Yaxshi niyat va ezgu amallar sohibini jannat sari yetaklovchi ishlar ekani ma’lum. Inson niyatini to‘g‘ri qilsa, nafsini turli yomonliklardan poklasa, albatta, u dunyo va oxiratda baxtlilar qatorida bo‘ladi. Alloh taolo: “(Qasamyod etaman), haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur”, deydi (Shams, 9). Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ushbu mazmunli oyatni tilovat qilganlaridan so‘ng, Alloh taologa bunday duo qilar ekanlar: «Yo Alloh, nafsimga taqvo ato et, O‘zing uning Xojasisan va eng yaxshi Poklaguvchisan».
Nafsni poklash Alloh taoloning g‘azabidan qo‘rqib gunohlardan tiyilish, imonni quvvatlantiradigan amallarda davomli bo‘lish va Undan mag‘firat so‘rab, ixlos bilan tavba qilish bilan bo‘ladi. Gunohlardan tiyilmagan bandaning qalbi xotirjam bo‘lolmaydi va ibodati ham halovatsiz kechadi. Hazrat Ali (roziyallohu anhu) bunday nasihat qiladi: «Dunyoga hirs qo‘yishdan qalbda zulmat paydo bo‘ldi. Alloh taolo g‘azabidan qo‘rquv, qanoat, Qur’oni karimga amal qilish va oxiratga tayyorgarlik ko‘rish kabi amallar u (zulmat)ni tarqatib yuboradi».
Shubhasiz, Alloh taologa muhabbat, qo‘rquv insonni kamtarin, sabrli, amallarda, Yaratganni ko‘rmasa ham, U ko‘rib turganini his etadigan qilib qo‘yadi. Hadisda: «Alloh taoloni ko‘rib turganingdek ibodat qil. Garchi sen Uni ko‘rmasang ham U seni ko‘radi» (Imom Muslim rivoyati), deyilgan. Donishmandlar, Haq taolodan qo‘rqqan inson nafsini har soniyada nazorat qilib, xuddi tijoratdagi sherigi bilan hisob-kitob qilganidek, u bilan hisoblashadi, deyishgan.
Gunohlardan saqlanib, yaxshilik qiluvchilarga jannat va’da qilingan. Unga erishish yo‘li esa oson kechmaydi. Qur’oni karimda: «Alloh taqvoli bo‘lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan (hamisha) birgadir» (Nahl, 128), deyilgan.
Shu bois mo‘min kishi dunyoga mukkasidan ketmagan, qo‘li va tili bilan boshqalarga zararsiz, yomon so‘z va ishlarni qilmaydigan, ibodatlarda g‘ayratli bo‘lmog‘i lozim. Qiyinchilik va kenglik kunlarida ham saxiy, qalbi keng bo‘lish qo‘rquvning belgisi, deb bayon qilingan. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) kishilarning hurmatlisi kim, deb so‘rashganida, u zot: «Ulardan eng taqvolisi», deb aytganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Qur’oni karimda taqvodorlar uchun tayyorlangan kengligi osmonu yerga teng jannatga shoshilishga buyurilgan. Mufassirlar, jannatga shoshilish bu ibodatlarni vaqtida ado etish, jamoatni tark etmaslik, tavba va ixlosda davomli bo‘lish kabi amallardir (Nasafiy tafsiri, 1 jild, 182 bet), deydi. Demak, jannatga erishishning eng oson yo‘li ezgu niyat va yaxshi amallar bo‘ladi. Shunda nafs ham poklanadi va inson najot topadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
عن أبي هريرة رضي الله عنه: عن النبي صلي الله عليه وسلم قال: مَن أنْفَقَ زَوْجَيْنِ في سَبيلِ اللَّهِ، دَعاهُ خَزَنَةُ الجَنَّةِ، كُلُّ خَزَنَةِ بابٍ: أيْ فُلُ هَلُمَّ، قالَ أبو بَكْرٍ: يا رَسولَ اللَّهِ، ذاكَ الذي لا تَوَى عليه، فقالَ النبيُّ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ: إنِّي لَأَرْجُو أنْ تَكُونَ منهمْ. رواه البخاري.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohning yo‘lida bir juft (narsa) nafaqa qilsa, uni jannat xozinlari chaqiradi. Har bir eshik xozini: “Ey falonchi, kel bu yoqqa”, (deydi)”, dedilar. Abu Bakr: “Yo Allohning Rasuli, zoye bo‘lmaydigan o‘sha ekan-ku”, dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Sen ulardan bo‘lishingni umid qilaman”, dedilar.
Ushbu hadisi sharifda rahmat payg‘ambari Sayyidimiz Nabiy alayhissalom biz ummatni oson, ammo Alloh taoloning huzurida katta darajalarga, ajr-mukofotga yetkazadigan amalga buyuryaptilar. E’tibor bilan qaraladigan bo‘linsa, hadisi sharifda aytilayotgan amalni hammamiz har kuni qila olishimiz mumkin bo‘lgan amalki, hech birimiz Alloh taoloning fazl-u marhamatidan umidimizni so‘ndirmasak ham bo‘ladi.
Hadisi sharifda “bir juft”, deyildi. Bunda har qanday narsadan bir juftni tushunishgan ushbu hadisni sharhlagan ulamolarimiz. Bir juft kiyim, bir juft dirham, bir juft dinor, bir juft non, bir juft taom va hokazo. Insonga yordami tegishi mumkin bo‘lgan, unga foyda berishi mumkin bo‘lgan har qanday narsa tushuniladi. Demak, aynan qaysidir narsaning qanday turini infoq qilish shart emas. Kishi topganini musulmon birodariga ilinib uni sadaqa qilsa hadisi sharifda aytilayotgan va’daga yetishi aniq ekan. Qarang, ushbu hadisi sharifda zikr qilingan amalni ixlos bilan, yolg‘iz Alloh taoloning roziligini ko‘zlab amalga oshiradigan bo‘lsak, jannatni hayotimizda doim uchraydigan, hamma ham qila oladigan, oddiy amal bilan qo‘lga kiritishimiz aniq ekan.
Savol tug‘iladiki, bu amalni bir marotaba qilsa kifoyami yoki doimiy shunday amalda bardavom bo‘lish kerakmi? Hadisi sharifdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bu amalni bir marotaba yoki doim qilgan odamga ushbu va’da yetishi mumkinligini tushunamiz. Mana shunday amalda chin ixlos-la, Alloh taoloning roziligini maqsad qilib sobit bo‘lgan odamga qiyomat kuni har bir Jannat darvozasida turgan farishtalar uni ey, falonchi, bu yoqqa, kel, deya chaqirar ekan.
Boshqa hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kim Alloh yo‘lida ikki bor infoq qilsa-biror narsa sarflasa (yoki ma’nosi: Alloh yo‘lida ikki juft ot, tuya, eshak, dinor va hokazo sarflasa), jannat eshiklaridan biridan chaqiriladi: kim namoz ahlidan bo‘lsa, namoz eshigidan, kim jihod ahlidan bo‘lsa, jihod eshigidan, kim ro‘za ahlidan bo‘lsa, rayyon eshigidan, kim sadaqa ahlidan bo‘lsa, sadaqa eshigidan chaqiriladi”. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu shunda: “Yo Alloh payg‘ambari, ota-onam sizga fido bo‘lsin, barcha eshiklardan kirish fazilati ham bo‘larmikan, biror kishi barcha eshiklardan ham chaqirilib qoladimi?” deb so‘radilar. Payg‘ambar alayhissalom: “Ha. Siz o‘shalardan bo‘lsangiz kerak”, deb javob berdilar.
Ulamolardan Ibn Abdul Barr rahimahulloh “At-Tamhid” nomli asarlarida (7/184-185 betlar) quyidagilarni aytadilar:
“Ushbu hadisdan olinadigan foydalardan biri shuki, Islom targ‘ib etgan amallarni bajarishda har kim ham hamma sohada ilg‘or bo‘lolmaydi, birida jonbozlik ko‘rsatsa, aksar hollarda boshqasidan mahrum qolishi mumkin, juda kam holatlarda bularning barchasi bir kishida to‘planadi, Abu Bakr roziyallohu anhu ana shunday nodir kishilardan edilar. Bu hadisda yana shunga dalolat borki, bir narsaga ko‘proq odatlangan kishi o‘shanga mansub etib qayd etiladi (albatta, bu yerda farzi ayndan tashqari bo‘lgan ibodatlar haqida gap ketmoqda). “Kim namoz ahlidan bo‘lsa”, degan so‘zlariga e’tibor bering, ya’ni, “kim namozdan ko‘paytirgan, ko‘p o‘qigan bo‘lsa” degani. Negaki, hamma ham namoz ahlidan ekani ma’lum. “Kim jihod ahlidan bo‘lsa”, “kim ro‘za ahlidan bo‘lsa” deganlari ham shu ma’noda.
Imom Molikning Abdulloh ibn Abdulaziz Umariy nomli zohid, obid kishiga aytgan so‘zlari ham shunga o‘xshab ketadi. Mazkur zohid bir kuni imom Molikni ko‘proq uzlatga da’vat etib, zikru namoz, amalni ko‘paytirishga, odamlar bilan hadeb o‘tiravermaslikka chaqirib xat yozadi. Imom Molikning unga javobi quyidagicha bo‘lgan edi: (Alloh taolo xuddi rizqlarni bo‘lib berganidek, amallarni ham taqsimlab qo‘ydi; ba’zilarga namozda g‘ayrat berilib, ro‘zada uncha berilmagan bo‘lsa, ayrimlar ro‘zada peshqadam bo‘lib, namozda bunday bo‘lmagan, yana boshqalar sadaqada jonbozlik ko‘rsatib, ro‘zada ilg‘or bo‘la olmagan, tag‘in birlar jihodda o‘rnak bo‘lib, namozda o‘rtahol bo‘lgan. Ilmni yoyib, undan ta’lim berish eng afzal ezgu amallardan hisoblanadi. Bu borada Alloh taolo menga berib qo‘yganiga roziman. Men qilayotgan ish siz qilayotgan amaldan quyi bo‘lmasa kerak, ikkimiz ham yaxshilik ustidamiz, deb umid qilaman)”. Ibn Abdul Barrdan keltirilgan iqtibos tugadi.
Demak, hayotimizning jabhalari turlicha. Insonlar ham turli xil tabiat, turli xil qarash, turfa xillik bilan yaratilgan. Ularning dunyo qarashi, qiziqishi, biror bir narsaga bo‘lgan rag‘bati ham turli xil. Mana shularni juda yaxshi bilgan Robbimiz Alloh taolo barchamizni O‘zining rahmat nabiysi sayyidimiz Muhammad alayhissalomning muborak tillari bilan bizga ta’lim berib aytyaptiki, barchangiz hayotning turli xil jabhalaridan yurib mening roziligimni istanglar, har kim o‘ziga muyassar qilingan amal ila mening roziligimni topishga harakat qilsin! Zero, sizlarning qay biringizni qay bir amali qabul qilinishini Mendan o‘zga hech kim bilmaydi. Sizlarni ko‘zingizga katta ko‘ringan amalni qabul qilmasligim, sizlarning nazdingizda kichik, haqir ko‘ringan amalni qabul qilib, undan rozi bo‘lishim hamda uni amalga oshirgan bandamni jannatimga kiritishim ham mumkin.
Azizlar! Dinimiz barchamizni amalga buyuradi. U katta bo‘lsin, kichik bo‘lsin, har qanday amalni ixlos, muhabbat va asosiysi Robbimiz azza va jallaning roziligini istagan holda amal qilishga harakat qilishimiz lozimki, zero, Alloh taolo pokdir, pokni qabul qiladi. Alloh taolo barchamizni solih amallarda sobit qilsin! O‘zining roziligiga yetkazsin! Bizlarni nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarga qovushtirsin! Omin!
Abdulloh Abdulg‘ofir,
TII “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi.