Chaqiriqqa javob berish dinimiz buyurgan amal. Lekin hayotimizda “taklifnoma”lar ommalashdi. Bu bir jihatdan yaxshi. Negaki, tadbir egasi hammani birma-bir aytib yurmasdan taklifnomalarni tarqatishni boshqa bir kishiga tayinlab, o‘zi boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ba’zi odamlar taklifnoma vositasidagi chaqiriq yuzma-yuz, o‘z og‘zi bilan aytilganiga teng emas, deb hisoblab aytilgan joyga bormaydi. Shunday holda taklifnomaning hukmi og‘zaki, yuzma-yuz aytgan bilan barobar bo‘ladimi, degan savol tug‘iladi.
Bu boradagi ulamolarimiz turli xil fikrlar aytishgan. Shu o‘rinda ularning fikrlariga nazar solsak.
Birinchi navbatda, taklifnomaning o‘ziga qaraladi. Ba’zi taklifnomalarda kim tomonidan jo‘natilgani yozilmaydi. Taklifnoma ana shunday xilidan yoki umuman kim jo‘natgani bilinmaydigan darajada noaniq bo‘lsa, unga javob qaytarish, ya’ni, taklifni qabul qilib o‘sha joyga borish vojib bo‘lmaydi. Chunki bu “umumiy chaqiriq”qa o‘xshaydi. Biroq taklifnoma kimdanligi yoki xossatan chaqiriluvchiga atalgani bilinib tursa – yuzma-yuz aytgan hukmida bo‘ladi. Unga borish vojib amallardan sanaladi.
Mehmonlarga peshvoz chiqishning hukmi qanday?
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzuriga Abdulqaysning elchilari kelganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Afsus nadomat va xijolatni ortga surib kelgan elchilar, xush kelibsizlar!..” deb marhamat qildilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Ushbu hadisdan xulosa qilib, “Xush kelibsiz” va shu kabi lafzlar bilan kishi o‘z mehmonining istiqboliga peshvoz chiqishi o‘zaro xursandchilik uyg‘otadi, ularning o‘rtalariga mehr-muhabbat soladi.
Agar mehmon o‘zi bilan chaqirilmagan kishini ergashtirib kelsa...
Bunday holda mezbonga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilgan amalni qilish tavsiya etiladi. Abu Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: “Ansorlar orasida Abu Shuayb ismli kishi bo‘lib, uning qassob xizmatkori bor edi. Bir kuni Abu Shuayb: “Men uchun maxsus taom tayyorla, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni besh kishining beshinchisi qilib chaqiraman”, dedi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni besh kishining biri qilib chaqirdi. Ularga bir kishi qo‘shilib oldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mezbonga: “Sen meni besh kishidan biri qilib chaqirding, bu kishi esa bizlarga qo‘shilib keldi. Agar xohlasang, unga izn ber, xohlamasang tark et”, dedilar. Mezbon: “Albatta, unga izn beraman”, dedi” (Imom Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisdan ko‘plab foydalar olinadi. Misol uchun, kimki chaqirilmagan holda kelsa uni ziyofatga kiritish yoki kiritmaslik mezbonning haqqi hisoblanadi. Agar bir kishi boshqalarga qo‘shilib chaqirilmagan holda bir majlisga borishni istasa, u qaytarilmaydi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘zlariga ergashgan kishini mezbon qanaqa holda kutib olishiga qarab o‘tirmasdan qabul qildilar-da, uning ishini mezbonga havola qildilar. Bu fikrlarni Ibn Hajar rahmatullohi alayh aytib o‘tgan.
Mehmonga takalluf qilish...
Mehmonga takalluf qilish yaxshi, biroq, bu avvalo dinimizga va aqlga muvofiq kelishi kerak. Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Biz Umar roziyallohu anhuning huzurida edik. U: “Biz (soxta) takallufdan qaytarilganmiz”, der edi”.
Bu yerda aytilgan takalluf soxta, xo‘jako‘rsin uchun qilingan takallufdir. Albatta, bu dinimizda qoralangani tabiiy hol. Negaki, soxtakorlik – yolg‘on va aldovdir. Biroq, ulamolarimiz “Mehmon uchun soxta bo‘lmagan takalluf qilish har makon va diyorlarning urfiga bog‘liq. Agar bir qavm urfida mehmon uchun takalluf qilish urf bo‘lib, boshqasida esa aksi bo‘lsa ularning urflari o‘zlari uchun to‘g‘ridir. Har ikki tarafning ishlari aybga yo‘yilmaydi. Lekin hurmat va iltifot chegaradan chiqib ketmasligi kerak.
Mehmonga taom tayyorlanish ham o‘rtacha holatda ya’ni, isrofgarchilik va yo‘qchilik o‘rtasida bo‘lishi kerak. Chunki hadisi sharifga muvofiq, ishlarning eng yaxshi o‘rtachasidir.
Jobir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Bir kishining taomi ikki kishiga kifoya qiladi. Ikki kishining taomi to‘rt kishiga kifoya qiladi. To‘rt kishining taomi sakkiz kishiga kifoya qiladi” (Imom Muslim, Termiziy va Ibn Moja rivoyati).
Hadisi sharifda ko‘rsatilganidek, dasturga amal qilish o‘rtamiyona dasturxon bo‘ladi. Bugungi kunimizda odamlar o‘z holatidan kelib chiqib, to‘kinroq dasturxon yozishi aslida joiz. Biroq shariatimizda bu holatlar boshqalar ham o‘shanday dasturxon yozishi odat tusiga aylanishiga ta’sir o‘tkazsa yoki boshqalardan “kimo‘zar” o‘ynagani tufayli bo‘lsa qaytariladi.
Ana shu tarzdagi ziyofat dinimizda qoralanadi. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam mutaboriylar taomlarini yeyishdan qaytardilar”.
Imom Xattobiy aytadilar: “Mutaboriylar – bir-biri bilan amallarini kimo‘zarga qiladigan kishilardir”.
Bundan qaytarilishining sababi, ularning dasturxoni boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish maqsadida riyokorlik uchun yozilgandir.
Ruxsat bilan kirish, taomdan keyin ortga qaytish...
Alloh taolo o‘z bandalariga o‘rgatgan go‘zal odoblardan biri izn berilsa taom uchun boshqalarning uyiga kirish, taom yeb bo‘lingandan so‘ng esa ortga qaytishdir. Alloh taolo o‘z kalomi sharifida quyidagicha marhamat qiladi: “Ey, iymon keltirganlar! Payg‘ambarning uylariga faqat sizlarni biror taomga chaqirilsagina kiringiz! (O‘shanda ham) unga erishishga ko‘z tutib turmangiz, balki chaqirilganingizda kiringiz va taomdan so‘ng gapga berilib ketmay, tarqalingiz! ...” (Ahzob surasi, 53-oyat).
Mazkur oyati karimada mo‘minlar Rasululloh solllallohu alayhi vasallamning uylariga faqat izn berilganidan so‘ng taom uchun kirishlari mumkinligi ta’lim berilmoqda. Sahobai kirom roziyallohu anhumlar boshqa musulmonlarning uylariga ham iznsiz kirmas edilar. Chunki oyatdagi qaytariq faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylari xos emas, balki barcha mo‘minlarning uylariga ham tegishlidir.
Avval kattalar, so‘ngra o‘ng tarafdagilar...
Mehmondorchilikka taklif qilgan kishi ziyofatda kattalarni muqaddam qilishi, ularga alohida ehtirom ko‘rsatishi lozim. Bu ish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir.
Ibn Umar roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Tushimda bir misvok ila tish tozalayotgan edim. Biri ikkinchisidan kattaroq bo‘lgan ikki kishi menga qo‘l uzatar edi. Men misvokni yoshi kichigiga berdim. Shunda menga: “Kattasiga (ber)”, deyildi. So‘ng misvokni olib yoshi kattasiga berdim”, deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Quyidagilar Alloh taolo ulug‘lashidandir: yoshi ulug‘ keksa musulmon kishini ikrom qilish, Qur’onni yod olib, u borada haddan oshmagan va unga jafo qilmagan qorini ikrom qilish va odil saltanat egasini ikrom qilish”.
Yana bir hadisi sharifda Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga ichimlik keltirildi. U zotning o‘ng tarafida yosh yigit, chap tomonida esa ulug‘ sahobiylar o‘tirgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan ichdilar-da, so‘ng o‘ng tarafida o‘tirgan yigitga qarab (o‘ng taraf birinchi ichishini nazarda tutib): “Sendan avval ularga berishimga ruxsat etasanmi?”, dedilar. Yigit esa: “Ey, Allohning Rasuli, Allohga qasamki, Sizdan keyin ichishlik haqimni hech kimga bermayman!”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga idishni uzatdilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Mazkur hadisi shariflarga binoan avvalo kattalarga hurmat ko‘rsatish, so‘ngra o‘ng tarafda o‘tirganlarga uzatish kerakligi ma’lum bo‘ladi.
Oxirgi hadis bo‘yicha ba’zilar: “Ushbu hadisda kattalar emas, o‘ng tomonda o‘tirgan yosh yigit ichdi-ku”, deyishgan. Ulamolarimiz bunga quyidagicha javob berishgan: “Voqea shunday bo‘lgan esa-da, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kattalarga berishni yaxshi ko‘rgani uchun yigitdan izn so‘radilar. Bundan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqini talab qilsa berish kerakligini o‘rgatish uchun shunday qilganlar. Agar bularni ham hisobga olmasangiz, unda bu hadis faqat ichimliklarga taalluqli xolos. Undan boshqalarida esa kattalarga birinchi rioya qilinadi”.
Alloh taolo barchamizga O‘zi buyurgan amallar hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatib bergan sunnatlarga amal qilmog‘imizni nasib aylasin.
Jaloliddin HAMROQULOV,
Toshkent islom instituti
“Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri.
G‘aflatda qolmang! Baroat kechasi: rizqlar taqsimlanadi, qismatlar belgilanadi, gunohlar mag‘firat etiladi
Baroat so‘zi qanday ma’noni anglatadi?
“Baroat” so‘zi arab tilida “ozod bo‘lish”, “najot topish” degan ma’nolarni anglatadi. Bu kechaning bunday nomlanishiga sabab, unda Alloh taoloning rahmati va fazli ila behisob insonlar do‘zaxdan najot topadilar.
Baroat kechasi qanday kecha?
Onamiz Oisha roziyallohu anho aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan: “Ey Oisha bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” deb so‘radilar. Men: “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag‘firat so‘rovchilarni mag‘firat etadi, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo‘lsa, shunday holatda qo‘yib qo‘yadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Baroat kechasida nimalar sodir bo‘ladi?
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bu kechada (sha’bonning o‘n beshinchi kechasida) nimalar bo‘lishini bilasizmi?” dedilar.
Oisha roziyallohu anho: “Yo Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo‘ladi?” dedilar.
U zot alayhissalom: “U kechada Odam bolalarining bu yilda tug‘iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning amallari ko‘tarilib, rizqlari nozil bo‘ladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Baroat kechasida gunohlar mag‘firat qilinadi
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O‘zining sha’niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag‘firat qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Baroat kechasida duolar qabul bo‘ladi
Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qachon sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, bas, (Alloh taolo tarafidan) bir nido qiluvchi nido qiladi: “Birorta mag‘firat so‘rovchi bormi, Men uni mag‘firat qilaman! Biror narsa so‘rovchi bormi, Men unga beraman”, deydi. Shu vaqtda kim so‘rasa, unga beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa”.
Baroat kechasida odamlar do‘zaxdan ozod qilinadi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib: “Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko‘p odamlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo‘ylarining junlaridan ham ziyoda bo‘ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan) to‘pig‘idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Baroat kechasida qanday amallarni bajarish lozim?
1. Xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado eting.
2. Istig‘for aytishni ko‘paytiring.
“Astag‘firullohullaziy laa ilaaha illaa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi”.
3. O‘zingiz va barcha ummat uchun xayrli duolar qiling.
Ayniqsa,
أَعُوذُ بِعَفْوِكَ مِنْ عِقَابِكَ وَأَعُوذُ بِرِضَاكَ مِنْ سَخَطِكَ وَأَعُوذُ بِكَ مِنْكَ جَلَّ وَجْهُكَ لَا أُحْصِي ثَنَاءً عَلَيْكَ أَنْتَ كَمَا أَثْنَيْتَ عَلَى نَفْسِكَ
“A’uzu bi afvika min ’iqobik va a’uzu birizoka min saxotik va a’uzu bika minka jalla vajhuka laa uhsiy sanaan alayka anta kamaa asnayta ’alaa nafsika” duosini o‘qish lozim.
4. Toqatingiz yetganicha zikrlar, nafl ibodatlar, Qur’on tilovati qiling.
Xususan,
سبحان الله والحمد لله ولا إله إلا الله والله أكبر ولا حولَ ولا قوةَ إلا بالله العلي العظيم
“Subhaanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar. Va laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyyil ’aziym” zikrini ko‘p aytish tavsiya etiladi.
5. Sha’bonning o‘n beshinchi kuni ro‘za tuting.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, uning kechasini bedor o‘tkazinglar, kunduzining ro‘zasini tutinglar. Chunki o‘shanda Alloh quyosh botish paytida dunyo osmoniga tushadi va tong otgunicha: “Qani, istig‘for aytuvchi bormi, uni mag‘firat qilaman. Qani, rizq so‘rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon” (deydi), dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Baroat kechasini bedor o‘tkazganga jannat vojib bo‘ladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim beshta kechani bedor o‘tkazsa, jannat unga vojib bo‘ladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va sha’bonning o‘n beshinchi kechalaridir”, dedilar.
Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlarni bu muborak oyning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin. Ramazon oyiga sog‘-salomat yetkazsin.
Davron NURMUHAMMAD