Ca’d ibn Abu Vaqqos ibn Uxayb Zuhriy roziyallohu anhu tirikligidayoq jannat bashorati berilgan o‘n sahobaning biri. Sa’d Quraysh qabilasidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning onalari kabi Bani Zuhra urug‘idan edi. Uning nasabi oltinchi silsilada (Hakam) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shajarasi bilan birlashadi. Milodiy 601 yili tug‘ilgan. Makkaliklardan oltinchi yo yettinchi bo‘lib Islomni qabul qilgan va ko‘p o‘tmay, Yasribga ko‘chgan. U Rasuli akramdan 270 ta hadis rivoyat qilgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom Sa’dni tog‘am deb hurmatlaganlar. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sa’d kelayotgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu kishi mening tog‘am bo‘ladi, kim menga tog‘asini ko‘rsata oladi?” dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Quraysh mushriklari Sa’d ibn Abu Vaqqosga ma’naviy azob berishdi. Eng aziz kishisi – onasini unga qarshi qayrashdi. Shu bois ona sevimli o‘g‘liga juda og‘ir talab qo‘yadi. Mufassirlar “Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni buyurdik. (Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta ma’budlarni) Menga sherik qilishingga majburlasalar...” (Ankabut, 8) mazmunli oyat Sa’d ibn Abu Vaqqos haqida tushganini ta’kidlashadi. U Makka yoshlari orasida onasini hurmat qilishi bilan tanilgan, boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatilar edi. Sa’d bu sinovdan o‘tdi, imon-e’tiqodda sobit turdi. Onasini ham oldingiday hurmat qilaverdi.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollalolohu alayhi vasallam Sa’d ibn Molikdan o‘zga hech kimga ota-onalarini fido qilmaganlar. U zot Uhud kuni Sa’dga ota-onam senga fido bo‘lsin deganlari rivoyat qilinadi.
Mo‘minlar onasi hazrati Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinada ekanlarida bir kecha uyqulari qochdi va: “Sahobalardan bir solih kishi meni qo‘riqlaganida yaxshi bo‘lardi”, dedilar. Hali gaplari tugamasidan bir narsa shitirlaganini eshitdik. U zot: “Kim u?” dedilar. Sharpa: “Sa’d ibn Abu Vaqqosman”, dedi. “Nimaga kelding?” deb so‘radilar. “Payg‘ambardan xavotirga tushib, qo‘riqlagani keldim”, dedi Sa’d. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning haqqiga duo qilib, xotirjam uxladilar» (Imom Termiziy va Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomga: “Yo Rasululloh, duo qiling, Alloh meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilsin”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ey Sa’d, taomingni halol qil, duoing qabul bo‘ladi. Muhammadning joni izmida bo‘lgan Zotga qasam, bir odam qorniga harom luqma yesa, Alloh uning duosini qirq kungacha qabul qilmaydi. Qaysi bandaning tani haromdan va ribodan semirsa, unga do‘zax munosibdir”, dedilar. So‘ngra: “Yo Alloh, Sa’d qachon duo qilsa, uni qabul ayla!” deb duo etdilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Sa’d ibn Abu Vaqqos Makka fath etilgan yili og‘ir xastalanib qoldi. Bu haqda o‘zi bunday rivoyat qiladi: «Fath yili bemor bo‘lib, o‘limim yaqinlashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni ko‘rgani keldilar. Shunda: “Yo Rasululloh, mening ko‘p molim bor va birgina qizimdan boshqa merosxo‘rim yo‘q. Molimning hammasini boshqalarga vasiyat qilaymi?” dedim. “Yo‘q”, dedilar. “Molimning uchdan ikkisini-chi?” dedim. “Yo‘q”, dedilar. “Yarmini-chi?” dedim. “Yo‘q”, dedilar. “Uchdan birini-chi?” dedim. “Uchdan biri... U ham ko‘p. Albatta, merosxo‘rlaringni boy holda qoldirishing ularni odamlardan tilanib yuradigan qilib tashlab ketishingdan yaxshidir. Sen har qanday nafaqa qilsang ham, albatta, ajr olasan. Hatto, ayoling og‘ziga tutgan luqma uchun ham ajr olasan”, dedilar” (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy, Abu Dovud, Nasaiy rivoyati).
Hazrat Usmon vafotidan so‘ng Aqiqda yashadi. Hijriy 55 (milodiy 676) yili vafot etdi. Vasiyatiga ko‘ra, “Baqi’” qabristoniga dafn qilindi.
Ahmad MUHAMMAD
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:
«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.
Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.
Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.
Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:
«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.
«Ha», dedi Suhayb.
Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:
«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:
«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.
Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.
Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.
Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.
Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.
Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.
So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.
Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».
Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.
Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.
U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi aybdor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi