Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyul, 2025   |   18 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:33
Bismillah
13 Iyul, 2025, 18 Muharram, 1447

O‘qituvchi o‘ylari: ilmdan yuz o‘girishning oqibatlari

11.01.2018   6931   10 min.
O‘qituvchi o‘ylari: ilmdan yuz o‘girishning oqibatlari

Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir», deganlar.

Boisi iymon keltirish uchun ham ilm kerak. Musulmon bo‘lish uchun ham ilm kerak. Niyat qilish uchun ham ilm kerak. Ixlos qilish uchun ham ilm kerak. Ibodat qilish uchun ham ilm kerak. Allohning roziligini topish uchun ham albatta, ilm kerak. Do‘zaxdan qutulib, jannatga kirish uchun ham ilm kerak. Xuddi oila qurish uchun ham ilm kerak bo‘lgani kabi bu dunyo saodatini topish uchun ham ilm kerak, oxirat saodatini topish uchun ham ilm kerak.

Islom dinichalik ilmni ulug‘lagan din, tuzum yoki falsafa yo‘q. Har bir shaxsga ilm talab etishni farz qilish faqat Islomda bor, xolos. Qur’oni karimda ilm va ulamolar eng oliy maqomga qo‘yilgan. Hadisi sharifda ham ilm, uni talab qilish, ulamolar haqida ko‘plab ma’lumotlar kelgan. Bularning hammasini jamlab, Islomning ilmga bo‘lgan munosabati haqida tasavvur va shunga yarasha ahkomlar chiqarilgan. Musulmonlar o‘z hayotlarida Qur’on va sunnat ta’limotlariga amal qilib yashagan paytlarida ilm nurini butun olamga tarqatganlar. Yoshu qari, erkagu ayol beshikdan to qabrgacha ilm talab qilish o‘zi uchun farz ekanini to‘la his qilgan holda umr bo‘yi o‘zini tolibi ilm hisoblab yashagan.

Ayrim din dushmanlari ayyuhannos solganidek, Islom hech qachon ilmga qarshi bo‘lmagan, balki jaholatga qarshi bo‘lgan. Agar ba’zi bir kavniy va tabiiy ilm ulamolari tazyiqqa uchragan, azoblangan va o‘ldirilgan bo‘lsa, boshqa din vakillari tomonidan qilingan. Islomning bunga hech qanday aloqasi yo‘q. Hozirgi Ispaniya, Portugaliya va ularga qo‘shni davlatlarning ba’zi hududlarida sakkiz yuz yilga yaqin davr maboynida Andalusiya nomli Islom davlati hukm surgan. Bu davlatda ilm-fan, madaniyat gullab-yashnagan. Musulmonlarning turli ilmiy o‘quv yurtlarida boshqa dinlarga mansub kishilar ham bemalol ta’lim olgan, ilmiy tajribalarda ishtirok etgan. Aslida hozirgi ilmiy taraqqiyotning har bir sohasi avvalida musulmon olimlari turgan. Bu haligacha odamlardan yashirib kelinadi. Islom – ilm dini ekanini faqat johillar inkor qilishi mumkin. Shunday ekan, ilmga rag‘batsizlik, undan yuz o‘girishning oqibati ham yomon bo‘ladi.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda odamlar bilan o‘tirgan edilar. Birdan uch kishi kirib keldi. Ulardan ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Bittasi qaytdi. Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib to‘xtadilar. Ulardan biri halqadan bo‘sh joy topib, o‘sha yerga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaga o‘tirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi. Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib to‘xtadilar. Ulardan biri halqadan bo‘sh joy topib, o‘sha yerga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaga o‘tirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forig‘ bo‘lganlaridan keyin Sizlarga haligi uch nafarning xabarini beraymi? Ulardan biri Allohdan boshpana so‘radi. Alloh unga boshpana berdi. Boshqasi esa hayo qildi. Bas, Alloh ham undan hayo qildi. Yana boshqa biri yuz o‘girdi. Alloh ham undan yuz o‘girdi”.

Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan ilmiy suhbat qurib o‘ltirgan masjidga uch kishi kirib keldi.

«Ulardan ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Bittasi qaytdi». O‘sha uch kishidan ikkitasining ilmga rag‘bati bor ekan, ilmiy suhbatdan foydalanmoqchi bo‘lib, ilm manbasi bo‘lmish zot Rasuli akrom sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Uchinchi kishining ilmga rag‘bati yo‘q ekan, ilmiy suhbat bo‘layotganini ko‘rib, ortga qaytdi.

«Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib to‘xtadilar. Ulardan biri halqadan bo‘sh joy topib, o‘sha yerga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaga o‘tirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi».

Ya’ni, haligi uch kishidan ilmga qiziqqan ikkitasi borib, Rasulullohning tepalariga to‘xtadi. Ilmiy suhbatga quloq osishga joy axtardi. Ulardan biri ilmiy suhbat uchun halqa qurib o‘tirgan sahobalar orasidan bo‘sh joyni topib o‘tirdi. Ikkinchisi hayoli odam ekan, halqadagilarning orqasiga kelib joylashdi. Uchinchi ilmga umuman qiziqmaydigan odam esa, burilib masjiddan chiqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa ilmiy suhbatni davom ettiraverdilar.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forig‘ bo‘lganlaridan keyin»,

Ya’ni, ilmiy suhbatni tugatganlaridan so‘ng: «Sizlarga haligi uch nafarning xabarini beraymi?» dedilar. Va ular haqida xabar berishni boshladilar. «Ulardan biri Allohdan boshpana so‘radi. Alloh unga boshpana berdi». Bu halqadan bo‘sh joy topib o‘tirgan odam. Odatda zulmga, tazyiqqa uchragan, xavf-xatarda qolgan odam boshpana so‘raydi. Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ilm halqasiga kelib o‘tirgan odamni Allohdan boshpana so‘radi, deb aytishlari ulkan ma’no kasb etmoqda. Ilmga oshno odam jaholat, ongsizlik zulmidan, tazyiqidan va ulardan keladigan xavf-xatardan Allohning panohiga qochganini anglatmoqda. Bunday balo-ofatdan qutulib qolishning birdan-bir yo‘li ilm yo‘li ekani, ilm orqaligina Alloh taoloning boshpanasiga sazovor bo‘lish mumkinligi ma’lum bo‘lmoqda. Ilm talab qilishga bunchalik targ‘ib hech qayerda yo‘q.

«Boshqasi esa hayo qildi. Bas, Alloh ham undan hayo qildi». Bu halqaning orqasiga borib o‘tirgan odam. U o‘zini odamlar orasiga urishdan hayo qildi. Shuning uchun Alloh taolo ham uni savobsiz qoldirishdan hayo qildi. Unga o‘ziga yarasha muomala qildi.

 «Yana boshqa biri yuz o‘girdi. Alloh ham undan yuz o‘girdi». Bu ilmiy majlisdan yuz o‘girib chiqib ketgan odam. Hadisda uning ilmdan yuz o‘girishi Allohdan yuz o‘girishga tenglashtirilmoqda. Shuning uchun ham undan Alloh yuz o‘girgani bayon qilinmoqda.

Ushbu hadisi sharifda ilmiy majlisda ixlos bilan ishtirok etgan odam Alloh taoloning boshpanasiga sazovor bo‘lishi, ilmdan qochishdan hayo qilgan odamni iqob qilishga Alloh taoloning ham hayo qilishi, ilmdan yuz o‘girgan odamdan Alloh ham yuz o‘girishi;

Endi hadisi sharif hikmatidan hayotimizda qanchalik foyda olayotganimizni o‘ylaylik. Bugun ilmu ma’rifat qadrlimi, molu dunyo, mansab va shunga o‘xshash o‘tkinchi narsalarmi?

Hozirgi hayotimizda ilm halqasiga o‘zini urgan qadrlimi yoki so‘mu dollarlar «halqa»siga o‘zini urgan qadrlimi? Ilmdan yuz o‘girgan odamni Allohdan yuz o‘girgan odamdek qoralay olamizmi? Bu va bunga o‘xshash savollarga ushbu hadisi sharif ruhida ijobiy javob berishimiz juda mushkul. Chunki hayotda ne-ne tolibi ilmlar Alloh ularni o‘z marhamati ila yo‘llab qo‘ygan ilm dargohlaridan, ilm maskanlaridan yuz o‘girib ketadilar. Dunyoning arzimas matosi, o‘tkinchi tashvishlari ila o‘qishni tashlamoqchi bo‘ladilar.

Bir o‘quvchim o‘qishni tashlamoqchi ekanini, oilasi nochor qolib, o‘zi ro‘zg‘or tebratmoqchi ekanini aytib qoldi. Uzoq o‘yladim. Bu yigit ilmga o‘zini ursa, oilasi och qolsa... Yo‘q! Ilm o‘rganib inson och qolmaydi, balki Alloh rahmati ila rizqi ham o‘ylamagan tarafdan kelaveradi. Unga Abu Hanifa rahimahullohning shogirdlari Abu Yusuf ilm halqasini oilasi deya tark etmoqchi bo‘lgani, ammo ustozi bunga qarshilik qilganini aytib, yana darsga qaytishini qattiq tayinladim. Ming shukr, u biroz qiynalsa-da ilm oldi, olim bo‘ldi, hayoti go‘zal bo‘ldi.

Yana bir o‘quvchim institutni tashlamoqchiligini, dinga keraksiz inson bo‘lib o‘qishni tamomlash niyati yo‘qligini, baribir eplab ketolmasligini aytib hasrat qilib qoldi. Uzoq o‘yladim, mulohaza qildim. Haqiqatda ilmni xohlamaganga berish – uni zoye qilish, deyilgan. Chala mulla din buzar degan gap ham bor... Yaxshilab surishtirsam, o‘sha yigitni o‘zi yoqtirgan qizi bo‘lib, qiz taraf yigitning sovchilariga rad javobi berishibti. Xullas, yigit qiz tarafni ko‘ndira olmabdi. Shuni alamida o‘qishni tashlab ketmoqchi bo‘libdi. Qattiq achchiqlandim. Uni xonamga chaqirib rosa urishdim, nasihat qildim. Agar ilmdan voz kechib ketsa nima topib, nimalar yo‘qotishini tushuntirdim. Bundan tashqari bir qiz uchun ikki olam saodati, jannat kaliti bo‘lmish ilmni tashlash ulkan gunohligini uqtirdim. Talabam o‘ziga keldi shekilli, yuzida pushaymonlik belgilari sezildi, ko‘zi yoshlandi. Qilgan ishiga tavba qilib, yana darslarga qaytdi.

Yaxshilab mulohaza qilsak ilmdan yuz o‘girish jami yaxshilikdan yuz o‘girish demakdir. Ilmni ba’zi sabablarga ko‘ra tashlab ketmoqchi  bo‘lganlarning aksariyati majburlikdan, oila boqolmasligi, xotirasi sustligi emas, qalblaridagi dunyoga bo‘lgan maxfiy shahvatdandir. Negaki, ilm olish, uni o‘rganish, o‘rganganlarini takrorlash, yodda saqlash, unga amal qilish juda ham mushkul ish bo‘lganidan, ko‘p tolibi ilmlar oila qurib yoxud o‘zini savdo-sotiqqa urib, ilm mashaqqatiga toqat qilomaydilar. Oson yo‘llarni tanlab ketadilar.

Agar e’tibor berilsa, talaba ilm dargohida yurganida farishtasifat, beozor, odob axloqli, jiddu jahd sohibi bo‘lib yuradi. Ammo ilmdan uzoqlashgani sari, oila tashvishlariga ko‘milib borgani sari, ilmga qiziqmaydigan, va’z-nasihat kor qilmaydigan, halol-haromga e’tiborsiz bo‘lib qoladi. Bora-bora namozni ham tark qiladi. To‘g‘ri hamma ham shunday emas, lekin shu kabi insonlar oramizda borligi ayni haqiqat. Buning asosiy sababi isnonni ilmdan uzoq bo‘lishi, ilm majlislariga qatnashmasligi, nasihat, ma’ruzalarga quloq osmasligidir. Hadisi sharifda inson yo ilm beruvchi yoki ilm o‘rganuvchi yoxud ularga muhabbatli bo‘lishi zikr qilingan. Bundan boshqa toifa bo‘lishdan qaytarilgan.

Xulosa qilish mumkinki, inson qay makonda, qay manzilda, qay sohada bo‘lmasin, ilm o‘rganishi, kitob mutolaa qilishi, agar vaqti yetmasa ahli ilmlarga aralashib yurishi, va’z- nasihatlarga amal qilib borishi kerak.

Faxriddin Muhammad Nosir

Toshkent islom instituti tillar kafedrasi mudiri

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’oni karimni 82 yil qalbdida saqlagan olim

11.07.2025   6374   3 min.
Qur’oni karimni 82 yil qalbdida saqlagan olim

Xotira

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Qur’oni Karim xodimi, ustoz Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi.

1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi.

1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome’ masjidida imom-xatiblik qildi.

1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi.

1995-2011 yillar shu tumandagi «Hasanboy ota» jome’ masjidida imom xatib, keyinchalik shu masjidda imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritdi.

Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onasidan oldi. 13 yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Shuningdek, ustozlari Abduhalil va Abdunodir domlalardan ham ta’lim olgan.

1954 yil Yahyo qorini olim bo‘lishini istagan otasi 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldi,

1960 yilda madrasani tamomlab, domla Shohimardonning yonida mudarris  bo‘lib ishladi. Biroq shu yilning o‘zida ustozining maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdi.

1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdi.

1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldi. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladi. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.

1976 yilda shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon bilan tanishdi. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdi. Shu tariqa imomlik faoliyati boshlandi.

Farzandim qori bo‘lsin degan ota-onalar uchun ustoz Yahyo qoridan tavsiya:

— Ilm ahliga havas qilgan, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalarga aytadigan birinchi tavsiyam luqmasini halol qilsin. Haromga yaqinlashmasin, halol narsani ham me’yorida iste’mol qilsin. Shuningdek, farzandini ham halol luqma bilan voyaga yetkazsin, tarbiyalasin. Domlalarimiz ko‘cha-kuyda taom iste’mol qilganimizni bilib qolsalar, qattiq ranjib, bizni koyib: «Sen kecha Qur’ondan bir betni yuz marotaba o‘qib yodlagan bo‘lsang, bugun ikki yuz marotaba o‘qisang ham yodlay olmaysan. Shubhali ovqat yemagin. Zehning zaiflashib qoladi», der edilar.

Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi», degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.