Ma’lumki, hozirgi zamon o‘zining dunyodagi turli xil siyosiy, g‘oyaviy qarama-qarshi kuchlar to‘qnashuvi jiddiy tus olgan davrligi bilan xarakterlanadi. Bu borada olib borilgan ilmiy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi davrda o‘z mustaqilligiga erishgan yangi, yosh davlatlar ham uzoq yillar davomida o‘z turmush tarzini belgilab olgan kuchli davlatlar ham ana shunday yovuz kuchlarning, mafkuralarning kutilmagan xurujlariga duch kelmoqda.
Dunyo siyosiy manzarasida avj olib borayotgan global muammolar ichida dinlararo, millatlararo, madaniy-tamaddunlararo nizolar va to‘qnashuvlarni, informatsion-kiber terrorizm, noqonuniy qurol va narkotiklar savdosi, odam savdosi kabi turli xildagi tahdid va xavflarni sanab o‘tish mumkin.
Jumladan, diniy aqidaparastlik xalqaro terrorizmning kengayishiga, g‘arb davlatlarida «islamofobiya» jarayonining keskin tus olib, ommaviy siyosiy darajada avj olishiga olib kelmoqda. Musulmonlarning muqaddas dini bo‘lmish islom dinini xalqaro terrorizm bilan bog‘lashga urinishlar, g‘arb matbuotida turli hajviy rasmlar chop etish orqali payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning sha’nini tahqirlashga qaratilgan hatti-harakatlar, millionlab odamlarning milliy g‘ururi va nafsoniyatiga tegadigan biryoqlama, asossiz baho va xulosalar kaltabinlarcha bayon qilinmoqda.
«Islamofobiya» – islomdan va musulmonlardan qo‘rquv va ularga nafrat tuyg‘usi bilan qarash demakdir. Shu bilan birga islom dinini qoloq, musulmon madaniyatini esa qotib qolgan, hurfikrlikka moyil bo‘lmagan, patriarxal, ayollar faoliyatini cheklaydigan va boshqa madaniyatlarga tahdid soluvchi» kabi noo‘rin ayblovlarda namoyon bo‘lmoqda.
Islom dinini agressivlikda, terrorchilikda ayblash jahon miqyosida islom nufuzining, islom mavqeining oshib borishidan talvasaga tushish, global iqtisodiy, siyosiy madaniy va demografik jarayonlarda gegemonligini tarixan yo‘qotayotgan postindustrial jamiyatlarning siyosiy kuchlari uchun xosdir.
Malayziya xalqaro islom universiteti professori Louyey Safi fikriga ko‘ra, hozirgi kunlarda «islamofobiya»ning quyidagi ko‘rinishlari mavjud:
Ko‘pchilik tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, islamofobiya G‘arb mamlakatlarida, musulmonlar soni keskin oshib borayotgani va islomni G‘arb sivilizatsiyasiga raqobat uyg‘otayotgani sababli saqlanib kelmoqda. Shu o‘rinda bu yerda istiqomat qiluvchi musulmonlar g‘arb urf-odatlarini o‘zlariga singdirish emas, balki islom qadriyatlarini atrofga yoyish xodisalari ortib bormoqda. Chunki, sotsiologlarning ta’kidlashicha, XXI asrda islom boshqa dinlarga qaraganda tezroq tarqalib taraqqiy etish imkoniyatiga ega. Bunga misol, bugungi kunda dunyo musulmonlarining soni qariib 1,8 mlrdga yetgan. Boshqacha aytganda musulmonlarning soni 2025 yilga borib dunyo aholisini 30% tashkil etadi.
G‘arb olamida islomga dushmanligini ko‘z-ko‘z qilib, millatlar hamda dinlar o‘rtasida nizo olovini yoqishga uringan ba’zi fitnachilarning o‘zlari, dunyo aholisining nafratiga uchramoqdalar. Islomofoblarning harakatlari nafaqat dunyo musulmonlariga, balki G‘arbning yetakchi kompaniyalariga ham ziyon yetkazmoqda. Bunday shuhratparastlar qaysi davlatdan bo‘lsa butun dunyo musulmonlari tomonidan e’lon qilinayotgan boykotlar natijasida o‘sha davlat iqtisodiyoti zarar ko‘rmoqda.
Shu o‘rinda islamofobiya muammolari ommaviy tus olib kelayotgan bir paytda, O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurash islamofobiyaga aylanishiga va bu holat ochiq yoki pinhoniy holatlarda islom dunyosi bilan qarama-qarshilikka olib kelishiga qat’iyan qarshi chiqmoqda. Mazkur masalada O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.Karimov: «Kimga qanday tuyulmasin, bugun dinimizning asl mohiyatini asrash, uning ma’no-mazmuni naqadar pok va ezgu ekanini, din biz uchun asrlar davomida o‘zligimizni, millatimiz, naslimizning eng yaxshi qadriyatlarini saqlab qolishda buyuk hayotbaxsh kuch bo‘lib kelayotganini takror va takror ta’kidlashimiz, bu haqiqatni odamlarning ongiga singdirishimiz darkor», deb ta’kidlagan edi.
So‘ngi yillarda turli mamlakatlarda islomga nisbatan bo‘layotgan tazyiqlar, islamofobiya tusini olgan holatlarni ko‘payishi bizni ham tashvishga solishi turgan gap. Shu bilan birga bu holat bizning tinchlik va barqarorlik yo‘lida erishgan ko‘p yillik yutuq va xatti-xarakatlarimizni yo‘qqa chiqarib, ekstremizm va terrorizmni yanada kuchaytirib yuborishi ehtimoli mavjud.
O‘zbekiston nafaqat o‘z xalqining tinchligi uchun, balki ona sayyoramizdagi million-million odamlarning hayotini saqlash uchun hushyorlikka chaqirganini dunyoning yetakchi siyosatchilari, davlat arboblari tan olmoqda va davlatimizning ana shunday murakkab vaziyatda, har qanday ikkilanishdan xoli bo‘lgan siyosatiga hurmat va ehtiromini bildirmoqda.
M.Muhammadsaid
Urganch tumani “Eshon bobo” masjidi imom-xatibi
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar