Abu Hasan Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil Alfarg‘oniy Almarg‘inoniy. Bu zot Xalifa Abu Bakr roziyallohu anhuning zurriyotlaridan. Imom 511 hijriy sanada 8 rajab oyining dushanba kuni asr namozidan keyin tug‘ilgan. Imom rahmatullohi alayh ilmli oilada tug‘ilib voyaga yetgan, otasi va bobosi (ona tarafdan), Umar ibn Habibdan yoshligidan fiqh, ixtilofli masalalarni o‘rgana boshlaydi. Hadis ilmini Said ibn As’ad Marg‘inoniydan ta’lim olib so‘ngra ilm talabida Marv, Buxoro, Nasaf kabi shaharlarga safarga chiqqanlar. Imom ko‘p ibodat qiluvchi, alloma, faqih, usuliy (usulul fiqh fanini mukammal biluvchi), siqa (ahli hadis nazdida ishonchli olim), edi.
Ulamoning imom haqida aytgan so‘zlari
Zar qadrini zargar biladi deganidek, o‘z davrining yetuk, ko‘zga ko‘ringan ulamolari “Faqih”, “Qozixon” nomi bilan mashhur Hasan ibn Mansur, “Itobiy” deb tanilgan Ahmad ibn Muhammad ibn Umar “Muhiyt”, “Zahira” kitoblarining muallifi Mahmud ibn Ahmad ibn Abdulazizlar imom haqida juda iliq fikrlarni bildirishgan. Ulardan alloma Anvarshoh Kashmiriy “Imomning fiqhdagi martabasiga mingta faqih yetolmaydi”, degan.
Islom olamiga “Siyar a’lam an nubala’” asari bilan tanilgan mashhur tarixchi imom Zahabiy aytadi: “Alloma, Movarounnahr olimi, Burhoniddin Abulhasan Ali ibn Abu Bakr ilmning o‘chog‘i edi, Alloh uni rahmat qilsin. Imom hanafiy mazhabida masalalarni istinbot qilishda, dalillar keltirishda ustozlaridan o‘zib ketgandi, ayniqsa, hidoya asarini yozganidan keyin”.
Ustozlari
Imom ilm olishga juda tashna edi, o‘zlari haqida shunday deydi: “Men ilmni to‘xtatmasdan, uzluksiz talab qilganim uchun sheriklarimdan o‘zib ketdim”. Ustozlari haqida “Mashoyixatul fuqaho” asarini yozgan, hanafiy mazhabidagi o‘ttizga yaqin olimlarni sanab o‘tgan edi. Ulardan ba’zilarini zikr qilamiz:
Otasi Abu Bakr ibn Abdujalil:
Bobosi Umar ibn Habib Abu Hafs qozi imom (bu kishi Imom Saraxsiyning shogirdi);
Ahmad ibn Abdurrashid ibn Husayn Qavomiddin Buxoriy;
Ahmad ibn Abdulaziz ibn Moza as-Sadr as-Sayyid (undan fiqhni o‘rgangan);
Ahmad ibn Muhammad Abu Lays Nasafiy as-Samarqandiy;
Hasan ibn Ali ibn Abdulaziz Marg‘inoniy (Sunani Termiziyni ta’lim olgan);
Ziyod ibn Ilyos Abuma’alii Zohiriddin (bu kishi Farg‘onadagi eng katta shayxlardan bo‘lgan).
Shogirdlari
Imom juda ham ko‘p shogirdlar qoldirgan, shogirdlari ham o‘z davrida hanafiy mazhabining katta ulamolari bo‘lib yetishgan, ulardan ba’zilarini zikr qilamiz:
O‘g‘li Imodiddin Ali ibn Abi Bakr al Marg‘inoniy, bu kishi “al Fusul al Imadiyya” degan kitobni ta’lif qilgan;
o‘g‘li Umar Abu Hafs Nizomiddin. “Javohir al fiqh” kitobi muallifi;
o‘g‘li Muhammad Jaloliddin Abul Fath.
Uchalovi ham otasidek olim bo‘lgan.
Muhammad ibn Abdusattor ibn Muhammad al I’modiy;
Burhonul islom Zarnujiy. “Ta’lim muta’llim” kitobi muallifi;
Hasan ibn Ali ibn al Hajjoj. Bulardan ham boshqa ko‘p shogirdlari bo‘lgan.
Kitoblari
Imom Burhonuddin Marg‘inoniy rahmatullohi alayhiga “Shayxul islom” degan unvon berilgan. U zot 544 yili haj ziyoratiga borgan va Payg‘ambar alayhissalomning qabrlarni ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lgan. 593 yil Samarqandda vafot etgan.
Toir RO‘ZIYEV,
Navoiy viloyati bosh imom-xatibi.
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati