Allohni zikr qilish nafsga eng qiyin, lekin ajri eng ulug‘ bo‘lgan amal hisoblanadi. U qalbni sayqallashtiradi, mo‘minni kufr va nifoqdan ajratib turadi. Zikr ibodatning iligi va najot kalitidir. Zikrning sunnatlaridan biri maxfiylikdir. Zero, maxfiy zikrning fazli jahriysiga qaraganda yetmish marta ko‘p bo‘ladi. Bu quyidagi dalillarda o‘z isbotini topgan:
Birinchidan, maxfiy zikrning afzalligiga oyatda ishora bor: “Robbingizga tazarru va maxfiylik bilan duo qiling”.
Ikkinchidan, hadislarda maxfiy zikr maqtalgan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zikrning eng yaxshisi maxfiysidir”, deganlar. Abu Muso Ash’ariy rahmatullohu alayh shunday rivoyat qiladi: “Xaybar g‘azotidan qaytayotib, bir vodiyda to‘xtadik. Shunda odamlar ovozlarini baland ko‘tarib takbir ayta boshlashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey insonlar, o‘zingizga erk bermanglar, albatta, sizlar kar va g‘oyib zotga duo qilmayapsizlar. Sizlar o‘ta eshituvchi va o‘ta yaqin Zotga duo qilyapsizlar”, dedilar.
Uchinchidan, sahobiylar ham maxfiy zikrni afzal ko‘rishgan. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu masjidga kirsa odamlar baland ovozda tahlil aytayotgan ekan. Shunda Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Sizlar bid’atchilarning ishini qilmoqdasizlar”, deb, ularni masjiddan chiqarib yubordi.
To‘rtinchidan, maxfiy zikr riyodan uzoq va xoli bo‘lib, uning samarasi va foydasi jahriy zikrnikidan ko‘ra ko‘proq va tezroq hosil bo‘ladi. Maxfiy zikr Alloh bilan bandasi orasidagi sir bo‘lib, uning ajrini Allohning o‘zi beradi. Jahriy zikrda esa riyoning xavfi kuchliroq bo‘ladi.
Beshinchidan, maxfiy zikr o‘zidan hushbo‘y hid yoki nur taratadi. Zero, maxfiy zikr qilgan odamning nafasi tavhid bilan chiqadi va xushbo‘y mushk bo‘lib taraladi. Manbalarning guvohlik berishicha, aksariyat tasavvuf pirlari qayerga borsalar, o‘sha yerda mushkning hidi anqib ketar ekan. Hatto shunday karomatlar ham ko‘rsatishganki, tariqat pirlarining olgan nafaslari nur bo‘lib ko‘rinib turgan. Bu maxfiy zikrning samarasidir. Farishtalar ham maxfiy zikrni nomai amolga ushbu xushbo‘y hid yoki nurning taralishiga qarab yozib borishadi. Jahriy zikrning har bir harfiga yaxshilik yozilsa, maxfiy zikrning nuri yoki hushbyo‘ hidining har bir zarrasiga savob yoziladi.
Oltinchidan, maxfiy zikr kasb bilan shug‘ullanishga ham xalal bermaydi. Chunki u qalbda kechadigan jarayon bo‘lib, boshqa a’zolarning harakatiga nuqson yetkazmaydi. Alloh taolo Jum’a surasida shunday marhamat qiladi: “Bas, agar namoz tugasa, (namozni o‘qib bo‘lgach) yer yuziga tarqalinglar va Allohning fazlidan (rizqu ro‘z) istanglar hamda Allohni ko‘p zikr qilinglar! Shoyad najot topursizlar!” Oyatda kasb bilan shug‘ullanish asnosida Allohni ham zikr qilishga targ‘ib qilinmoqda. Ya’ni, bir so‘z bilan aytganda, Naqshbandiya tariqatining “Dast ba koru dil ba Yor” (“Qo‘l ish bilan, dil Yor – Alloh bilan mashg‘ul”) ta’limoti aynan shu oyatning samarasidir. Jahriy zikrning bu borada imkoniyatlari nisbatan kamroq. Chunki jahriy zikrlar orasida shundaylari borki, vaziyatga, atrofdagi odamlarga va boshqa shu kabi omillarga qarab bajariladi yoki tark qilinadi. Masalan, uxlab yotgan yoki biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib turgan odamning oldida Qur’on tilovatini jahriy qilish aksar faqihlarimizning fikricha makruh hisoblanadi. Lekin bu o‘rinlarda maxfiy tilovat qilishga ruxsat berilgan.
Yuqoridagi mulohazalardan jahriy zikr mutlaqo mumkin emas, degan xulosaga kelish noo‘rin. Shunday vaziyatlar borki, maxfiy zikrdan ko‘ra jahriysi afzal bo‘lib qoladi. Masalan, zikrni qalbga mustahkam joylashtirish, atrofdagilarni ham savobga doxil qilish, tariqat ustozi shogirdining holatini hisobga olib vazifa berishi, qiyomatda o‘zining foydasiga guvohlarni ko‘paytirishda va boshqa shu kabi holatlarda niyat xolis bo‘lishi va riyodan yiroq bo‘lish sharti bilan jahriy zikr maxfiysidan afzal bo‘ladi. Allohu a’lam bis sovab.
A.MALLABOYEV,
Manbalar xazinasi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kishilik tarixini kuzatsak, kishi har bir zamon va jamiyatning salohiyati, ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanishini bilib olamiz. Musulmonlar ham Allohning buyruqlari va Uning Rasuli ko‘rsatmalariga amal qilib, ilmu irfonni o‘rgangan, ma’rifatga talpingan davrlarida qo‘llari uzun, tillari o‘tkir, martaba-maqomlari baland bo‘lgan. Aksincha, ilm-fandan yuz o‘girib, loqaydlik va tanballik tufayli jaholatga yuz burishganida qo‘llaridan nusrat, saltanat, sarvat ketgan, o‘zlari xo‘rlanishgan.
Ilm insonga nima foyda-yu, nima zarar ekanini bildiradi, kishi orzu-maqsadlariga faqat ilm orqali yetishadi. Ilmu irfondan yuz o‘girgan yoki ilm olishga layoqati past bo‘lgan jamiyat esa hamisha kimgadir yukunib yashashga mahkum bo‘ldi. Zero, Alloh taolo ham Qur’oni Karimda: «...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!» (Zumar surasi, 9-oyat) deb bu borada aniq mezonni belgilab berdi.
Azal-azaldan bu yurtning nuri butun dunyoga taralib, porlab turgani sir emas. Masalan, Imom Buxoriyni kim bilmaydi? Imom Termiziyni, imom Dorimiyni-chi? Yoki Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mu’iyn Nasafiy kabi ulug‘ zotlarni kim e’tirof etmaydi? Bu ulug‘ imomlarning ilmiy meroslari asrlar davomida ushbu zaminning buyuk tarixidan dalolat berib kelmoqda. Butun Islom olami Buxoro so‘zini eshitganda cheksiz hurmat bajo keltirishi hammamizga ma’lum. Bunday ehtirom, avvalo buyuk vatandoshimiz – Imom Buxoriy hazratlari, qolaversa, yurtimizda yetishib chiqqan ulamolar sharofatidan.
Movarounnahr diyori har bir asrda Islom olamiga buyuk allomalarni, dunyo tan olgan olimlarni yetkazib bergani tarixiy haqiqat. Masalan, hijriy II asrda atoqli fiqh olimi Abu Hafs Kabir Buxoriy va ulug‘ muhaddis Abdulloh ibn Muborak yashab o‘tishgan bo‘lsa, keyingi asr Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Abu Iyso Termiziylarning davri bo‘ldi. To‘rtinchi asrda Abu Mansur Moturidiy, beshinchi yuzyillikda Abul Mu’in Nasafiy, oltinchi asrda Abul Qosim Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Alouddin Kosoniy, yettinchi asrda Abul Barakot Nasafiy kabi ulug‘ Islom olimlari yetishib chiqdi.
Ilm-fanning boshqa sohalarini olib ko‘rsak, bu boradagi yutuqlar ham ilg‘or bo‘lgan. Masalan, Kosinuslar teoremasini birinchi bo‘lib Abu Rayhon Beruniy kashf qilgan bo‘lsa-da, olti yuz yildan keyin Ovrupada fransuz olimi Veitga nisbat berildi. Paleontologiya va sedimentologiya sohasida ilk marta tajriba o‘tkazib, bu bo‘yicha kitob ham yozgan Abu Ali ibn Sino bo‘lsa-da, Albertga «Buyuk Albert» unvoni berildi.
Birgina tibbiyot sohasida yurtimizdan chiqqan ulug‘ olim va hakim Abu Ali ibn Sinoni butun dunyo zamonaviy meditsinaning otasi deb tan olgani, uning tibbiyotga oid «Al-Qonun» kabi shoh asari XVI asrgacha G‘arbdagi barcha tibbiyot dorilfununlarida darslik qilib o‘qitilgani, zamonaviy tibbiyot juda ko‘p jabhada Ibn Sinodan o‘rganganini gapirib o‘tirmaymiz. Chunki bu dalillarni Sharqu G‘arbda hamma juda yaxshi biladi.
Ulug‘ vatandoshimiz Muso Muhammad Xorazmiy birinchi bo‘lib algebra faniga asos solgan, «algebra» istilohi uning «Al-jabr val-muqobala» risolasidan olingan, olimning nomi esa «algoritm» shaklida fanga kirgan, uning arifmetikaga oid risolasi XII asrdayoq Ispaniyada tarjima qilinib, shu asosda darslik yozilgan. Yana bir ulug‘ olimimiz Ahmad Farg‘oniy falakshunoslikning (astronomiya) otasi sanaladi, uning «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum» kitobi XII asrda Ovrupa tillariga tarjima qilinib, «Alfraganus» degan lotincha nom bilan bir necha asr mobaynida G‘arb universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Dunyoda birinchi hisoblash markazi Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek rahbarligida qurilgan. XV asrda Mirzo Ulug‘bekning mashhur rasadxonasida ishlagan G‘iyosiddin Jamshid Koshiy birinchi bo‘lib o‘nli kasrlarni kashf etgan. Ovrupada esa undan 175 yil keyin Simon Stevin bunday sonlar haqida ilk fikrlarini ommaga taqdim etdi.
Yana bir atoqli qomusiy olimimiz Abu Rayhon Beruniy Xristofor Kolumbdan ancha oldin ummon ortida noma’lum qit’a borligini aytgan, Galileydan 600 yil avval Yerning aylanishini isbotlab va izohlab bergan, birinchi globusni yasagan, Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofani o‘lchagan, konuslar teoremasini fransuz olimi Ventdan 500 yil oldin kashf etgan.
IX asrning 1-yarmida xalifa Ma’mun tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan «Bayt-ul hikma» («Bilim uyi») deb atalgan akademiyaga ham marvlik Abu Ali Yahyo ibn Mansurdan keyin Muhammad Xorazmiy rahbarlik kilgan edi. Bu davrda Xorazmiy nasabi shu darajada mashhur bo‘lib ketdiki, kimning Xorazmiy nasablik shogirdi bo‘lsa, obro‘ hisoblanar edi.
Endi shu joyda ozgina bugungi kunimizga nazar tashlaylik. Bugungi kunda ilm olish uchun hech qanday monelik yo‘q, aksincha, chorlov bor, imkoniyat bor. Ammo bizda rag‘bat yo‘q, ixlos sust, g‘ayrat-harakat yetishmayapti. Qanchalab vaqtimizni behuda amallarga, nomaqbul o‘tirishlarga, noshar’iy marosimlarga sarflab yuboryapmiz. Ilm olishga, hech bo‘lmasa, dunyo hayajon bilan voqif bo‘layotgan xabar-ma’lumotlar bilan tanishib qo‘yishga esa vaqt-imkon «topa olmayapmiz». Yaqin o‘tmishimizdagi oila dasturxoni ustida xonadon kattasining ertalab va kechqurunlari ilmiy-axloqiy mavzularda ixchamgina ma’rifiy suhbat qilgani, tojir, hunarmand va ziroatchilar uzoq qish oqshomlarida bir ustoz etagini tutib, ilm majlislari tashkil etishgani, yoshlarning ilm talabida hatto qo‘shni yurtlardagi ustozlarnikiga qatnashgani kabi holatlar bugun erish tuyuladigan bo‘lib qoldi.
Kundalik tashvishlarni bir chekkaga surib turib, o‘tmish va bugunimizni qiyoslab ko‘raylik. Kecha kim edik, kimlarning vorislarimiz degan savolni berish bilan birga unga yechimni izlaylik. Ajab emaski, shunda insoniyat tamaddunida o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish bilan bir qatorda dunyo peshqadamlariga aylansak.
Mahmud Mahkam