Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir», deganlar.
Boisi iymon keltirish uchun ham ilm kerak. Musulmon bo‘lish uchun ham ilm kerak. Niyat qilish uchun ham ilm kerak. Ixlos qilish uchun ham ilm kerak. Ibodat qilish uchun ham ilm kerak. Allohning roziligini topish uchun ham albatta, ilm kerak. Do‘zaxdan qutulib, jannatga kirish uchun ham ilm kerak. Xuddi oila qurish uchun ham ilm kerak bo‘lgani kabi bu dunyo saodatini topish uchun ham ilm kerak, oxirat saodatini topish uchun ham ilm kerak.
Islom dinichalik ilmni ulug‘lagan din, tuzum yoki falsafa yo‘q. Har bir shaxsga ilm talab etishni farz qilish faqat Islomda bor, xolos. Qur’oni karimda ilm va ulamolar eng oliy maqomga qo‘yilgan. Hadisi sharifda ham ilm, uni talab qilish, ulamolar haqida ko‘plab ma’lumotlar kelgan. Bularning hammasini jamlab, Islomning ilmga bo‘lgan munosabati haqida tasavvur va shunga yarasha ahkomlar chiqarilgan. Musulmonlar o‘z hayotlarida Qur’on va sunnat ta’limotlariga amal qilib yashagan paytlarida ilm nurini butun olamga tarqatganlar. Yoshu qari, erkagu ayol beshikdan to qabrgacha ilm talab qilish o‘zi uchun farz ekanini to‘la his qilgan holda umr bo‘yi o‘zini tolibi ilm hisoblab yashagan.
Ayrim din dushmanlari ayyuhannos solganidek, Islom hech qachon ilmga qarshi bo‘lmagan, balki jaholatga qarshi bo‘lgan. Agar ba’zi bir kavniy va tabiiy ilm ulamolari tazyiqqa uchragan, azoblangan va o‘ldirilgan bo‘lsa, boshqa din vakillari tomonidan qilingan. Islomning bunga hech qanday aloqasi yo‘q. Hozirgi Ispaniya, Portugaliya va ularga qo‘shni davlatlarning ba’zi hududlarida sakkiz yuz yilga yaqin davr maboynida Andalusiya nomli Islom davlati hukm surgan. Bu davlatda ilm-fan, madaniyat gullab-yashnagan. Musulmonlarning turli ilmiy o‘quv yurtlarida boshqa dinlarga mansub kishilar ham bemalol ta’lim olgan, ilmiy tajribalarda ishtirok etgan. Aslida hozirgi ilmiy taraqqiyotning har bir sohasi avvalida musulmon olimlari turgan. Bu haligacha odamlardan yashirib kelinadi. Islom – ilm dini ekanini faqat johillar inkor qilishi mumkin. Shunday ekan, ilmga rag‘batsizlik, undan yuz o‘girishning oqibati ham yomon bo‘ladi.
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda odamlar bilan o‘tirgan edilar. Birdan uch kishi kirib keldi. Ulardan ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Bittasi qaytdi. Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib to‘xtadilar. Ulardan biri halqadan bo‘sh joy topib, o‘sha yerga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaga o‘tirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi. Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib to‘xtadilar. Ulardan biri halqadan bo‘sh joy topib, o‘sha yerga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaga o‘tirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forig‘ bo‘lganlaridan keyin Sizlarga haligi uch nafarning xabarini beraymi? Ulardan biri Allohdan boshpana so‘radi. Alloh unga boshpana berdi. Boshqasi esa hayo qildi. Bas, Alloh ham undan hayo qildi. Yana boshqa biri yuz o‘girdi. Alloh ham undan yuz o‘girdi”.
Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan ilmiy suhbat qurib o‘ltirgan masjidga uch kishi kirib keldi.
«Ulardan ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Bittasi qaytdi». O‘sha uch kishidan ikkitasining ilmga rag‘bati bor ekan, ilmiy suhbatdan foydalanmoqchi bo‘lib, ilm manbasi bo‘lmish zot Rasuli akrom sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Uchinchi kishining ilmga rag‘bati yo‘q ekan, ilmiy suhbat bo‘layotganini ko‘rib, ortga qaytdi.
«Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib to‘xtadilar. Ulardan biri halqadan bo‘sh joy topib, o‘sha yerga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaga o‘tirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi».
Ya’ni, haligi uch kishidan ilmga qiziqqan ikkitasi borib, Rasulullohning tepalariga to‘xtadi. Ilmiy suhbatga quloq osishga joy axtardi. Ulardan biri ilmiy suhbat uchun halqa qurib o‘tirgan sahobalar orasidan bo‘sh joyni topib o‘tirdi. Ikkinchisi hayoli odam ekan, halqadagilarning orqasiga kelib joylashdi. Uchinchi ilmga umuman qiziqmaydigan odam esa, burilib masjiddan chiqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa ilmiy suhbatni davom ettiraverdilar.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forig‘ bo‘lganlaridan keyin»,
Ya’ni, ilmiy suhbatni tugatganlaridan so‘ng: «Sizlarga haligi uch nafarning xabarini beraymi?» dedilar. Va ular haqida xabar berishni boshladilar. «Ulardan biri Allohdan boshpana so‘radi. Alloh unga boshpana berdi». Bu halqadan bo‘sh joy topib o‘tirgan odam. Odatda zulmga, tazyiqqa uchragan, xavf-xatarda qolgan odam boshpana so‘raydi. Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ilm halqasiga kelib o‘tirgan odamni Allohdan boshpana so‘radi, deb aytishlari ulkan ma’no kasb etmoqda. Ilmga oshno odam jaholat, ongsizlik zulmidan, tazyiqidan va ulardan keladigan xavf-xatardan Allohning panohiga qochganini anglatmoqda. Bunday balo-ofatdan qutulib qolishning birdan-bir yo‘li ilm yo‘li ekani, ilm orqaligina Alloh taoloning boshpanasiga sazovor bo‘lish mumkinligi ma’lum bo‘lmoqda. Ilm talab qilishga bunchalik targ‘ib hech qayerda yo‘q.
«Boshqasi esa hayo qildi. Bas, Alloh ham undan hayo qildi». Bu halqaning orqasiga borib o‘tirgan odam. U o‘zini odamlar orasiga urishdan hayo qildi. Shuning uchun Alloh taolo ham uni savobsiz qoldirishdan hayo qildi. Unga o‘ziga yarasha muomala qildi.
«Yana boshqa biri yuz o‘girdi. Alloh ham undan yuz o‘girdi». Bu ilmiy majlisdan yuz o‘girib chiqib ketgan odam. Hadisda uning ilmdan yuz o‘girishi Allohdan yuz o‘girishga tenglashtirilmoqda. Shuning uchun ham undan Alloh yuz o‘girgani bayon qilinmoqda.
Ushbu hadisi sharifda ilmiy majlisda ixlos bilan ishtirok etgan odam Alloh taoloning boshpanasiga sazovor bo‘lishi, ilmdan qochishdan hayo qilgan odamni iqob qilishga Alloh taoloning ham hayo qilishi, ilmdan yuz o‘girgan odamdan Alloh ham yuz o‘girishi;
Endi hadisi sharif hikmatidan hayotimizda qanchalik foyda olayotganimizni o‘ylaylik. Bugun ilmu ma’rifat qadrlimi, molu dunyo, mansab va shunga o‘xshash o‘tkinchi narsalarmi?
Hozirgi hayotimizda ilm halqasiga o‘zini urgan qadrlimi yoki so‘mu dollarlar «halqa»siga o‘zini urgan qadrlimi? Ilmdan yuz o‘girgan odamni Allohdan yuz o‘girgan odamdek qoralay olamizmi? Bu va bunga o‘xshash savollarga ushbu hadisi sharif ruhida ijobiy javob berishimiz juda mushkul. Chunki hayotda ne-ne tolibi ilmlar Alloh ularni o‘z marhamati ila yo‘llab qo‘ygan ilm dargohlaridan, ilm maskanlaridan yuz o‘girib ketadilar. Dunyoning arzimas matosi, o‘tkinchi tashvishlari ila o‘qishni tashlamoqchi bo‘ladilar.
Bir o‘quvchim o‘qishni tashlamoqchi ekanini, oilasi nochor qolib, o‘zi ro‘zg‘or tebratmoqchi ekanini aytib qoldi. Uzoq o‘yladim. Bu yigit ilmga o‘zini ursa, oilasi och qolsa... Yo‘q! Ilm o‘rganib inson och qolmaydi, balki Alloh rahmati ila rizqi ham o‘ylamagan tarafdan kelaveradi. Unga Abu Hanifa rahimahullohning shogirdlari Abu Yusuf ilm halqasini oilasi deya tark etmoqchi bo‘lgani, ammo ustozi bunga qarshilik qilganini aytib, yana darsga qaytishini qattiq tayinladim. Ming shukr, u biroz qiynalsa-da ilm oldi, olim bo‘ldi, hayoti go‘zal bo‘ldi.
Yana bir o‘quvchim institutni tashlamoqchiligini, dinga keraksiz inson bo‘lib o‘qishni tamomlash niyati yo‘qligini, baribir eplab ketolmasligini aytib hasrat qilib qoldi. Uzoq o‘yladim, mulohaza qildim. Haqiqatda ilmni xohlamaganga berish – uni zoye qilish, deyilgan. Chala mulla din buzar degan gap ham bor... Yaxshilab surishtirsam, o‘sha yigitni o‘zi yoqtirgan qizi bo‘lib, qiz taraf yigitning sovchilariga rad javobi berishibti. Xullas, yigit qiz tarafni ko‘ndira olmabdi. Shuni alamida o‘qishni tashlab ketmoqchi bo‘libdi. Qattiq achchiqlandim. Uni xonamga chaqirib rosa urishdim, nasihat qildim. Agar ilmdan voz kechib ketsa nima topib, nimalar yo‘qotishini tushuntirdim. Bundan tashqari bir qiz uchun ikki olam saodati, jannat kaliti bo‘lmish ilmni tashlash ulkan gunohligini uqtirdim. Talabam o‘ziga keldi shekilli, yuzida pushaymonlik belgilari sezildi, ko‘zi yoshlandi. Qilgan ishiga tavba qilib, yana darslarga qaytdi.
Yaxshilab mulohaza qilsak ilmdan yuz o‘girish jami yaxshilikdan yuz o‘girish demakdir. Ilmni ba’zi sabablarga ko‘ra tashlab ketmoqchi bo‘lganlarning aksariyati majburlikdan, oila boqolmasligi, xotirasi sustligi emas, qalblaridagi dunyoga bo‘lgan maxfiy shahvatdandir. Negaki, ilm olish, uni o‘rganish, o‘rganganlarini takrorlash, yodda saqlash, unga amal qilish juda ham mushkul ish bo‘lganidan, ko‘p tolibi ilmlar oila qurib yoxud o‘zini savdo-sotiqqa urib, ilm mashaqqatiga toqat qilomaydilar. Oson yo‘llarni tanlab ketadilar.
Agar e’tibor berilsa, talaba ilm dargohida yurganida farishtasifat, beozor, odob axloqli, jiddu jahd sohibi bo‘lib yuradi. Ammo ilmdan uzoqlashgani sari, oila tashvishlariga ko‘milib borgani sari, ilmga qiziqmaydigan, va’z-nasihat kor qilmaydigan, halol-haromga e’tiborsiz bo‘lib qoladi. Bora-bora namozni ham tark qiladi. To‘g‘ri hamma ham shunday emas, lekin shu kabi insonlar oramizda borligi ayni haqiqat. Buning asosiy sababi isnonni ilmdan uzoq bo‘lishi, ilm majlislariga qatnashmasligi, nasihat, ma’ruzalarga quloq osmasligidir. Hadisi sharifda inson yo ilm beruvchi yoki ilm o‘rganuvchi yoxud ularga muhabbatli bo‘lishi zikr qilingan. Bundan boshqa toifa bo‘lishdan qaytarilgan.
Xulosa qilish mumkinki, inson qay makonda, qay manzilda, qay sohada bo‘lmasin, ilm o‘rganishi, kitob mutolaa qilishi, agar vaqti yetmasa ahli ilmlarga aralashib yurishi, va’z- nasihatlarga amal qilib borishi kerak.
Faxriddin Muhammad Nosir
Toshkent islom instituti tillar kafedrasi mudiri
O‘MI Matbuot xizmati
Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.
Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.
Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, der edilar (Imom Muslim rivoyati).
Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.
Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.
Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.
Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.
Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.
Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.
Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.
Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.
Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.
Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
— Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.
— Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.
Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.
Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:
“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.
Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.
Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.