O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakilligi tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” dasturi doirasida hamda mamlakatimiz Bosh qomusining 25 yilligi va Mavlid oyi munosabati bilan reja asosida joylarda xalq bilan ochiq muloqot tashkil etib kelinmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyatining tog‘li hududlaridan biri Bo‘stonliq tumanida kuni kecha tashkil etildi. Bo‘stonliq tumani Tovoqsoy Iqtisodiyot kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan suhbatda mahalla ahli va faollari ishtirok etdi.
Viloyat bosh imom xatibi Xayrulloh Turmatov domla Islomda oilaga munosabat, ne’mat va baxt tushunchalari haqida so‘z yuritib, bugungi kunimizga shukrona qilish el-yurt ravnaqi, millat kelajagi va bunyodkorlik uchun harakat qilmog‘imiz lozimligini ta’kidladi. Jamiyatimizda oilaviy ajrimlar, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda har bir fuqaro o‘zining burch va majburiyatlarini sidqidildan ado etishi muhim omil ekanini aytib o‘tdi.
Dildan bo‘lgan suhbat asnosida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va o‘z takliflarini bildirdilar, bu tarzdagi ochiq muloqotlar xalq uchun juda manfaatli bo‘lishini ta’kidlab, tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini izhor qildilar.
Tadbir so‘ngida, an’anaga sodiq qolgan holda Toshkent viloyati vakilligi tomonidan mahallalarga ma’rifiy va tarbiyaviy kitoblar sovg‘a kilindi.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.