Sabr baxtu saodatga erishtiradi. Bu haqda Alloh taolo: «Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bag‘rikeng bo‘lingiz va (Alloh yo‘liga) taxt bo‘lib turingiz va Allohdan qo‘rqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!», deb marhamat qilgan (Oli Imron surasi, 200-oyat).
Binobarin:
Payg‘ambarlar hammadan ko‘ra ko‘proq aziyat chekkan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar ichida musibati eng og‘iri payg‘ambarlardir. So‘ngra ularga ergashgan solihlar, undan so‘ng o‘shalarga ergashgan solihlarga bo‘ladi”, deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Albatta, Alloh taolo rizq miqdoriga qarab yordamchilarni tushiradi. Balo darajasiga qarab sabrni tushiradi, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Rabbimiz hech bir bandasiga biror sinov yubormaydiki, uning ortidan yaxshiliklar, muvaffaqiyatlar kelmasa. Alloh taolo aytadi: «Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir» (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kengchilikda Allohni tanigin, U ham seni qiyinchilik paytida taniydi. Bilginki, senga yetmagan narsa, senga yetadigan emas edi. Senga yetgan narsa, senga yetmaydigan emas edi. Albatta, nusrat (g‘alaba) sabr bilan birga, albatta, shodlik g‘am ila birga, qiyinchilik yengillik bilan birga bo‘ladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Sabr qiluvchilarga Alloh taoloning cheksiz ne’matlari yetishi haqdir: «Bas, (ey, Muhammad!) Sabr qiling! Albatta, Allohning va’dasi haqdir...» (Rum surasi, 60-oyat).
Albatta, Alloh taolo bandalariga o‘ta mehribon va rahmlidir. Alloh bandalariga biror yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Sinovlar orqali Alloh o‘z bandalarini sinab, O‘ziga yaqin qiladi va gunohlarni mag‘firat etadi. Muvaffaqiyatlarga erishish uchun mashaqqat talab qilinganidek, Alloh taoloning roziligini topish uchun ham sinovlarga sabr qilish lozim.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshiliklar katta sinovlar bilan keladi. Qachonki Alloh bir bandasini yaxshi ko‘rsa, Alloh o‘sha bandaga bir sinovni yuboradi. Agar banda sinovga sabr qilsa, Allohning rahmatiga erishadi, ammo sabrsizlik qilsa Uning g‘azabiga duchor bo‘ladi”, deganlar.
Darhaqiqat, musibatning albatta kelishini Rabbimizning o‘zi bizga xabar qilib, unga tayyor bo‘lib turishimiz zarurligini quyidagicha ogohlantirgandir: «Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir» (Hadid surasi, 22-oyat).
Endi ana shunga ham qaramasdan, ozgina musibat yetsa ham jazavaga tushish ko‘rnamaklikdan o‘zga narsa bo‘lmaydi va Alloh taoloning g‘azabini qo‘zg‘aydi.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Agar sovchi qo‘yilgan ayol yoki uning valiysi tomonidan mazkur sovchilikka rozilik javobi berilsa, unashtirilgan bo‘ladi.
Unashtirish ikki tomondan oila qurish uchun berilgan va’dadir. Bu narsa ham uylanish, er‑xotin bo‘lish emas. Shuning uchun ham unashtirilgan ikki kishi bir-biriga ajnabiy – begona holida turadilar. Ular "unashtirib qo‘yildik", deb xilvatda yolg‘iz qolishlari, bir-birlari bilan er‑xotindek muomalada bo‘lishlari mutlaqo mumkin emas, faqat nikoh aqdidan keyingina er‑xotin bo‘ladilar.
Unashtirilgandan keyin to‘y qilib, oila qurish eng marg‘ub ishdir. Unashtirilgandan so‘ng ajrashish yaxshi emas. Lekin uzrli sabablarga ko‘ra ajrashishsa, joiz.
Unashtirilish faqat va’dadan iborat bo‘lganligi uchun, undan keyin ajrashish oqibatida hech qanday majburiyatlar sobit bo‘lmaydi.
Agar bu orada hadya oldi-berdisi bo‘lgan bo‘lsa, aynigan tomon zarariga bo‘ladi. Misol uchun, erkak aynigan bo‘lsa, berganini qaytarib olishga haqqi bo‘lmaydi. Agar ayol kishi aynigan bo‘lsa, hadyani erkak tarafga qaytarib bergani yaxshi.
Ushbu ishlarning barchasi o‘zaro hurmat va Islomiy odob asosida olib borilishi lozim. Nasib bo‘lmay, oila qurishga ittifoq qilinmay, sovchilik yoki unashtirishdan keyin ajralish ro‘y beradigan bo‘lsa ham, bir-birlarining obro‘larini to‘kmay, yaxshilik bilan ajralishlari zarur.
«Baxtiyor oila» kitobidan