Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh taoloning qabul etishiga ishongan holda duo qilinglar. Chunki U g‘aflatdagi qalb duosini qabul etmaydi”
(Termiziy, Hokim rivoyati).
“Yo Alloh, Sendan foydasiz ilm, qabulsiz amal va ijobatsiz duodan panoh tilayman”
(Imom Ahmad, Bayhaqiy rivoyati).
“Yo Alloh, jismimni qanday chiroyli yaratgan bo‘lsang, xulqimni ham shunday chiroyli qilgin”
(Imom Ahmad rivoyati)
“Yo Alloh, Sendan qashshoqlikdan, yetishmovchilikdan, xorlikdan, birovga zulm qilishdan yoki zulm qilinishdan panoh tilayman”
(Abu Dovud, Nasaiy, Ibn Moja rivoyati).
“Yo Alloh, Sendan g‘am-tashvishdan, xafalikdan, ojizlikdan, dangasalikdan, baxillikdan, qo‘rqoqlikdan, qarzdorlikdan va xorlikdan panoh tilayman”
(Buxoriy, Muslim, Nasaiy rivoyati).
“Yo Alloh, meni ilm bilan boyit, hilm bilan bezat, taqvo bilan mukarram et, xotirjamlik bilan go‘zal qil!”
(Ibn Najjor rivoyati).
Hijri Ismoil — Ka’ba yaqinida joylashgan yarim oy shaklidagi hudud. Hijri Ismoil “Ismoil toshi” degan ma’noni anglatadi. Aynan shu yerda Ibrohim alayhissalom rafiqalari Hojar va o‘g‘li Ismoilni qoldirganlar. Hijri Ismoil Xatim ham deb nomlanadi. Xatim deb nomlanishiga sabab u Ka’badan sindirib, ya’ni ajratib olingandir.
Hijri Ismoil haqida qiziqarli ma’lumotlar
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan…», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.