Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Qizlarga aytarlarim

22.12.2017   14080   2 min.
Qizlarga aytarlarim

Qiz bolaning kiyimi o‘ziga yarashib tursin. Nari borsa, barmog‘ida bitta nozik bandli uzuk va qulog‘ida kichik sirg‘a bo‘lsa, yetarli. Uzuk, bilaguzuk, bo‘yinga taqadigan turli munchoqlar kelinchaklar ziynati. Ularni uyda, qarindosh-urug‘lar to‘yida taqib olsa yarashadi. Ammo jamoat joyiga, o‘quv yurtlariga  o‘ta uzun osilmachoq sirg‘alar taqib kelish, o‘ta yaltir-yultir buyumlarni soch va ko‘ylakka qadab yurish  odobdan emas.

 

* * *

Farosatli qizlar kir yuvsa yoki biror og‘irroq ishga unnasa, ishini tugatib, tezda yuvinadi va kiyimlarini almashtirib, o‘ziga qarab oladi. Ovqat pishirganida, albatta, boshiga ro‘mol o‘raydi. Soch to‘kilishidan yoki yog‘ isi sochga o‘rnashib qolishidan o‘zini saqlaydi. Qizlarning uy kiyimlari oson yuviladigan, g‘ijim bo‘lmaydigan, eng asosiysi, qimmatbaho bo‘lmasa ham, chiroyini ochib, ish qilishiga halaqit bermaydigan bo‘lishi kerak.

 

* * *

Onamlarimiz tut pishib bolga to‘lganida to‘yib-to‘yib yeb olishardi-da, qolganini ezib, yuzlariga surishardi. Vaqti-vaqti bilan bodring, pomidor, olmani ham ezg‘ilab, yuzga surishardi. Yuzga qatiq yoki suzma surish ham momolardan qolgan yaxshi odat.  Shunday qilinsa, rangga rang, tanaga tetiklik kiradi. Onam qiz va kelinlarga o‘sma, xina qo‘yib, orolanishni tez-tez uqtirardilar.  O‘sma tarkibidagi tanin moddasi qosh va kipriklarga quvvat bo‘ladi. Sochi qazg‘oqli qizlar vaqti-vaqti bilan o‘smani ezib, soch ildizlariga surtib tursa, sochi baquvvat tortib, qazg‘oqdan asar ham qolmaydi.

 

* * *

Ayrim ayollar yosh ko‘rinamiz deb sochlarini kesadi, ranglarga bo‘yaydi, kipriklar ulab, qoshlariga mo‘ychinak tekkizadi,  lekin baribir yillar asoratini berkitolmaydi.  Ayrimlar esa, Yaratganning berganiga shukr qiladi, qosh-ko‘z borasida “yaratuvchanlik” qilmaydi. Kiyinishda, bezanishda  oddiylikni tanlaydi. O‘sma, xina bilan orolanadi. Balki shuning uchun yosh va tetik ko‘rinar...

 

Umida ABDUAZIMOVA

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yarimta olma haqqi

21.07.2025   1836   2 min.
Yarimta olma haqqi

Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:

– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.

– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.

– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.

Shunda bog‘ egasi:

– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.

Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:

– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.

Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.

Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.

Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.

“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.

Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.