Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim birodarining obro‘sini (to‘kilishidan, ya’ni g‘iybat qilinishidan) saqlasa, Alloh taolo uning yuzini (butun badanini) Qiyomat kunining olovidan saqlaydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
G‘iybat haqida turli tushunchalar bor. Uni odamlar har xil tushunadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga: “Sizlar g‘iybat nimaligini bilasizlarmi?” dedilar. Ular: “Alloh va Rasuli biluvchiroq”, deyishdi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Birodaringiz u haqida gapirgan so‘zingizni eshitib, xafa bo‘lsa, siz uni g‘iybat qilibsiz”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, biz aytgan sifat unda bo‘lsa-chi?” dedilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Shunda g‘iybat bo‘ladi. Agar siz aytgan sifat unda bo‘lmasa, unga bo‘xton qilgan bo‘lasiz”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Shuning uchun, boshqalar bilan gaplashayotgan vaqtda oramizda bo‘lmagan, ya’ni suhbatda ishtirok etmayotgan inson haqida, gapirishga zarurat tug‘ilsa, u haqida yaxshi so‘z aytishimiz lozim. Oramizda yo‘q odam haqida yomon so‘z aytilsa va obro‘sini to‘kilsa, gapirayotgan odamni to‘xtatish va birodarimizni himoya qilishimiz kerak. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek, zimmamizdagi burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Shu sabab banda Qiyomat kunida do‘zaxning alamli azobidan najot topib, Alloh taoloning ulug‘ mukofotiga sazovor bo‘ladi. Do‘stining obro‘sini himoya qilishga, g‘iybat qilayotgan kimsani to‘xtatishga kuchi yetmagan odam, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bergan talimga amal qilishi lozim bo‘ladi. Ya’ni, munkar ishni qo‘l va til bilan to‘xtatishga qodir bo‘lmagan odam, qalbi bilan inkor qilsin yoki suhbatni tark etsin. Alloh taolo Quroni karimda bunday marhamat qiladi: “Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir” (Hujurot, 12).
Ushbu oyatda ham Alloh taolo bandalarni g‘iybat qilmaslikka amr etmoqda. G‘iybatning harom, gunohi kabiralardan ekanini hamma ulamolar bir ovozdan ta’kidlaganlar. Bu ish naqadar qabih va naqadar yomon ekanligi oyati karimada ham bayon qilinmoqda.
Mazkur oyatdan g‘iybat qilish o‘lgan odamni go‘shtini yeyish bilan barobar ekani tushuniladi. Ma’lumki, insonning go‘shtini yeyish nafaqat Islom dinida, balki, boshqa dinlarda ham mumkin emas. Odam o‘lgandan keyin uning go‘shtini yeyishni esa xayolga keltirish, hatto, tasavvur qilish ham mashaqqat. Shuning uchun, oyatdagi: “yaxshi ko‘rasizmi?” degan savolga hech kim, “Ha”, deb javob bermaydi. Shu bois oyatning davomida: “Ha, yomon ko‘rasizlar!” deb ta’kidlanmoqda.
Oyatning davomida mazkur gunohni qilganlarni Allohdan qo‘rqishga chaqirilib: “Allohdan qo‘rqinglar”, deyildi. Shu bilan birga, avval bilmasdan g‘iybat qilib qo‘yilgan bo‘lsa, tezda tavba qilib gunohni yuvish mumkin ekani aytilmoqda. Shuningdek, Alloh taoloning fazli-marhamatidan noumid bo‘lmaslikka chaqirilmoqda.
Chin dildan nadomat chekib, qayta bu ishni qilmaslikka ahd qilib va unga vafo qilish tavbaning shartlaridir. Hamda kimni qayerda g‘iybat qilgan bo‘lsangiz, o‘sha yerda u odam haqida yaxshi gaplarni gapirish lozim. Shunda Alloh taolo tavbani qabul qiladi.
G‘iybatning sabablari juda ko‘p. Jumladan, g‘azabini to‘kib solish, boshqalarning suhbatiga qo‘shilish, o‘z obro‘sini ko‘tarish, hasad, o‘yin-kulgu va hazil qilish kabilar g‘iybatga sabab bo‘ladi. Ba’zida bir odam boshqa kimsaning jahlini chiqaradi. G‘azabi chiqqan odam uni yo‘qligida, g‘iybat qilib o‘ch olishga harakat qiladi. Ayrim hollarda tanish yoki ulfatlar bir kishini g‘iybat qilayotgan bo‘lsa, yoqish va yaxshi ko‘rinish niyatida ularga qo‘shiladi. Buni o‘zicha odamgarchilik deb o‘ylaydi. Aslida, u gunohga sherik bo‘ladi. Ba’zilar esa “Falonchi johil, fahmi yo‘q”, deb, o‘zlarini ilmli va o‘tkir fahmli qilib ko‘rsatishga urinadi. Ko‘pchilik bir kishini maqtasa, unga hasad qiladi va uni g‘iybat qilib, obro‘sini to‘kish payidan bo‘ladi. Ayrimlar boshqalarni kuldirish va davrani qizitish maqsadida ba’zilarni kamchilik va ayblarini aytib, g‘iybat qilishadi.
Inson g‘iybat tufayli Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lishi haqida fikr qilishi mazkur gunohdan saqlanishda muhim omil hisoblanadi. Shuningdek, banda qiyomat kuni g‘iybatchining savoblari olinib boshqaga berilishi yoki uning zimmasiga o‘zganing gunohlari yuklanishini doimo yodda tutishi lozim. G‘iybat payti hamma o‘zining ayblarini o‘ylasin va ularni tuzatishga kirishsin. O‘zining kamchilik va nuqsonlari bo‘la turib, boshqalarni ayblashdan uyalsin. Agar o‘zini ayblardan xoli bilsa, shukr qilsin. Inson o‘zini eng yomon ayb – g‘iybatchilik ila bulg‘amasin. O‘zini boshqalar g‘iybat qilishini xohlamaganidek, o‘zgalarni g‘iybat qilishni istamasin. G‘iybatga sabab bo‘ladigan illatlarni yo‘q qilishga harakat qilsin. Har dardning davosi uni keltirib chiqargan sabablarni yo‘q qilish bilan bo‘ladi.
Mo‘min-musulmonlar o‘zlari g‘iybatdan saqlanib, boshqalarni ham bu gunohdan tiyilishiga harakat qilishlari zarur. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon mo‘minning birodaridir. Har bir mo‘minning zimmasida musulmonlarning qoni, moli va obro‘sini himoya qilish burchi bor”, deganlar. Shuning uchun, har birimiz o‘z burchimizni to‘liq ado etmog‘imiz lozimdir.
Ibn Hajar Asqaloniyning “Qirq hadis” kitobi asosida
Abdusamad TOJIDDINOV
tayyorladi.
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi