Bugun, 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi Rustam Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va bir necha ulamolardan iborat delegatsiya Ozarbayjon davlatining Boku shahrida o‘tkaziladigan xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
Ozarbayjonda 2017 yilni “Islom birdamligi yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan ushbu davlat tashabbusi bilan qator ma’rifiy yig‘inlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Shu yil 18 oktyabr kuni Toshkent shahrida Ozarbayjon davlati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” nomli xalqaro konferensiya ham mana shu tadbirlar sirasidan edi. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi anjumanlar Ispaniya, Turkiya, Rossiya, Eron kabi mamlakatlarda ham o‘tkazildi.
Yil davomida amalga oshirilgan tadbirlarning yakuni sifatida 2017 yil 21-22 dekabr kunlari Ozarbayjon davlatining poytaxti Boku shahrida “2017 yil – Islom hamjihatligi yili: dinlararo va madaniyatlararo muloqot” nomli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi. Unda 40 dan ortiq davlatlardan 200 ga yaqin din peshvolari, ulamolar, olimlar, muftiylar va soha mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur tadbirlar Islom dini qadriyatlarini asrab-avaylash, turli noxolis qarashlardan himoya qilish va musulmon davlatlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilganligi bilan juda ham ahamiyatlidir.
Anjumanda muhokama qilinadigan dolzarb masalalarni saytimizda muntazam yoritib borishni rejalashtirganmiz. Bizni kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati