Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2025   |   17 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:40
Shom
17:24
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2025, 17 Rajab, 1446

Immunitetni kuchaytirish bo‘yicha muhim tavsiyalar

25.12.2017   36981   3 min.
Immunitetni kuchaytirish bo‘yicha muhim tavsiyalar

Qish mavsumida ko‘pchiligimiz, dorixonalardan immunitetimizni mustahkam qiluvchi, gripp, angina, bronxit va boshqa kasalliklardan himoya qiluvchi qimmatbaho “mo‘jizaviy” dorilarni sotib olamiz.

Biroq, biz o‘ylagandek mo‘jizaviy preparatlar hali yaratilmagan. Bundan tashqari, musulmon  kishiga dorixonalardan bu turdagi vositalarni axtarishning hojati yo‘q, chunki Islom dini salomatlikni mustahkamlash va immunitetni kuchaytirish uchun asrlar davomida isbotlangan vositalarni taqdim etadi:

Tahorat

Tahorat musulmon kishiga nafaqat ibodat uchun, balki sog‘liq uchun ham zarurdir. Yurak qon tomir tizimi uchun tahoratning foydasi allaqachon isbotlangan, bundan tashqari, u refleksoterapiya usullarini ham o‘z ichiga oladi.

Iliq yoki yozda salqin suv bilan tahorat qilish tanani mukammal darajada mustahkamlaydi. Og‘iz va burunni muntazam yuvish infeksiyalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Umuman olganda, barchasi oson: tahorat qiling – sog‘lom bo‘lasiz!

Zanjabil (Imbir)

Bu o‘simlikning ildizi antibakterial, yallig‘lanishga qarshi, antimikrob, antiseptik, bakteritsid xususiyatlariga ega. Zanjabil juda foydali bo‘lib, S, V vitaminlariga boy, uning tarkibida tanadagi hujayralarni “davolash” va yangilab turish qobiliyatiga ega retinol moddasi mavjud. Zanjabil asal bilan iste’mol qilinganda u  asalining foydali xususiyatlarini mukammal ravishda to‘ldiradi.

Asal

Asalning shifobaxsh qudrati Qur’oni karimda aytilganligini yaxshi bilamiz. Ushbu mahsulot immunitet tizimi uchun tengi yo‘q hisoblanadi. Qayd etish kerakki, inson qonining kimyoviy tarkibi va asal hayratlanarli darajada o‘xshaydi. Qonimizda 24 mikroelement mavjud bo‘lsa tabiiy asalda – 22 ta.

Shamollash bilan bog‘liq kasalliklarni oldini olishning ajoyib uslublaridan biri asalni yong‘oq bilan qorishtirib iste’mol  qilishdir. Bunda har qanday yong‘oq turidan foydalanish mumkin. Asosiysi, aralashma ma’lum vaqt  turishi lozim.

Qora sedana yog‘i

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qora sedana yog‘i oshqozon-ichak faoliyatini normallashtiradi, immunitet tizimini faollashtiradi, ko‘plab patogen bakteriyalarni yo‘q qiladi, qonda xolesterinni kamaytiradi va xoleretik ta’sir ko‘rsatadi.

Sedana yog‘idan profilaktik davolash hamda umumiy quvvatlantirish maqsadlarida foydalanish mumkin. Agar siz kun davomida hech bo‘lmaganda bir choy qoshiq sedana yog‘idan ichsangiz, sizda modda almashinuvi normallashadi va tanangizning himoya kuchi ortadi.

Hilba (Xelba)

Hilba urug‘i (Semena pajitnika) shamollash, isitma, virusli infektsiyalar oqibatlarini bartaraf etishga yordam beradi. O‘zining yumshoq xususiyatlaridan kelib chiqib, bu o‘simlik shamollashni davolashda yallig‘lanishga qarshi va balg‘am ko‘chirishda ishlatiladi.

Hilba shilimshiq pushti massalarni yumshatib, eritib, limfa tizimidan toksinlarni olib tashlashga yordam beradi. Shuning uchun bir osh qoshiq pajitnik urug‘ini  yarim litr suvga solib bilan iste’mol qilish shamollashni davolashda ichimlik sifatida ishlatiladi. Bundan tashqari, vitaminlashning qo‘shimcha samarasini oshirish uchun ichimlikka, limon yoki klyukva sharbati qo‘shiladi.

Toshkent shahar vakilligi xodimi

Zoirjon SODIQOV

tayyorladi

Tabobat
Boshqa maqolalar

Balog‘at ilmining ahamiyati

15.01.2025   3028   3 min.
Balog‘at ilmining ahamiyati

Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.

Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.

Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”

Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”

Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.

Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.

Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.