qilishdir» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);   
  • «Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur»;
  • «Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin!» (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyatlari);
  • «Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi»;
  • «Kimiki biror mo‘min kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, go‘yo tirigicha ko‘milgan go‘dakni tiriltirganchalik savobga ega bo‘lur» (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
  • «Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi»;
  • «Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur»;
  • «Qaysi kishi o‘zganing aybini ko‘rib, uni yashirsa, xuddi tiriklay ko‘milgan qizni qabridan qutqargan kabi bo‘ladi» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
  • «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan?” – deydi»;
  • «Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi»;
  • «Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering!» (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);
  • «Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar – to‘g‘ri yo‘l topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon bo‘lasizlar»;
  • «Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi»;
  • «Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi»;
  • «Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz»;
  • «Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak»;
  • «Butun umr ezgulikni tilanglar!»;
  • «Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati ko‘p tekkanidir»;
  • «Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi» (Imom Muslim rivoyatlari);
  • «Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin»
  • «Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi»;
  • «Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi» (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
  • «Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar»;
  • «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha, mo‘min bo‘la olmaydi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

                    

(1 – qism tugadi. Davomi bor...).

Ibrohimjon domla Inomov

 

Ibratli hikoyalar