Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Quyosh chiqadigan har bir kunda insonlarning bo‘g‘imlari uchun sadaqa bor. Ikki kishi o‘rtasida adolatli bo‘lmog‘ing sadaqadir. Kishiga ulovi borasida yordam berish, minishiga ko‘maklashish yoki yukini ko‘tarib olib berishing sadaqadir. Yaxshi so‘z sadaqadir. Namoz sari bosilgan har bir qadaming sadaqadir. Yo‘ldan ozor beradigan narsani olib tashlashing sadaqadir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) salomatlik va a’zolarni but ekani buyuk ne’mat ekaniga ishora qilmoqdalar. Shuningdek, har kuni inson a’zolari uchun Alloh taologa shukr aytmog‘i lozimligi tushuniladi.
Shukrning ba’zisi vojib, boshqasi esa mustahab bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) buni umumiy tarzda sadaqa deb nomladilar. Chunki shukrni sadaqa sifatida qabul qilinishi Alloh taoloning fazlidir.
Sadaqa qalbdagi imonning chin ekanini tasdiqlovchi ezgu amaldir. U hadisda zikr qilinganidek ijtimoiy, ma’naviy va madaniy ko‘rinishlarda ham namoyon bo‘ladi.
Xusumatlashganlar orasida odilona hukm chiqarish va ularni o‘zaro yarashtirib qo‘yish dinimiz buyurgan muhim amal. Chunki Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, mo‘minlar (dinda) o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot, 10). Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Sizlarga (nafl) namoz, (nafl) ro‘za, va (nafl) sadaqaning darajasidan ham afzal amalni aytaymi?” dedilar. (Sahobalar): “Ha”, deyishdi. U zot: “Orani isloh qilish”, dedilar. Zero, bu amal xusumat ortidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsizliklarning oldini oladi.
Odamlarga yordam berish sovobli ish. Hadisda ulovga minishga yoki matosini ortishga ko‘maklshish zikr qilindi. Bundan boshqalarga berilgan kichik yordam ham e’tiborli ekani tushuniladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim mo‘minning dunyo mashaqqatlaridan birini ketkazsa, Alloh taolo qiyomat kuni uning tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishining ishini yengillatsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillik beradi. ...” dedilar (Imom muslim rivoyati).
Yaxshi so‘zning qamrovi keng. Tavhid kalimasini aytish, salomni oshkor etish, alik olish va odamlar bilan xushmuomalali bo‘lish yaxshi so‘zdir. Shuningdek, Alloh taoloni yodga olish, duo qilish, yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish, maslahat so‘ragan kishiga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish ezgu so‘zdir. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “(Har bir) yoqimli so‘z Uning huzuri sari chiqur. Solih amalni esa, (Alloh O‘z dargohiga) ko‘tarur” (Fotir, 10).
Hadisda “Namoz sari bosilgan har bir qadam”, deb tarjima qilingan qismidan murod namozni jamoat bilan ado etish maqsadida masjidga borishdir. Masjid sari bosilgan qadam tufayli savoblar ko‘payadi, xatolar o‘chiriladi, oxiratda daraja ko‘tariladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo xatolarni o‘chiririshiga va darajalarni ko‘tarilishiga sabab bo‘ladigan amalni aytaymi?” dedilar. (Sahobalar): “Ha”, deyishdi. U zot: “Qiyinchilikda ham tahoratni mukammal qilish, masjid sari ko‘p yurish, namozdan so‘ng namozni kutish”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Banu Salama urug‘i Madina shahrining chekkasida yashar edi. Ular masjid yaqiniga ko‘chmoqchi bo‘lishdi. Shunda “Albatta, Biz o‘liklarni tiriltirurmiz va ularning (o‘limidan oldin) yuborgan amallarini hamda (qoldirgan) asoratlarini (ommaga foydali yoki zararli ishlarini) yozib qo‘yurmiz” (Yosin, 12) oyati nozil bo‘ldi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Bosgan izlaringiz yoziladi. Shuning uchun ko‘chmanglar”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Yo‘ldagi tosh, tikon, chiqindi kabi insonlarga ozor beruvchi narsalarni olib tashlash savobli ish. Hatto, bu amal imonning shoxchalaridan biri ekani hadislarda zikr qilingan. Har birimiz ushbu sunnatga amal qilsak, ko‘chalarimizni ozoda tutsak, yurtimiz obod, yo‘llarimiz ravon, ko‘ngillarimiz nurafshon bo‘ladi.
Manbalar asosida Uchko‘prik tumani
bosh imom-xatibi
Ahmadxon NIZOMOV tayyorladi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.