Farg‘ona tumanining "Novkent" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Dilshodjon Mahamatovning uy-joyi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi ko‘magida ta’mirlab berildi. II guruh nogironi Dilshodjon bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan behad mamnun, deb xabar beradi UzA.
– Bizdek insonlarni qo‘llab-quvvatlayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz, – deydi Dilshodjon. – Turmush o‘rtog‘im ham nogiron. Ikki farzandimiz bor. Yangi yilda uy-joyimiz ta’mirdan chiqarib berilgani bizga katta bayram sovg‘asi bo‘ldi.
– Shahar va tumanlarda aholining kam ta’minlangan toifalariga beg‘araz yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqilgan, – deydi Farg‘ona viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi To‘ychiboy Sarimsoqov. – Masalan, 2 ming 451 oilaga manzilli yordam ko‘rsatish, 38 oilani uy-joy bilan ta’minlash, 190 oilaning uy-joyini ta’mirlash, 2 ming 109 oilaga maishiy texnika jihozlari olib berish, 114 oilaning tibbiy yordamga muhtoj a’zolariga salomatligini tiklashi uchun amaliy ko‘mak berish ishlari amalga oshirilmoqda.