Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2025   |   8 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
03 Iyul, 2025, 8 Muharram, 1447

Rasululloh: sizlarga gunohlarning eng kattasini aytib beraymi?

26.12.2017   7047   1 min.
Rasululloh: sizlarga gunohlarning eng kattasini aytib beraymi?

Ular (Rahmonning suyukli bandalari) yolg‘on guvohlik bermaslar va behuda (so‘z yo ish) oldidan o‘tgan vaqtlarida olijanoblik bilan (undan yuz o‘girgan holda) o‘tarlar.(Furqon, 72).

“... Bas, butlardan iborat najosatdan uzoqlashib, yolg‘on so‘zdan ham chetda bo‘lingiz!(Haj, 30).

Abu Bakra (roziyallohu anhu) aytdi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men sizlarga gunohlarning eng kattasini aytib beraymi?” – deb uch martaba so‘radilar. Sahobiylar: “Ey Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), aytib bering”, deyishdi. “Alloh taologa shirk keltirish va ota-onaga oq bo‘lish”, dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shu vaqtda yonboshlab o‘tirgan edilar, keyin yaxshilab o‘tirib oldilar-da: “Ogoh bo‘linglar! Ana o‘sha katta gunohlardan biri yolg‘on gapirmoq, tuhmat qilmoqdir”, dedilar. Ushbu oxirgi so‘zlarini shunchalik ko‘p takrorladilarki, men ichimda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) charchadilar, endi gaplarini to‘xtatsalar ham bo‘lardi, dedim” (Imom Buxoriy).

Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi. “Nabiyyi muhtaram (sollallohu alayhi va sallam): “To‘g‘riso‘z bo‘linglar, chunki to‘g‘riso‘zlik yaxshilikka boshlaydi. Bu yaxshilik esa jannatga olib boradi. Kishi rost gapiraversa, Alloh taolo huzurida to‘g‘riso‘z deb yoziladi. Yolg‘on gapirishdan saqlaning, chunki yolg‘on gapirish buzuqlikka boshlaydi, buzuqlik esa do‘zaxga olib boradi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Alloh huzurida yolg‘onchi, deb yoziladi”, deganlar” (Imom Buxoriy).

O‘MI Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar

Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

27.06.2025   7507   3 min.
Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.

2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.

3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.

4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.

5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.

6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.

7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.

8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.

9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.

10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.

11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.

12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay  egasini ichini yondiradi.

13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.

14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.

15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin —  chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.

16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.

17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.

18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.

19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV