Farzand – Alloh taolo bizga bergan ulug‘ ne’matlaridan biri, hayotimiz ma’nosi, qalbimiz quvonchi. Vazifamiz ularni yaxshi tarbiyalash, yomonliklardan asrashdir. Ularning saodati biz bu vazifani qanday ado etishimizga bog‘liq. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar, sizlar o‘zlaringizni va ahli-oilalaringizni o‘tini odamlar va toshlar bo‘lgan do‘zaxdan saqlangiz. U (do‘zax) ustida qattiqdil va qattiqqo‘l, Alloh o‘zlariga buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat o‘zlariga buyurilgan narsani qiladigan farishtalar turar” (Tahrim, 6).
Ushbu oyat tushganida hazrat Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh, o‘zimizni do‘zaxdan saqlaymiz, bu tushunarli. Ammo ahli oila va farzandlarimizni qanday saqlay olamiz?” deb so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh sizni qaytargan narsalardan ularni ham qaytarasiz va Alloh sizga buyurgan ishlarga ularni ham undaysiz. Shu yo‘l bilan ularni do‘zaxdan saqlagan bo‘lasiz”, deb javob berganlar (Qurtubiy tafsiridan).
Bola tarbiyani dastlab oilada oladi. Kattalarning butun xatti-harakatlarini xuddi suratga olgandek ongiga joylab, ulg‘aygach, ularni hayotiga tatbiq etadi. Axloqi yomon bolalar asosan muhiti sog‘lom bo‘lmagan oiladan chiqishi ma’lum. “Bugungi o‘g‘ri, firibgar va xulqi yomon kimsalar kecha tarbiyasiga e’tibor berilmagan bolalardir!” degan edi Abdulla Avloniy.
Oiladagi tarbiyadan tashqari, bolalarimizning ko‘cha-ko‘yda yurish-turishlariga va kimlar bilan aloqa qilayotganiga ham alohida ahamiyat berishimiz kerak. Yoshlarning ichkilikbozlik, giyohvand moddalar iste’mol qilish va axloqsiz, ko‘ngilochar maskanlarda tentirab yurishlari kabi milliy va diniy qadriyatlarimizga mutlaqo zid, zararli illatlarga chalinishlari bizning beparvoligimizdan boshlanishini unutmaylik.
Menimcha, faqat ota-onasini yo‘qotgan emas, balki qarovsiz qolgan, tarbiyasiga birov ahamiyat bermagan bola ham yetim hisoblanadi. Kelajagimiz bo‘lgan bolalarimiz tarbiyasiga katta ahamiyat berishimiz, ularning yuksak axloqiy qadriyatlar, milliy va diniy an’analarimizga sodiq bo‘lishlariga g‘ayrat qilishimiz lozim. Payg‘ambarimizning “Ota o‘z farzandiga chiroyli tarbiyadan yaxshiroq meros qoldirolmaydi” (Termiziy rivoyati), degan hadisi sharifini yodimizdan chiqarmaylik.
“Hidoyat” jurnalidan
O‘MI Matbuot xizmati
وحدثنا محمد بن علي أبو جعفر نا عبيد الله بن محمد التيمي نا عبد الرحمن نا طلحة بن يحيى عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: دخلت على رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم وفي يده سفرجلة فألقاها إلي أو قال: رمى بها إلي وقال: دونكها يا أبا محمد فإنها تجم الفؤاد.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning huzurlariga kirdim. U zotning qo‘llarida bir behi bor edi. Uni menga tashlab [yoki menga otib]: “Ol, senga, ey Abu Muhammad, chunki u yurakni baquvvat qiladi”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD