Musobaqada qatnashuvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni hali davom etmoqda, deb xabar beradi Qur’on musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita.
Tashkiliy qo‘mitaning O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmatiga ma’lum qilishicha, musobaqada ishtirok etish uchun joriy yilning 9 yanvar holatiga ko‘ra, Respublika bo‘yicha 847 nafar erkak va 284 nafar ayol kishi jami 1101 nafar yurtdoshlarimiz hujjat topshirishgan. Yodingizda bo‘lsa bu raqam kechagina 733 tani tashkil etgan edi. Bugun esa 1101 kishi, bir kundagi farqni ko‘ring. Bu esa, xalqimizning Allohning kalomiga bo‘lgan cheksiz muhabbatidan dalolat.
Eslatib o‘tamiz, Qur’on musobaqasida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolarimiz hifz va tilovat yo‘nalishlari bo‘yicha qatnashishlari mumkin. Ishtirokchilarini ro‘yxatga olish 13 yanvar kuniga qadar davom etadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.