Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mamlakatimizga rasmiy tashrif davomida ko‘rsatgan ehtiromi uchun minnatdorlik maktubini yubordi. Ushbu maktub bilan tanishing:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifimiz chog‘ida menga va Qirg‘iziston delegatsiyasiga ko‘rsatgan ehtiromingiz va mehmondo‘stligingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz.
Mening tashrifim joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida yanada mustahkamlangan oliy darajadagi ishonchli muloqotning mantiqiy davomi bo‘lganidan mamnunman.
O‘zaro anglashuv va ishonch muhitida o‘tgan muzokaralardan g‘oyat mamnunman.
Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonning xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik aloqalari, yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik munosabatlariga asoslangan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha erishilgan kelishuvlardan juda xursandman.
Yo‘lovchi transporti qatnovini qayta tiklash, tranzit tashishlarni ta’minlash va transport yo‘laklari ochish, shuningdek, eksport-import aloqalarini faollashtirishga qaratilgan qo‘shma rejalarning hayotga tatbiq etilishi oddiy fuqarolar turmush farovonligini oshirish hamda o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratishiga ishonchim komil.
O‘ylaymanki, Qirg‘iziston – O‘zbekiston davlat chegaralarining qolgan qismini delimitatsiya qilish ishlari o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida faol sur’atda davom etadi.
Sizning diplomatiyada yangi an’analarga asos solayotganingiz, davlatlararo ahamiyatga molik masalalarni hal qilishda nostandart va samarali yondashuvlarni namoyon qilayotganingiz tahsinga sazovor. Siz nafaqat Qirg‘iziston va O‘zbekiston, balki butun mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikka ijobiy sur’at bag‘ishladingiz.
Qirg‘iziston Sizning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusingizni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Biz bu tashabbusni amalga oshirish yo‘lida barcha sa’y-harakatlarimizni ishga solamiz.
Qadrli Shavkat Miromonovich!
O‘rtamizda do‘stlik va birodarlik munosabatlari qaror topganidan g‘oyat mamnunman.
Sizning tashrif davomida bir necha bor yangragan “dardingizni o‘z dardimiz, g‘alabangizni o‘z g‘alabamiz sifatida qabul qilamiz”, degan so‘zlaringiz qirg‘iz xalqiga ezgu munosabatingiz ifodasi bo‘lib, qalbimizdan chuqur joy oldi.
Sizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik va taraqqiyot tilayman.
Hurmat bilan,
Sooronbay Jeenbekov,
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti
Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.