Odamlar orasida “Falon zotni vasila qilib so‘rayman” deb duo qilish mumkin emasmi, degan savol ko‘p takrorlanadi. Chunki bunday duo qilish mumkin emasligiga ko‘plab dalillar borligini iddao qiladiganlar va uni joiz deguvchilarni tavhidni tushunmaslikda ayblaydiganlar yetarlicha topiladi. Ushbu holat mazkur ayblovchilarning dalillariga batafsilroq javob berish zaruratini taqozo qiladi. Shu ma’noda quyida vasila qilishni inkor qiladiganlarning dalillari va ularga berilgan javoblarning xulosalarini jamlashga harakat qilamiz.
Dastlab, vasila qilish deganda nima nazarda tutilganini to‘g‘ri tushunib olish lozim bo‘ladi.
Vasila lug‘atda “u bilan o‘zgaga yaqin bo‘linadigan narsa” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “duo ijobat bo‘lishi uchun Alloh taologa Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilish, vasila deb ataladi”.
Valiy lug‘atda “yaqin”, “do‘st” kabi ma’nolarni bildirib, ko‘plik shakli “avliyo” bo‘ladi. Istilohda esa: “Imkon qadar Alloh taoloni taniguvchi, toatlarda bardavom bo‘luvchi, yomonliklardan saqlanuvchi, shahvatlarga berilishdan o‘zini olib qochuvchi, dunyodan yuz o‘giruvchi, oxiratga yuzlanuvchi doimiy ravishda Robbisining zikrida bo‘luvchi zot valiy deyiladi”.
Demak ba’zilar duo qilishda mana shunday zotlarning nomlarini aytib: “Robbim falon do‘stingni vasila qilib so‘rayman” deyish joizligini inkor qilganlar. Ushbu inkor qiluvchilar asosan quyidagi dalillarni keltirganlar:
Alloh taolo Qur’oni karimda faqat O‘zidan yordam so‘rashni ta’lim bergan:
إِيَّاكَ نَعْبُدُ وَإِيَّاكَ نَسْتَعِينُ
“Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz” (Fotiha surasi, 4-oyat).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
إِذَا اسْتَعَنْتَ فَاسْتَعِنْ بِاللهِ
“Agar yordam so‘rasang Allohdan yordam so‘ra” (Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Ushbu kabi oyat va hadislarning umumiy ma’nosiga ko‘ra, mo‘min banda barcha hojatlarida faqatgina Alloh taolodan yordam so‘rashi, o‘rtaga hech kimni qo‘shmasligi shariat buyrug‘i hisoblanadi. Vasila qilish esa mazkur buyruqqa zid ishni sodir etishdir, deganlar.
Jumhur ulamolar bu dalillarga quyidagicha javob berganlar:
Shariatda faqat Alloh taolodan yordam so‘rashga buyruq bo‘lganidek, zohiriy sabablarni yuzaga chiqarishga ham buyuruq bordir. Ana shu zohiriy sabablardan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yoki avliyoullohlarni vasila qilib Allohga duo qilish hisoblanadi. Bunga quyidagi hadisi sharif yorqin dalildir:
عَنْ عُثْمَانَ بْنِ حُنَيْفٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَجُلاً أَعْمَى جَاء إِلَى النَّبِي صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ ادْعُ اللهَ أَنْ يَكْشِفَ عَنْ بَصَرِي فَقَال: إِنْ شِئْتَ دَعَوْتُ وَإِنْ شِئْتَ صَبَرْتَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكَ قَالَ: فَادعُه فَأَمَرَهُ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنْ يَتَوَضَّأَ فَيُحْسِنَ وُضُوءَهُ وَيَدْعُوَ بِهَذَا الدُّعَاءِ: اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ وَأَتَوَجَّهُ إِلَيْكَ بِنِبِيِّكَ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَبِيِّ الرَّحْمَةِ يَا مُحَمَّدُ إِنِّي أَتَوَجَّهُ بِكَ إِلَى رَبِّي فِي حَاجَاتِي هَذِهِ لِتُقْضَى لِي اللَّهُمَّ شَفِّعْهُ فِيَّ. فَذَهَبَ ثُمَّ رَجَعَ وَقَدْ كَشَفَ اللهُ عَنْ بَصَرِهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.
Usmon ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ko‘zi ojiz bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, Allohga mening ko‘zimni ochishini so‘rab duo qiling”, dedi. Shunda u zot: “Xohlasang duo qilaman, agar sabr qilishni xohlasang, u sen uchun yaxshiroq bo‘ladi”, dedilar. U: “Duo qiling”, dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga tahorat qilishni, tahoratini go‘zal qilishini va bu duoni o‘qishini buyurdilar: “Allohumma, inniy as’aluka va atavajjahu ilayka bi Nabiyyika Muhammadin sollallohu alayhi vasallam nabiyyir rohmati. Ya Muhammad, inniy atavajjahu bika ila Robbiy fi haajaatiy hazihi lituqzo liy. Allohumma shaffi’hu fiyya” (Ey Alloh, Sendan so‘rayman va rahmat payg‘ambari bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan Senga yuzlanaman. Ey Muhammad, men ushbu hojatim ravo qilinishi uchun siz bilan Robbimga yuzlanaman. Ey Alloh, bu zotning men haqimdagi shafoatlarini qabul qilgin!). Haligi kishi ketdi so‘ngra qaytib kelganida Alloh uning ko‘zlarini ochgan edi” (Termiziy va Nasoiylar rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharifdagi “Ey Muhammad (alayhissalom) siz bilan Robbimga yuzlanaman”, degan nido vasila qilish shariatda borligiga hujjatdir. Shuning uchun ham ushbu muborak duoni sahobalar, tobeinlar va boshqa ko‘plab ulug‘ zotlar hojatlari ravo bo‘lishi uchun o‘qib kelganlar.
Shuningdek Qur’oni karimda vasila axtarishga alohida buyuruq kelgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَابْتَغُوا إِلَيْهِ الْوَسِيلَةَ
“Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringlar” (Moida surasi, 35-oyat).
Ushbu oyati karimada “vasila axtaringlar” degan buyruq qaydlanmasdan umum bo‘lib kelgan. Shu sababli vasilani faqat solih amalga xoslab, shaxslarni vasila qilish mumkin emas, deyish Qur’oni karimdagi umumiy hukmni qaydlash bo‘lib qoladi, bu esa mumkin emasdir. Bu haqida Soviy rahmatullohi alayh “Jalolayn” tafsiri hoshiyasida quyidagilarni yozgan: “Vasila axtarish deganda bandani Allohga sevikli qiladigan barcha narsalarni axtarish tushuniladi. Ana shu umum narsalarning ichiga Alloh taoloning payg‘ambarlari va valiylarini yaxshi ko‘rish, sadaqalar berish, Allohga mahbub zotlarni ziyorat qilish, ko‘p duo qilish, qarindoshlik aloqalarini bog‘lash va ko‘p zikr qilish kabi ishlar kiradi. Shunga ko‘ra, bu oyat: “Sizlarni Allohga muqarrab qiladigan barcha narsalarni lozim tutinglar, Undan uzoqlashtiradigan barcha narsalarni tark qilinglar”, ma’nosini anglatadi. Ushbu ma’noni anglab yetgan bo‘lsangiz, bilingki, Allohning valiylarini ziyorat qilganlari sababli “ularni ziyorat qilish Allohdan o‘zgaga ibodat qilishdir” degan iddao bilan musulmonlarni kofirga chiqarish ochiq-oydin zalolat va ziyonkorlikdir. Chunki bu ish Allohdan o‘zgaga ibodat qilish emas, balki Allohga bo‘lgan muhabbatdan kelib chiqadigan amaldir”.
Demak zohiriy sabablardan foydalanish joiz bo‘lganidek, ruhiy sabablardan foydalanish ham joiz bo‘ladi. Shunga ko‘ra butun borliqning tasarrufi faqat Alloh taoloning irodasiga bog‘liq degan sof e’tiqodli mo‘minning valiy zotlarni vasila qilishi joiz amaldir.
Shu o‘rinda nega aynan valiylar vasila qilinadi degan savol ham paydo bo‘lishi mumkin. Bu savolga ulamolar quyidagicha javob berganlar: Valiylarning Alloh taolo huzurida boshqalarga nisbatan xos maqom va darajalari bor. Bu haqiqat Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida bayon qilingan:
وَلِكُلٍّ دَرَجَاتٌ مِمَّا عَمِلُوا
“Hamma uchun qilgan amallari sababli darajalar bordir” (Ahqof surasi, 19-oyat).
أَمْ نَجْعَلُ الْمُتَّقِينَ كَالْفُجَّارِ
“Yoki taqvodor zotlarni fisqu fujur qilib yurgan kimsalar kabi qilar ekanmizmi?!” (Sod surasi, 28-oyat).
Shuning uchun taqvodor zotlar bo‘lmish valiylar vasila qilinadi, deganlar.
Shu o‘rinda vasilani inkor qiladiganlarning yana bir dalillarini va unga berilgan javoblarni o‘rganib chiqish ko‘plab tushunmovchiliklarga barham beradi. Vasilani inkor qiladiganlar quyidagi oyati karimani ham dalil qilib keltirganlar:
وَالَّذِينَ اتَّخَذُوا مِنْ دُونِهِ أَوْلِيَاءَ مَا نَعْبُدُهُمْ إِلَّا لِيُقَرِّبُونَا إِلَى اللَّهِ زُلْفَى
“Undan o‘zga “do‘stlar”ni (“iloh”) qilib olgan kimsalar: “Bizni Allohga yaqin qilishlari uchungina ularga ibodat qilamiz” (derlar) (Zumar surasi, 3-oyat).
Ya’ni, ushbu oyati karimada Allohga muqarrab bo‘lish uchun o‘zgani vosita qilish mushriklarning sifati ekani aytilgan. Shunga ko‘ra bu oyat duoda vasila qilish mumkin emasligiga hujjatdir, deganlar.
Bu dalilga quyidagicha javob berilgan: Mazkur oyatda muxlis mo‘minlarning holati emas, balki Allohdan o‘zgaga ibodat qiladigan mushriklarning holati bayon qilingan. Oyat mazmuniga e’tibor beriladigan bo‘lsa, “bizni Allohga yaqin qilishlari uchun ularga ibodat qilamiz” deyishgan. Ya’ni, mazkur kimsalar Allohdan o‘zgaga ibodat qilganlari sababli mushrik bo‘lishgan. Vasila qiluvchi esa aslo “Duoyim qabul bo‘lishi uchun Allohdan o‘zgaga ibodat qilaman” demaydi, balki Allohim vasila axtarishga buyurgan, shuning uchun U zotning suygan bandalarini vasila qilib duo qilsam, shoyad duoyimning maqbul bo‘lish darajasi ortsa”, degan ilinj bilan duo qiladi. Zero ibodat qilish va vasila qilish lug‘aviy jihatdan ham, istilohiy jihatdan ham mutlaqo boshqa-boshqa narsalardir. Shunga ko‘ra ushbu oyati karimada vasila qilish emas, balki Allohdan o‘zgaga ibodat qilish kufr va shirk ekani bayon qilingan.
Xulosa shuki vasila duoning maqbul bo‘lish darajasini orttirish umidida qilinadigan amal bo‘lib, sof e’tiqodli banda uchun Alloh taolo huzuridagi xavf maqomidan rajo maqomi sari yuksalishdir.
Shuning uchun mazkur masala haqidagi o‘zaro bahslarda bu bahs musulmon va mushrik o‘rtasida emasligini balki dinimizda dalili bor bir masala haqida gap ketayotganini aslo unutmaslik lozim. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Din nasihatdir” deganlar, aslo o‘zgalarni mushrik yoki bid’atchiga chiqarishdir demaganlar.
Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.
Muallif: Abdulqodir ABDUR RAHIM
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.