Muso alayhissalomga Allohning huzuriga borishdan oldin o‘ttiz kecha ibodat qilish amr qilindi, so‘ngra bu qirq kechaga chiqarildi. “Va Biz Muso bilan o‘ttiz kechaga va’dalashdik. Keyin esa buni o‘ni bilan to‘ldirdik. Shunda Parvardigoringiz belgilagan vaqt to‘la qirq kecha bo‘ldi” (A’rof, 142)
Shu yo‘l bilan uning qalbi buyuk uchrashuvga tayyorlandi. Ayni shaklda Payg‘ambarimiz alayhissalomga ham nubuvvatning ilk yillarida nozil bo‘lgan Muzzammil surasida tunlarni ibodat bilan o‘tkazish haqida so‘z yuritilgan. Payg‘ambar alayhissalom va ilk musulmonlar bunga juda noziklik ila rioya etganlar. Ulamoning ta’kidlashicha, Islom kelgan kezlarda tungi ibodat musulmonlarga farz bo‘lgan – dastlabki yillarda nozil bo‘lgan – ayni suraning oxirgi oyatida esa musulmonlarga bu borada bir oz yengillik berilgan.
Mana bu bu oyatda Payg‘ambar alayhissalom va ummatlarining bu harakatlari maqtalgan:
“(Ey Muhammad!) Albatta, Rabbingiz Siz va Siz bilan birga bir toifa (sahobalaringiz) kechaning ikkisidan ozrog‘ida, ba’zida uning yarmida va (goho) uchdan birida (bedor bo‘lib, namozda) turishlaringizni bilur…” (Muzzammal, 20)
Boshqa oyati karimada esa kufrga botgan nopok kimsa bilan tunlarni ibodatda o‘tkazgan mo‘min qiyoslanadi:
“Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxirotdan qo‘rqadigan va Parvardigorining rahmatidan umid qiladigan kishi (bilan boshqalar barobarmi?!) (Zumar, 9).
Tungi ibodatning mo‘minning ma’naviy yuksalishida o‘ziga xos o‘rni bor. Uning ko‘ngil iqlimi bu soatda Rabbiga qulluq etish ila teran bir xushu va xuzuga g‘arq bo‘ladi. Chunki u shu soatda Rabbi bilan yolg‘iz qoladi. “Dunyoda bir g‘arib, bir yo‘lchi, qabr ahlidan biri kabi bo‘l” (Buxoriy, Termiziy rivoyati) adi, hushuning siriga yetadi. Yo‘l qo‘ygan xatolarini afu etishini tilaydi va yangi kunga yanada bir bandalik shuuri ila kiradi.
Tungi ibodat ichida zikr etilgan bir masala – namozning ortidan bo‘lsin, mustaqil bo‘lsin – Qur’oni karim tilovat qilmoqdir. Yana tungi ibodatga amr kelgan ilk oyatlarda, hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karimni tartila ila o‘qish amr etilganidir (Muzzammil, 4)
Tartila o‘qish – Qur’oni karim oyatlarining lafzlariga sekin-asta urg‘u berib borib, harflarning maxrajlarini joyidan chiqarib, oyatlarning ma’nolarini taafkkur qilib, ruhiga joylab o‘qimoqdir. Shunday o‘qisa, mo‘min Qur’oni karimning barakotidan yanada ko‘p fayz oladi. Parvardigorimizning amrlarini yanada teranroq tushunadi. Zero, davomida:
“Albatta, Siz kechasi (ibodat uchun bedor bo‘lib) turish faoliyat jihatidan og‘irroqdir, (lekin) so‘z (so‘zlash, qiroat qilish) jihatidan qulayroqdir”, deb amr etmoqilmoqda (Muzzammil, 6)
Shunday qilib, Payg‘ambarimiz alayhissalom Alloh taoloning bu amriga rioya etib o‘qigani juda ko‘p xabarlarda keltirilgan. Xususan,
“Shuningdek, Qur’onni tilovat qilishga ham (buyuurilgandirman)...” (Naml, 92)
Oyatining tafsirida bunday deyiladi:
“Qur’oni karimning tilovati yoki uni anglash asnosida haqiqatlarning menga peshma-pesh ochilishi uchun tilovatda davom etishim amr etildi. Chunki xuddi shunday tilovatda davom etishim, ilohiy fayz va muqaddas sirlar eshiklari ochilishiga sabab bo‘ladi”.
Xabarlarga ko‘ra, Payg‘ambar alayhissalom tun yarmida namoz ortidan qiroat qilayotib,
"Agar ularni azoblasang, albatta, ular (O‘z) bandalaringdir…" (Moida, 118)
Oyatini tongga qadar qayta-qayta o‘qigan ekanlar.
Bu – Nabiy alayhissalomning biz ummatlariga behad minnatdorchiligining birgina ifodasidir.
Ahli kitoblardan musulmon bo‘lib, tungi ibodatga e’tiborli bo‘lganlarning hollari quyidagicha ma’lum qilingandir:
“Ularning hammasi barobar emas. Ahli kitoblar orasida tuni bilan sajda (ibodat) qiladigan, Allohning oyatlarini tilovat qilib chiqadigan to‘g‘ri jamoa ham bor” (Oli Imron, 113).
Alloh taolo imon keltirgan bu kishilarni maqtar ekan, ularning ham Allohning oyatlarini tilovat qilishlari hamda sajda etishlarini aytmoqda. Ya’ni ularning tahajjud vaqtidagi Qur’on o‘qishlari maqtovga loyiq topilgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizga o‘rgatgan jamiki amallar va ibodatlar bizning yanada ongli hayot kechirmog‘imiz, Rabbbimizni tanimog‘imiz uchundir. Allohni va Rasulini yanada yaxshiroq tanimog‘imiz, qalbimizda nish otayotgan muhabbatimiz barq urib rivojlanishi uchundir. Jumalar, ramazonlar, muborak kechalar… bularning hammasi savob ishlab olmog‘imiz uchun bizga bir marhamatdir. Mo‘minning hayotida beg‘amlik bo‘lmaydi. Mo‘min koinot muntazam harakatlanib, yangilanib turgani kabi harakatda bo‘ladi. Kunimizdagi qish fasli ham uning hayotida shunday g‘oyaga xizmat qiladi.
O‘MI matbuot xizmati
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.