Olimlar Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Balx vodiysida ko‘plab aholi manzilgohlarini ham topgan. Qo‘nalg‘alarning eng qadimiysi qariyb ming yil avval paydo bo‘lgan. Shu paytga qadar bu yerda atigi 77 ta ana shunday manzilgoh topilgan bo‘lib, sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar ularning soni mingdan ziyod ekanini ko‘rsatdi.
Bu haqda Science jurnalida chop etilgan maqolada ma’lum qilindi. Arxeologlar hududni o‘rganishda ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldosh hamda harbiy dronlardan foydalangan.
Tadqiqotchilar Afg‘oniston hududidan fanga avval ma’lum bo‘lmagan, lekin insoniyat tamaddunida katta ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab joylarni aniqlashgan. Xususan, XVI-XVII asrlarda bunyod etilgan 119 ta karvonsaroy Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab safar qilgan savdogarlarga boshpana vazifasini o‘tagan. Karvonsaroylar bir-biridan qariyb 20 kilometr olislikda joylashgan bo‘lib, bu o‘sha paytlarda karvonlarning bir kunlik bosib o‘tgan masofasi bilan teng.
Tadqiqotlar, shuningdek, Sistan va G‘ilmon viloyatlari hududidagi qadimiy aholi manzillarida irrigatsiya tarmoqlariga katta e’tibor qaratilganini ko‘rsatdi. Bu yerda barpo etilgan kanallar tarmog‘idan olimlarning fikricha, yerlarni sug‘orishda keng foydalanilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari bilan xalqimizning bag‘rikenglik va qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida "Qurbon hayiti" (Eid al-Adha) munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi.
Insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi "Astras" kompaniyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan.
Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llashdi.