“Tafsiru ma’sur” deganda, biror oyatning ma’nosini boshqa oyat yoki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan, sahobiy yoki tobeindan naql qilingan so‘z bilan bayon etish tushuniladi. Bu yerda tobein so‘zini – agar ulamolar o‘rtasida tobeinning fikri ra’y deyilishi yoki ma’sur deyilishi ixtilofli bo‘lsa ham qo‘shib qo‘yildi. Chunki Ibn Jarir singari ba’zi mufassirlar tafsiri ma’surda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan va sahobalardan qilingan rivoyatlar bilan kifoyalanmasdan, balki tobeinlardan qilingan rivoyatlarni ham keltirganlar.
Tafsiri ma’surning vujudga kelish davri ikki bosqichdan iborat: birinchisi, rivoyat davri bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z sahobalariga Qur’oni karimning ba’zi oyatlari ma’nosidagi maxfiylikni ochib berganlar. Uni sahobai kiromlar zehnlarida saqlab, og‘izma-og‘iz bir-birlariga, keyinchalik tobeinlarga yetkazganlar.
O‘z navbatida, Qur’oni karimning ba’zi oyatlari ma’nosini sahobalar ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganlariga qo‘shimcha ehtiyojga muvofiq ijtihod qilib tafsir qilganlar.
Tobeinlar ham o‘z davrida oyatlardagi ba’zi maxfiylikni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan va sahobalardan qilingan rivoyatlar ustiga o‘zlari ham ijtihod va ra’y bilan xalqqa tushuntirganlar.
Tafsirdagi shunday o‘zgarish va kengayish tabaa’ tobeinlarning (tobeinlardan keyingi avlod) davrida ham davom etdi.
Ikkinchisi tadvin davridir. Bu davrda birinchi bo‘lib tafsiri ma’sur (rivoyatlar asosida tafsir) yozildi. Lekin bu davrda yozilgan tafsir alohida kitob bo‘lmasdan, balki rivoyat qilingan hadislar kitobining bir bobi sifatida yozilgan edi. Qur’on tafsirini bir bob sifatida bo‘lsa ham birinchi yozgan kishi Madina imomi Al-imom Molik ibn Anas Al-Asbahiy edi.
Keyinchalik hadisdan tafsir ajratildi va alohida kitob sifatida yozildi. Qur’oni karim tafsirini alohida kitob shaklida birinchi bo‘lib yozgan kishi Ali ibn Abu Talha bo‘lib, uni Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyat asosida yozdi.
Keyin Qur’onning bir juz’iga tafsir yozildi, uning muallifi Abu Ravq, undan keyin esa uch juz’iga Ibn Jurayjdan qilingan rivoyat asosida Muhammad ibn Savr tafsir yozdi.
Ibn Jarirning yozgan tafsiri esa tafsiri ma’surning eng mukammali bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan tafsiri ma’surda ham isnodsiz rivoyatlar qilish boshlanib ketdi va sahih rivoyat bilan nosahihni ajratib bo‘lmay qoldi, hatto bu narsa yolg‘on rivoyatlarning ko‘payishiga ham sabab bo‘ldi.
Yuqorida aytilganlardan ma’lumki, tafsiri ma’sur Qur’oni karim oyatini Qur’on oyati, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnati, sahoba yoki tobeinlarning rivoyati bilan tafsir qilishdan iboratdir. Shunday ekan, Qur’onni Qur’on bilan yoki hadis bilan qilingan tafsir shubhasiz qabul qilinadi.
Agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan rivoyatlarning isnodi yoki matni zaif bo‘lsa, uni qabul qilinmaydi, ya’ni marduddir.
Ammo sahobalar va tobeinlardan rivoyat qilingan hadislar bilan tafsir qilinga bo‘lsa, ularga xalal aralashgan bo‘ladi va zaif sanaladi. Chunki tafsir kitoblarida sahobiylar nomidan rivoyat qilingan ko‘plab hadislar borki, ular sahih emasdir. Ayniqsa Ibn Abbos roziyallohu va hazrat Ali roziyallohu anhu nomlaridan juda ko‘p yolg‘on hadislar rivoyat qilingan. Shuning uchun Imom Shofeiy rohimahulloh: “Ibn Abbosdan tafsir haqida yuztacha hadis rivoyat qilingan, xolos” deganlar. Demak, Ibn Abbos roziyallohu nomlariga nisbat berilib, juda ko‘p hadislar to‘qilgan. Tafsiri ma’surning zaif sanalishiga uchta sabab bor:
Tafsirda mavzu’ gaplarning paydo bo‘lishi, ularning hadisda paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda boshlandi. Chunki tafsir bilan hadis bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular bir-biridan mustaqil bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, hadisda sahih, hasan, zaif, roviylari orasida ishonchli, shubhali, yolg‘onchilari bo‘lganidek, tafsirda ham va mufassirlar orasida ham shundaylari bor.
Mavzu’ hadis va tafsirlarning paydo bo‘lishi hijratning qirq birinchi yilidan boshlandi. Bu davrga kelib musulmonlar siyosiy jihatdan bir necha firqaga bo‘linib ketgan edilar. Buning ustiga qalbi kufr bilan to‘la, ammo zohirda o‘zini musulmon va dinparvar qilib ko‘rsatuvchi kimsalar paydo bo‘lib, bunday tafriqa zamoni ularning g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga, dinda buzg‘unchilikni ko‘paytirishga, din ahllarini yo‘ldan ozdirishga qulay imkoniyat yaratib berdi. Natijada ko‘plab botil rivoyatlar to‘qildi, bu rivoyatlarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahoba roziyallohu anhumlarga nisbat berildi. Masalan: shialar o‘z mazhablarining afzal ekanini tushuntirish va hazrat Aliga nisbatan kishilar qalbida muhabbat paydo qilish, xavorijlar esa “ahli sunna val-jamoa”ni ayblash maqsadida Qur’ondan biror oyatni dalil keltirishga zo‘r berib urinar, buning uchun esa rivoyatlar to‘qib, bu rivoyatlarning nisbatini ishonchli bo‘lsin uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yoki biror sahobiyga bog‘lab aytar, maqsadi esa bid’at va xurofot tarqatishdan boshqa narsa emas edi. Ayniqsa, mavzu’ rivoyatlarning juda ko‘pi hazrat Ali roziyallohu anhuga va Ibn Abbos roziyallohu anhuga nisbat berilgan edi. Bu ikki ulug‘ sahoba Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytlaridan bo‘lgani uchun musulmonlar hech shubha qilmasdan ishonardilar. Ammo e’tibor berib qaralsa, Ali rozihyallohu anhuga faqat shialar, Ibn Abbos roziyallohu anhuga faqat abbosiylar shunday nisbat berganlar.
Azizxo‘ja INOYATOV,
Buxoro tumanidagi “Chahor Bakr” jome masjidi imom-xatibi
Maxluqotlar ichida eng mukarram zot qilib yaratilgan insonning eng go‘zal xulqlaridan biri isrofdan saqlanish, Alloh o‘ziga rizq qilib bergan bergan ne’matlarni o‘rinsiz, behuda sarflamaslikdir. Bu fazilat har birimizning ezgu odatlarimizdan biriga aylansa, shubhasiz, hayotimizdagi juda ko‘p muammolarning eng maqbul yechimini topgan bo‘lar edik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining yaqindagina e’lon qilingan murojaatini o‘qib, bunga yana bir karra amin bo‘ldim va beixtiyor bunda roppa rosa bir yuz o‘n yil muqaddam, ya’ni 1915 yilda taniqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “To‘y” she’rini esladim. Unda, jumladan, quyidagi misralar bor:
Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,
Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.
Bir-biridan oshurdilar to‘yni,
Topdi ravnaq g‘ayrat ila boyon to‘y.
Besh kun o‘tmay to‘yni so‘ngidin
Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y.
Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab,
Etdi sarf toki tandagi jon to‘y...
Ming taassuflar bo‘lsinki, bu holatlar bugungi kunimizda ham davom etmoqda. Eng achinarlisi, yildan yilga to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar turi yanada ko‘payib, sarf-xarajati oshsa-oshyaptiki, kamaymayapti. Abdulla Qodiriy bobomiz ta’kidlaganlaridek, “Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab, Etdi sarf toki tandagi jon to‘y” bo‘lmoqda. Ko‘pincha, bor-budini sarflab, to‘y qilgan kishidan shu kungacha nechta kitob o‘qib chiqqanligi yoki farzandlariga qaysi kitoblarni olib berganligini so‘rasang, javob bera olmaydi. Uyida farzandlari kitob o‘qishi, vazifa tayyorlashi uchun sharoit ham yaratib berilmagan. Ayrimlar bilan suhbatlashsangiz, maktab uchun zarur bo‘lgan daftar-qalam kabilarning narxi oshib ketganidan, kitoblar qimmatligidan noliydi, lekin qizining bir kunlik to‘y libosiga, o‘nlab mashinalar saf tortgan nikoh kortejiga, dabdabali to‘y bazmiga g‘ing demay millionlarni sarflab yuborishga tayyor.
Yillar davomida, ko‘pincha, xorijda ishlab topganini ana shunday behuda, bu dunyo uchun ham, oxirat uchun ham hech qanday manfaat keltirmaydigan ishlarga sarflab yuboradi-da, qarzlarini uzish uchun yana chetga otlanadi yoki umuman o‘sha yerdan turib, to‘yni “moliyalashtiradi”, ming orzu-havaslar bilan qilgan to‘yida o‘zi ishtirok etmaydi. To‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchiliklar zamiridagi eng katta muammolardan yana biri ayrim oilada farzandlar voyaga yetishi bilan ularni o‘qitib olim qilish uchun emas, balki pul topish uchun xorijga jo‘natishdir.
Bugun bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi biror sohani tanlab, chuqur va har taraflama bilim olish uchun o‘qish o‘rniga xorijda kasbsiz-hunarsiz kimlarningdir qo‘liga qaram bo‘lib qolayotgani hech kimga sir emas. Murojaatda “...bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda” deya ta’kidlanishdan maqsad to‘y-ma’rakalarimizning xuddi ana shu jihatlariga e’tibor qaratishdir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat diqqatimni o‘ziga tortdi: “Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!” – deyiladi unda.
Darhaqiqat, bu muammolarni hal etish bir-ikki kishining qo‘lidan keladigan ish emas. Unga barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir tan, bir jon bo‘lib kirishishimiz, yoshlarimizga bugungi xatti-harakatlari, kuch-g‘ayratlari, bilimlarini bir-ikki kunlik to‘y-tomosha uchun mablag‘ topish, so‘ng hammaning “havasini keltiradigan” to‘y uchun emas, balki kelajakda o‘zining birovga muhtoj bo‘lib qolmasligi uchun intilishga qaratishlari zarurligini uqtirishimiz kerak.
Shu o‘rinda Hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Hotami Toy” haqidagi hikoyati esga tushadi. Unda aytilishicha, o‘zining o‘ta saxiyligi bilan dong taratgan Hotami Toydan: “Siz o‘zingizdan ham himmatliroq kishini ko‘rganmisiz?” – deb so‘rashibdi. Shunda u bir kuni yuz tuya va hisobsiz qo‘y-qo‘zilarni so‘yib, elni chorlab, juda katta ziyofat uyushtirganini, orada biroz nafas rostlash uchun ko‘chaga chiqqanini va yelkasida bir bog‘ o‘tin, qo‘lida hassa bilan har qadamda bir nafas rostlab kelayotgan qariyani ko‘rganini aytadi. O‘zining unga: “O‘zingni buncha qiynab nima qilasan. Eshitmadingmi, bugun Hotami Toy juda katta bazm uyushtirib, butun elni chorlab, ziyofat bermoqda. Tashla o‘tiningni, kir, sen ham bu ziyofatdan bahramand bo‘l!” – deganini aytadi. Shunda qariyaning javobini tinglang:
...K-ey solibon hirs ayog‘ingg‘a band,
Ozu tama’ bo‘ynuga bog‘lab kamand.
Vodiyi g‘ayratg‘a qadam urmag‘on,
Kunguri himmatg‘a alam urmag‘on.
Sen dog‘i chekkil bu tikan mehnatin,
Tortmag‘il Hotami Toy minnatin.
Bir diram olmoq chekibon dast ranj,
Yaxshiroq andinki birov bersa ganj...
Demak, haqiqiy himmat kimgadir qaram bo‘lish, kimlardandir nimaningdir ilinjida yashash emas, balki o‘z kuchi, g‘ayrati, bilimi bilan hayotdagi orzu-maqsadlariga erishishdir. Shu o‘rinda orzu-maqsadlarning ham qanday bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, to‘y-tomosha, turli tadbir va ma’rakalarni el ko‘ziga, “odamlar nima deydi” uchun tashkil qilish emas, balki, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz, dabdabalarsiz o‘tkazish, ortib qolgan mablag‘ni o‘zining, farzandlarining ilm olishlari uchun sarflashni maqsad qilish ayni muddao bo‘lar edi. Chunki Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi...» dedilar».
Demak, biz nimani niyat qilib, ishga kirishsak, shubhasiz, o‘sha maqsadimiz amalga oshadi. Hotami Toy birovlarning minnatli taomidan ko‘ra, o‘z mehnati bilan topgan bir dirhamni afzal ko‘rgan ana shu o‘tinchi cholni o‘zidan ko‘ra himmatliroq hisoblagan ekan. Albatta, har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning oramizda ham u yoki bu sabab tufayli sog‘lom kishilar bilan birga imkoniyati cheklangan kishilar borligi ayni haqiqat. Biroq ko‘rib turibmizki, bunday kishilarning hammasi ham kimlargadir muhtoj bo‘lib yashashni emas, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bilim olish, kasb-hunarga ega bo‘lish va o‘z ehtiyojlarini o‘zi qondirishni afzal ko‘rmoqdalar. Aksincha, ba’zida to‘rt muchasi sog‘lom kishilar kambag‘allikni o‘ziga “imtiyoz” sanab, tinimsiz ravishda turli idoralarga “shikoyatlar” yog‘dirmoqdalar. Murojaatda ta’kidlangan xayru saxovatni amalga oshirishda bunday “imtiyoz” egalari emas, haqiqatan ham shunga muhtoj oilalarni izlab topish va “otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish” zarur. Ha, ayni ko‘maklashish, ya’ni ularni xayru saxovatga o‘rgatib, kimlarningdir yelkasiga yuklab qo‘yish emas, balki kelajakda to‘g‘ri yo‘l topib olishlari uchun moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kerak.
Albatta, har bir hududda o‘ziga to‘q, boy-badavlat kishilar bor. Allohga hamdlar bo‘lsinki, yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida bunday oilalarning soni oshib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi xayru saxovatli insonlar ekanligi ham hech kimga sir emas. Murojaatdan ko‘zlangan yana bir xayrli maqsad shuki, imom-xatiblarimiz o‘z hududlaridagi ana shunday saxovatpesha insonlarni yaxshi tanishadi va bilishadi. Shuning uchun ularni o‘z hisoblaridan yoshlarimizning ilm olishlariga ko‘maklashish, buning uchun maktablarimizni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shishga chaqirish ham savobdi ishlardan biridir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat biz imom-xatiblar uchun juda muhim ekanligini e’tirof etish kerak deb, o‘ylayman. Unda “imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish” belgilab qo‘yilgan. Bu vazifani amalga oshirishda, avvalo, har bir imom-xatibning o‘zi shaxsiy namuna ko‘rsatishi, o‘zlari qilayotgan, shuningdek, masjidlar hududida o‘zlari ishtirok etayotgan to‘y-marosimlarini ortiqcha dabdabalarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazilishiga erishishi kerak. Shundan keyin targ‘ibot olib borilsa, ko‘ngildagidek bo‘ladi. Aks holda xalq orasida turli mish-mishlar, fitnalar avj olishi va natijada qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishi ham hech gap emas.
So‘zimga yakun yasar ekanman, Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisni eslashni lozim topdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yarimta xurmo (ni infoq qilib) bo‘lsa ham, do‘zaxdan saqlaninglar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Alloh har birimizni xayru saxovatli bandalaridan qilsin!
Alisher domla NAIMOV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari