Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

E’LON! O‘ZBЕKISTONDA QUR’ONI KARIM QIROATI BO‘YICHA MUSOBAQA O‘TKAZILADI

22.12.2017   16993   8 min.
E’LON! O‘ZBЕKISTONDA QUR’ONI KARIM QIROATI BO‘YICHA MUSOBAQA O‘TKAZILADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janoblari 2017 yil 1 sentyabrda “Hazrati Imom” majmuasida davlat, jamoat va diniy soha xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi birgalikda Respublikada ommaviy suratda va turli bosqichlarda Qur’on qiroati musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdilar. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi buyrug‘iga asosan 2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda Qur’on musobaqasini o‘tkazish belgilab olindi.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu Qur’on musobaqasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari  va Toshkent islom universiteti talabalaridan tashqari, masjidlardagi imom-xatiblar, imom noiblari, muazzinlar hamda Qur’oni karim qiroati bo‘yicha iqtidori bo‘lgan 18-40 yoshdagi barcha erkagu ayol fuqarolarimiz ishtirok etishlari mumkin.

Musobaqa ikki yo‘nalish bo‘yicha olib boriladi: hifz va tilovat. Hifz yo‘nalishida Qur’oni karimni to‘la yod olgan qori va qoriyalar, tilovat yo‘nalishida esa Qur’onni go‘zal tarzda tilovat qila oladigan fuqarolar ishtirok etadi.

Ishtirokchilar yoshga ko‘ra ikkiga taqsimlanadi:

18‒25 yoshdagi ishtirokchilar;

25‒40 yoshdagi ishtirokchilar.

Musobaqaning tuman (shahar) va viloyat bosqichlari, shuningdek, mazkur o‘quv yurtlaridagi saralash bosqichi 2018 yilning boshidan mart oyiga qadar hamda bularning barchasi uchun respublika bosqichi 2018 yil aprel oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Musobaqaning birinchi bosqichi viloyatlardagi bosh shahar va markaziy tumanlarda (3‒4 ta tumanda) bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar doimiy ro‘xatdan o‘tgan manzillari asosida qaytdan o‘tadilar. Ro‘yxatga olish 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab 10 yanvarigacha davom etadi. Ushbu Qur’on musobaqasida ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolar O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatlardagi vakilliklariga murojaat qilishlari tavsiya etiladi (Murojaat uchun telefon raqamlar quyida berilgan).

Ayol-qizlar o‘rtasidagi Qur’on musobaqasi o‘ziga xos, sharqona tartiblarga rioya etilgan holda o‘tkazilishi ta’minlanadi. Bunga viloyatlardagi vakilliklar qoshida xizmat ko‘rsatayotgan otin oyilar mas’ul qilinadi.

Birinchi bosqich g‘oliblari viloyat bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi. Viloyatda birinchilikni qo‘lga kiritganlar respublika bosqichiga yo‘llanma oladi.

Musobaqaga doir boshqa xabarlarni bilish uchun Diniy idoraning muslim.uz saytini muntazam kuzatib boring.

O‘zbekiston qorilari musobaqasini yuqori saviyada, har taraflama manfaatli, xalqaro talablarga javob beradigan tarzda o‘tkazish to‘g‘risida 2017 yil 18 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi qaror qabul qildi va ushbu musobaqa uchun diniy idora qoshida maxsus hay’at tuzildi. Ushbu hay’at butun Respublika bo‘ylab faoliyat yuritadi.

Musobaqa haqida O‘MI qoshidagi hay’at kotibiyati bilan bog‘lanish uchun quyidagi raqamlarga murojaat qilishingiz mumkin:

+998711487770, +998998987277

Musobaqada ishtirok etmoqchi bo‘lgan har bir fuqaro o‘z viloyatidagi O‘MI vakilligiga murojaat qilib, ro‘yxatdan o‘tadi. Musobaqada ishtirok etuvchi aholisi ko‘proq bo‘lgan viloyatlarda musobaqa o‘tkaziladigan tumanlarda ham ro‘yxatga olish ishlari olib borilishi mumkin. Ro‘yxatga olish 2018 yil 1 yanvardan 10 yanvargacha ertalab soat 09:00dan kechgi soat 19:00gacha davom etadi.

 

O‘zbekiston Qur’oni karim qiroati musobaqasining shahar va tuman bosqichini o‘tkazish bo‘yicha

JADVAL

 

Viloyat va shahar nomi

O‘tkazish joyi

Shahar va tuman bosqichini o‘tkazish sanasi

1.

Jizzax viloyati

O‘MI Jizzax  viloyati vakilligi

+998973257243

Botirxon Ro‘ziyev

11-13.01.2018

2.

Sirdaryo viloyati

O‘MI Sirdaryo  viloyati vakilligi

+998911019820

Dilmurod Sulaymonov

11-13.01.2018

3.

Samarqand viloyati

O‘MI Samarqand  viloyati vakilligi

+99893485870

Yoqubjon Mansurov

14-16.01.2018

4.

Buxoro viloyati

O‘MI Buxoro  viloyati vakilligi

+998956000031

Anvarjon Nurillayev

14-16.01.2018

5.

Navoiy viloyati

O‘MI Navoiy  viloyati vakilligi

+998919911555

+998939507303

Muzaffar Rahmonov

16-18.01.2018

6.

Qoraqolpog‘iston Respublikasi

Qoraqolpog‘iston Respublikasi vakilligi

+998934897670

Zulfiqor Sapashov

19-21.01.2018

7.

Xorazm viloyati

O‘MI Xorazm  viloyati vakilligi

+998622284438

+998937572557

Bobojonov Hamid

19-21.01.2018

8.

Qashqadaryo viloyati

O‘MI Qashqadaryo  viloyati vakilligi

+998972004716

Bobomurodov Nazrulloh hoji

22-23.01.2018

9.

Surxondaryo viloyati

O‘MI Surxondaryo  viloyati vakilligi

+998912382717

Abdusalom Fathullayev

22-23.01.2018

10.

Andijon viloyati

O‘MI Andijon viloyati vakilligi

+998742280196

+998916107040

Nurulloh Qodirov

25-27.01.2018

11.

Namangan viloyati

O‘MI Namangan viloyati vakilligi

+998906429977

Obidxon Ikromov

27-29.01.2018

12.

Farg‘ona viloyati

O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi

+998914532870

Husniddin Tursunzoda

29-31.01.2018

13.

Toshkent viloyati

O‘MI Toshkent viloyati vakilligi

+998903482262

Sultonov Farrux

01-02.02.2018

14.

Toshkent shahri

Toshkent shahar vakilligi

+998712351733

+998974206264

+998949320022

Murodjon Kadirov

03.04.2018

 

Ushbu jadval asosida shahar va tumanlarda saralash bosqichi o‘tkazilgach, ulardan har bir yo‘nalishning birinchi raqamli g‘oliblari viloyat bosqichida qatnashadi.

Respublika bo‘yicha viloyat bosqichlari fevral oyi ichida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ularni o‘tkazish sanasi va manzili kelgusi xabarlarda e’lon qilinadi.

 

 O‘MI Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Masjid qurish va quduq chiqarishning savobi

04.07.2025   4464   9 min.
Masjid qurish va quduq chiqarishning savobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا قَدِمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ وَأَمَرَ بِبِنَاءِ الْمَسْجِدِ، قَالَ: يَا بَنِي النَّجَّارِ، ثَامِنُونِي بِحَائِطِكُمْ هَذَا، قَالُوا: لَا وَاللهِ، لَا نَطْلُبُ ثَمَنَهُ إِلَّا إِلَى اللهِ تَعَالَى، أَيْ فَأَخَذَهُ فَبَنَاهُ مَسْجِداً. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida:

«Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar.

«Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.

Bas, u zot uni olib, masjid qurdilar».

Uchovlari rivoyat qilganlar.

Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasining o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganliklari haqida so‘z bormoqda.

Bani najjorliklarning bu himmatlari keyin ham barcha zamonlar va makonlarning muxlis musulmonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Masjid uchun hech narsasini ayamaslik yaxshi odat bo‘lib qolgan. Faqat musulmonligini emas, balki odamiyligini ham unutganlargina boshqacha tasarruf qilishi mumkin.

عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفَرَ بِئْرَ رُومَةَ فَلَهُ الْجَنَّةُ، فَحَفَرْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim Ruma qudug‘ini kovlasa, unga jannat bo‘lur», deganlarida uni men kovladim».

Buxoriy, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.

Boshqa rivoyatlarda:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. «Kim quduqni sotib olib, o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur», dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim», deyilgan.

U Bani g‘iforlik bir kishining bulog‘i edi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, o‘z chelaklarida ular bilan bir qatorda suv olib, ichib yurdilar.

عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمَّ سَعْدٍ مَاتَتْ، فَأَيُّ الصَّدَقَةِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: الْمَاءُ، فَحَفَرَ بِئْرًا وَقَالَ: هَذِهِ لِأُمِّ سَعْدٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ: فَتِلْكَ سِقَايَةُ سَعْدٍ بِالْمَدِينَةِ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.

Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«U kishi roziyallohu anhu:

«Ey Allohning Rasuli, Ummu Sa’d vafot etdi. Qaysi sadaqa afzal?» dedi.

«Suv», dedilar u zot.

Bas, u quduq qazidi va:

«Bu Ummu Sa’dga», dedi».

Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar va:

«Ana o‘sha Sa’dning Madinadagi suvxonasidir»ni ziyoda qilganlar. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.

Ushbu rivoyatdan savobini ma’lum kishiga atab vaqf qilish joizligi kelib chiqmoqda.

O‘sha vaqtda musulmonlar jamoasining ehtiyojiga binoan, shu ish qilingan. Keyinchalik ushbu ma’noda turli vaqflar qilingan. Turar joylar, madrasalar, muhtojlarga maosh bo‘ladigan narsalar vaqf qilingan.

Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.

Dinimizdagi vaqflar tushunchasini hozirgi kundagi xayriya jamiyatlari tushunchasiga o‘xshatish mumkin. Albatta, ikkisi o‘rtasidagi farq juda ham katta. Bu nozik farqlarni ularni sinchiklab o‘rgangan kishilar yaxshi anglab yetishlari mumkin.

A’zolari oliymaqom insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ummatgina hayotga, taraqqiyotga va dunyoda peshqadam bo‘lishga loyiqdir. Mazkur oliymaqom insoniy fazilatlardan yaxshilik, xayr-ehson va mehru shafqat barq urib turadi hamda ulardan jamiyatdagi barcha tabaqalar bahramand bo‘ladilar.

Musulmonlar xuddi ana shu oliymaqom fazilatlar bilan butun dunyoga yaxshilik urug‘ini sochgan jamoa a’zolaridir. Ular Qur’oni Karim va Payg‘ambarlari Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan butun mavjudotga yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarga amal qilgan holda yaxshilik, xayr-ehson va mehr-shafqat ulashib kelganlar.

Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan.

Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskinlar, faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.

Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Mu’oz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib, katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor bo‘lgan barcha sahoblar vaqflar qilganlar.

Bu haqda ulkan sahobiy Jobir ibn Abdulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhojir bo‘lsin, ansoriy bo‘lsin, qudrati yetgan sahobalaridan biror kishining sotilmaslik, merosga qolmaslik va hadya qilinmaslik sharti ila o‘z molidan vaqf qilmaganini bilmayman», deydilar.

Keyin kelgan musulmonlar ham bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular hisobsiz bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli-joylarni va boshqa turli-tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.

Mazkur vaqflar ikki xil bo‘lgan:

Birinchisi – davlat tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Ikkinchisi – shaxslar tomonidan tashkil qilingan vaqflar.

Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar.


Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e’tiborga sazovor ishlaridan biridir.

Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya – zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi.

Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.

Yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga atalgan alohida vaqflar ham hamma joylarda yetarli ravishda bo‘lgan. Kishilarga turli taomlar, non, go‘sht, holva va boshqa narsalarni tarqatadigan xayriya oshxonalari ham juda ko‘p bo‘lgan.

Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj hamda ziyoratga kelganlarga atalgan takiyalar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan hozirga qadar ko‘pchilik foydalanib kelmoqda.

Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta’minlash niyatida hamma joylarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham ko‘p bo‘lgan.

Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.

Tashlandiq va yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta’minlash bilan birga, ularni xatna qildirishga ham katta ahamiyat berganlar.


Shuningdek, ko‘zi ojiz, shol va nogiron kishilarga atalgan vaqflar ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qilganlar.

Qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan vaqflar ham bo‘lgan.

Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma joylarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.

Emizikli onalarni sut va qand bilan ta’minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal’asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib, biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qandli suv olib ketar edilar.

Idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan vaqflar o‘yinqaroqlik qilib, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yangi idish berar edilar. Bolalar esa yangi idishlarni olib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, ota-onalari huzurlariga bemalol boraverar edilar.

Musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foyda topar edi. Hatto qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ham turli joylarda o‘z xizmatlarini ado etar edi.


«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi