Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmonga ilm-hunar egallash farzdir”, deb marhamat qilganlar. Bu hadis hikmatini teran anglagan ota-bobolarimiz hunarmandchilik, dexqonchilik, savdo-sotiq kabi halol kasblar bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratgan. Farzandlari ham ilmu hunar o‘rganib, tadbirli bo‘lishlariga alohida e’tibor berishgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir”, degan so‘zlari ham yurtimizda tadbirkorning mavqei azaldan yuqori bo‘lganini bildiradi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
“Kechani (barcha narsani yashirib turadigan) libos qildik. Kunduzni esa, tirikchilik vaqti qildik” (Naba’ surasi, 10-11).
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Kim tilanchilik qilishdan saqlanib, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat ko‘rsatish maqsadida halol yo‘lda rizq topishga intilsa, qiyomat kuni Alloh taologa yuzi to‘lin oydek yorug‘ bo‘lib yo‘liqadi”.
Demak, kishining halol rizq uchun harakat qilishi ham ibodat hisoblanar ekan.
Har qanday kasbni puxta bilish, mohir usta bo‘lish uchun o‘sha kasbga mehr berish, sirlarini mukammal egallash kerak. Hunariga muhabbati bor inson charchamaydi, mehnati natijasidan quvonadi. Kasbi tufayli atrofdagilarga yordami tegsa, dili quvonadi.
Inson o‘ziga berilgan aql-farosat, zehn-idrokni ishga solib, yaxshi niyatlar bilan kasb-hunar, tadbirkorlik, dehqonchilik qilib, oilasini boqishi, el-yurtga foyda keltirishi zarur. Zero, halol mehnat bilan kishi ulug‘ darajalarga yetadi.
Rustamjon MAHMUDOV,
“Sayyid Muhyiddin maxdum” islom o‘rta-maxsus bilim yurti mudarrisi
Joriy yilning 6 fevral kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Shoh Tolib” masjidiga tumandagi masjid imom-xatiblari, noiblari, “Haj-2024” ziyoratchilari, MFY raislari, hojilar taklif qilindi.
Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchilik qildi.
Tadbirning amaliy qismida mahallalarga kirilib, taklif, fikr-mulohazalar tinglandi. 100 ta xonadonning muammolari o‘rganilib, moddiy-ma’naviy ko‘mak berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati