Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

TЕRROR – ZULM, ZOLIMLARNI ALLOH YOMON KO‘RADI

18.12.2017   4091   20 min.
TЕRROR – ZULM, ZOLIMLARNI ALLOH YOMON KO‘RADI

XXI asrda insoniyat uchun og‘ir sinovlar bilan boshlandi. Go‘yoki, Islom diniga daxldor bo‘lgan bir guruh kimsalar amalga oshirgan xurujlar oqibatida bir necha ming begunoh insonlar dahshatli tarzda bevaqt olamdan ko‘z yummoqda. Zaminimizning turli yerlarida xunrezliklar muqaddas Islom dinimiz nomidan hamon davom ettirilmoqda.

Zotan, birorta ham haqiqiy iymonli kishi, qaysi dindaligidan qat’i nazar, o‘z aqidasi yo‘lida begunoh odamlarni o‘ldirmaydi. Shuni unutmaslik kerakki, terrorchilik harakatlari chog‘ida o‘ldirilgan odamlar orasida turli din va millat vakillari, ayni paytda musulmonlar ham bor edi.

Insonlarni nohaq o‘ldirish ulkan gunoh hisoblanadi va ana shu gunohkor do‘zaxning dahshatli azoblariga manguga duchor bo‘ladi. Parvardigorining beradigan jazosi va azoblaridan qo‘rquvchi chin iymon egalari bunday yovuzlikka har qanday holatda ham qo‘l urmaydilar.

Ana shunday qabih vahshiyliklarni amalga oshirganlar o‘zlarining dinga qattiq e’tiqod qo‘yganlari haqida qanchalik lof urmasinlar, aslida bu ishlarni odamlar qalbidan din-iymonni yo‘qotish uchungina qiladilar. O‘z-o‘zidan ravshanki, ularning maqsadi ilohiy dinni haqoratlash, odamlarni undan chetlashtirish va ularning qalbida iymonli odamlarga nisbatan nafrat va g‘azab uyg‘otish, xolos. Mohiyatiga ko‘ra, gunohsiz odamlarga nisbatan go‘yoki «din yo‘lida» amalga oshirilgan har qanday zo‘ravonlik va zulm ilohiy din ustidan zulm hisoblanadi.

Alloh taolo iymon egalariga sevgi, rahm-shafqat va tinchlik-osoyishtalikni buyuradi. Terror esa iymonning tamomila aksidir. U o‘z oldiga berahmlik, shafqatsizlik, zulm, qotillik va azob-kulfatlarni maqsad qilib qo‘yadi. Shuning uchun barcha terrorchilik harakatlarining manbaini xudojo‘ylik va iymondan emas, dahriylik hamda bid’atdan axtarish kerak.

Agar inson sovuqqonlik bilan begunoh kishilarni o‘ldira olibdimi, demak, u iymonli emas, u xudosiz. Bu kimsalar Alloh taoloning jazo-azoblaridan qo‘rqmaydigan bo‘lib qolgan, ularning yagona maqsadi qon to‘kish va odamlarga kulfat-alam keltirish. Shunday ekan, bugungi kunda xalqaro matbuotda tez-tez uchrab turgan «islom terrorizmi», «diniy ekstremizm» haqidagi da’volar, noto‘g‘ri va asossizdir. Zero, Islomda ham, boshqa ikki samoviy dinda ham terrorga yoki odamlar ustidan
boshqa shakldagi zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Buning ustiga biz «terror» deb atayotgan harakatlar (ya’ni, hech qanday gunohsiz kishilarga qarshi qilinayotgan jinoyatlar) Islomda ulkan gunoh hisoblanadi va har bir musulmon ana shunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, yer yuzida tinchlik, osoyishtalik va adolat o‘rnatish uchun Alloh taolo oldida mas’uldir.

Islom – tinchlik va oqibat dini

Din nomidan, uning manfaatlari yo‘lida harakat qilyapmiz, degan da’voda bo‘lgan ayrim odamlar o‘z dinlari ta’limotini tushunib, hayotga noto‘g‘ri tadbiq etayotganlari ravshandir. Shuning uchun u yoki bu din haqida ana shunday odamlarning xatti-harakatiga qarab baho berib bo‘lmaydi. Zero biror din vakili bo‘lish o‘sha dinning ilohiy manbalarini to‘g‘ri o‘rganish, to‘g‘ri anglab yetish orqali bo‘ladi.

Insoniyatga islom ne’matini ato etgan ilohiy vahiy – Qur’oni karimning axloqiy asosi oqibat, rahm-shafqat, mehribonlik, kamtarlik, havoyi nafsdan voz kechish, hurmat va tinchlikka asoslangan. Ana shu ilohiy ko‘rsatmalarga amal qiluvchi musulmonlar hamisha favqulodda yumshoq fe’lli, rahm-shafqatli, adolatparvar va sofdil bo‘ladilar. Umumlashgan tushunchada «terror» degani u yoki bu ko‘rinishda siyosiy maqsadlarga erishish uchun harbiy bo‘lmagan obyektlarga, tinch aholiga qarshi kuch ishlatishdir. Boshqacha aytganda, hech bir gunohsiz kishilar terrorning nishoni bo‘lishadi. Terrorchilar nazdida ana shu odamlarning birdan-bir aybi ularning «boshqa tomonda» bo‘lganlaridir. Demak, terror begunoh odamlarga qarshi zo‘ravonlikni anglatadi, uni ma’naviy jihatdan hech qachon oqlab bo‘lmaydi.

Zero, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ne’matlaridan biridir. Barcha ezgu ishlarni ro‘yobga chiqishining asosi ham osoyishtalikdir.

Bu  ne’mat bebaho ekani to‘g‘risida Islom dini manbalarida ham takror-takror aytilgan. Qur’oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

يَهْدِي بِهِ اللَّهُ مَنِ اتَّبَعَ رِضْوَانَهُ سُبُلَ السَّلَامِ وَيُخْرِجُهُمْ مِنَ الظُّلُمَاتِ إِلَى النُّورِ بِإِذْنِهِ وَيَهْدِيهِمْ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ

ya’ni: “Alloh rizosini topishga intilganlarni Qur’on bilan tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (Moida, 16).

Tinchlikning qadriga yetish mo‘min-musulmonlar burchidir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular tinchlik-xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”, deb marhamat qilganlar.

Tinchligini yo‘qotgan yurt yulduzsiz osmon kabidir. Qancha unumdor yerlari, bog‘lari bo‘lmasin foyda ololmaydi. Shunga ko‘ra, tinchlikni saqlash maqsadida, barchamiz jipslashib, hamjihatlikda ish tutishimiz zarur.

Har bir inson uchun tinchlik zarurligi borasida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِنًا فيِ سِرْبِهِ، مَعَافًي فيِ جَسَدِهِ، عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ، فَكَأَنَّما حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا بِحَذَافِيرِهَا

ya’ni, “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan vazifalarni mukammal va xotirjam ado etish uchun tinchlik zarur. Yaratgan Parvardigor ana shu tinchlikni qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslikka amr etadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ  إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ

ya’ni: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”.

Tinchlik qaror topgan yurtdagina osudalik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, mo‘min-musulmonlarimiz ibodatlarini xotirjam ado etadilar.

Qur’on adolatga targ‘ib qiladi 

Qur’oni karimda bayon etilgan oliy haqqoniyat har bir voqeaga har tomonlama baho berish, xolis va adllik bilan yondoshishni, sofdillik, rahm-shafqat, beg‘arazlik va sabr-toqatni talab etadi. Chunki histuyg‘ular va ehtirosga qul bo‘lib qolgan odam voqealarni xolis, har tomonlama mulohaza bilan baholay olmaydi, to‘g‘ri qarorga kelolmaydi va o‘z his-tuyg‘ularining ta’siri ostida qoladi. Qur’onda buyurilgan haqqoniyatga rioya etuvchi inson o‘zining shaxsiy ehtiroslari va mulohaza-fikrlarini o‘ylamasligi kerak. Chunki har yerda va har qachon haqiqatni himoya qilish uchun Alloh taolo oldida mas’uliyatni his etish va oliy haqqoniyatga xizmat etish yo‘lini tanlagani uchun u har qanday sharoitda ham or-nomus, adolatdan chekinmaydi.

Iymonli kishining axloqiy sofligi shunchalar oliy bo‘lishi kerakki, qarshisida turgan odamning talab va ehtiyojlari o‘zining shaxsiy manfaatlaridan ustun bo‘lishi kerak. Musulmon kishi hatto o‘ziga zarar bo‘lsa ham, adolatga rioya qilishda Alloh taolo oldida mas’uldir.

«Ey mo‘minlar, Allohning o‘zi uchun haq yo‘lni tutguvchi, adolat bilan shahodat-guvohlik beruvchi bo‘lingiz! Biron qavm-ni yomon ko‘rishingiz sizlarni adolat qilmaslikka tortmasin! Adolat qilingiz! Shunisi taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir» (Moida, 8).

Qur’on ta’limoti musulmondan haqiqiy adolatni talab etadi. Iymonli kishi esa hayotining har lahzasida Parvardigoriga maqbul bo‘ladigan amallarni qilib yursagina Alloh taoloning ajr-mukofotlarga munosib bo‘lishini biladi. Bundan tashqari ana shu kishining axloqiy fazilatiga guvoh bo‘lgan har bir odamda unga nisbatan ishonch paydo bo‘ladi, uning huzurida o‘zini xotirjam his qiladi va har qanday mas’uliyatli ishini unga topshira oladi.

Islom hurfikrlikni himoya qiladi

Islom ta’limoti odamlar hayoti va hurfikrliligini himoya qiladi, musulmonlarga boshqa kishiga nisbatan yomon gap aytishni, g‘iybat va tuhmat qilishni, hatto noxolis fikrga borishni ta’qiqlaydi, odamlar o‘rtasida adovat va ixtiloflarni to‘xtatishga buyuradi. Islom jismoniy zo‘ravonlik va vahshiylikning barcha ko‘rinishlarini ham, odamlarga nisbatan zarracha bo‘lsada g‘oyaviy bosim o‘tkazishni ham birday ma’n etadi:
«Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero) haq yo‘l zalolatdan ajrab bo‘ldi» (Baqara, 256)

«Bas (ey Muhammad), siz pand-nasihat qiling! Zotan siz faqat pand-nasihat qilguvchidirsiz, xolos» (G‘oshiya, 21).

Odamlarni dinga yoki diniy ko‘rsatmalarni bajarishga zo‘rlash Islomning mohiyati va ruhiga mutlaqo ziddir. Zero Islom aqidasiga ko‘ra, chinakam iymonga xohish-iroda va vijdon amri bilangina kelish mumkin. Albatta, musulmonlar Qur’oni karimda bayon etilgan axloqiy asoslarni hayotga tatbiq etish zarurati to‘g‘risida bir-birlarini rag‘batlantirishlari, ogohlantirishlari yoki eslatishlari mumkin. Qur’oni karimning axloqiy ko‘rsatmalarini odamlarga tushuntirish har bir dindor odamning burchidir.

Alloh taolo bandalarini g‘uluv (haddan oshish)dan kaytargan

“Ekstremizm” tushunchasi Islom dinining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambar s.a.v.ning hadislarida qayta-qayta kelgan “g‘uluv” (الغلو), “tug‘yon”(طغيان) , “haddan oshish”  (تعدي الحدود)kabi so‘zlar bilan hamohang bo‘lib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qoralangan va musulmonlar bunday amallardan qaytarilgan. Masalan, Qur’oni karimda g‘uluv lafzi bir nechta oyatlarda kelgan va ularning barchasida Alloh taolo bandalarini g‘uluvdan kaytargan. Jumladan: “Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha’ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz! …” (Niso, 171). Yana boshqa bir oyati karimada: “Ayting: “Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida, 77).

Islom dini tavhid dini o‘laroq, unda yakka-yu yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilgan bo‘lib, musulmonlarni ham birdamlikka chaqirilgandir. Dinda g‘uluvga ketish, haddan oshishdan qaytarilishning sababi, g‘uluv va haddan oshish ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Ular (mushriklar) dinlarini bo‘lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o‘z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum, 32).

Dinda g‘uluvga ketishning yomon oqibatlaridan yana biri, u kishilarni mashaqqatga solib qo‘yadi. Odamlarni Allohning ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lidan yurishdan to‘sib, dindan nafratlanib, undan bezib qolishlariga olib boradi. Bundan tashqari shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o‘z-o‘ziga mashaqqat tug‘diradigan yangi bid’at amallarni o‘ylab topish, dinni mashaqqatdan iborat qilib ko‘rsatishga sabab bo‘ladi. Bu esa Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir.

Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Albatta, bu din yengildir. Kim unda chuqur ketsa, yengiladi. Bas, to‘g‘ri bo‘linglar, amallaringizni mo‘tadillikka yaqin qilib olib boringlar, din haqida faqat yaxshi gaplarni aytinglar. Tong vaqtida, kunduz kuni va tunning bir oz vaqtida toat ibodat qilib foydalaninglar” (Buxoriy rivoyati). Abdulloh ibn Mas’ud r.a. rivoyat qilgan hadisda Rasululloh s.a.v. shunday dedilar: “Haddan oshuvchi, g‘uluvga ketuvchilar halokatga uchradilar”, deb uch marta takrorladilar. (Muslim rivoyati).

Dinda g‘uluvga ketishning eng birinchi va asosiy sababi albatta, bu dinni yaxshi bilmaslik, diniy savodsizlikdir. Dinni yaxshi bilmagan kishi kim nima desa shunga ergashib ketaveradi. Shayton ko‘ziga chiroyli ko‘rsatgan botil aqidalarni haqiqatini anglamaydi, natijada e’tiqodidan adashadi, katta gunohlarga qo‘l uradi. Shuning uchun har bir musulmon bilmagan narsasini o‘z zamonasidagi yetuk darajada diniy ilmga ega bo‘lgan, barcha e’tirof etadigan olimlarga murojaat qilib bilib olmog‘i darkor.

Hozirgi kunda Islom olamida bir qancha g‘uluvga ketgan ekstremistik guruhlar mavjudki, buni ko‘rgan ba’zi g‘arb ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo‘poruvchilik haraklarini islom dini bilan bog‘lashga urinmoqdalar. Holbuki, bugungi kunda ekstremizm butun jahon muammosiga aylandi, undan dunyodagi deyarli barcha davlatlar jabr ko‘rmoqda, jumladan musulmon davlatlari ham. Yuqorida biz aytgan OAV vakillari bilmaydilarki, Islom dinining o‘zi ekstremizmga qarshi va u  ekstremizmga qarshi kurashni bundan o‘n besh asr oldin boshlagan.

Hadisi sharifda marhamat qilinadi: “Uchta amal bor, kim shulardan birortasini qilsa, u jinoyatchidir: Kim nohaqlik ustiga bayroq tiksa, kim ota-onasiga oq bo‘lsa va kim zolimga yordam bersa”. Ibn Abbos r.a. Ka’baning devoriga suyanib turib shunday dedilar: “Ey, Ka’ba! Allohning nazdida hurmating naqadar ulug‘. Lekin, agar men seni yetti marotaba buzib vayron qilganimda ham bitta musulmonga bir marta ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”.

Islom dini mo‘tadil ekanligining o‘zi uning har qanday ekstremizmga qarshi ekanligining yaqqol isbotidir. Mo‘tadillik degani, haddan ham oshmaydi, sustkashlikka ham yo‘l qo‘ymaydi, balki, har bir ishning eng o‘rtasini, ya’ni adolat nuqtasini tutadi.

Islom birodarlik va bag‘rikenglikka chaqiradi

Bu dunyoda har bir musulmon ularning qaysi dinga mansubligidan qat’iy nazar, barcha odamlarga hurmat, murosa, avf va adolat, muhabbat va rahm-shafqat ko‘rsatishga Alloh taolo huzurida mas’uldir. Alloh taolo tomonidan iymon egalari zimmasiga Islom diniga yaxshilik, omonlik va hurmat bilan da’vat qilish yuklatilgan.

Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘minlarga shunday deydi:
«Agar Parvardigoringiz xohlasa edi, butun Yer yuzidagi barcha kishilar iymon keltirgan bo‘lur edilar. Axir siz odamlarni mo‘min bo‘lishga majbur qilurmisiz?» (Yunus, 99).

Muqaddas dinimizda bag‘rikenglikka dalolat qiluvchi hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) bunday deb marhamat qilganlar: “Barcha din ahliga xayru-ehson qilingizlar” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan).

O‘lkamizda azaldan hanafiy mazhabining qaror topishi bejiz emas edi. Zero, Imom A’zam o‘zga dinlar va mahalliy urf-odatlarga nisbatan erkinlik berishi bilan ajralib turadi. Hanafiylik ta’limotini takomilga yetkazgan buyuk vatandoshlarimiz – al-Moturidiy, Abul-Mu’in an-Nasafiy va al-Marg‘inoniy kabi allomalar musulmonlar orasidagi g‘oyaviy tarafkashliklikka barham berish, islom dinining “ahli sunna va-l-jamoa” yo‘li barqaror bo‘lib qolishiga katta hissa qo‘shdilar. Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalar asarlarida diniy bag‘rikenglik bilan bog‘liq qadriyatlar targ‘ib qilingan g‘oyalarni uchratamiz. Buyuk alloma, moturidiya aqidaviy yo‘nalishi asoschisi Abu Mansur al Moturidiy (870 944) asarlarida bayon etilgan bag‘rikenglik g‘oyalari bunga misol bo‘la oladi. Jumladan, Moturidiy  Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan “Ta’vilot ahli sunna” asarida Haj surasining 40-oyatini tafsir qilar ekan, “Cherkov va sinagogalarni vayron etish man’ etiladi. Shuning uchun ham, musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yo‘qdir”, deb qat’iy ta’kidlaydi. Samarqandlik faqih, mufassir Abu Lays as-Samarqandiy (vaf. 1003 y.) esa o‘zining “Bahr al ulum” degan tafsir kitobida Qur’ondagi Mumtahana surasining 8, 9-oyatlari sharhida “Sizlar bilan dinda urush qilmagan o‘zga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb yozadi. Movarounnahrlik yana bir mashhur faqih, mufassir Abul Barakot an- Nasafiy (vaf. 1310 y.) o‘zining islom olamida ma’lum va mashhur “Madorik at tanzil” asarida mazkur oyatlarni “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating hamda ularga so‘zda va amalda yaxshilik qiling”,  deb sharhlaydi. Al Moturidiy nasroniylar musulmonlarga qalbi moyilroq, do‘stona munosabatga yaqin ekanini aytib o‘tgan bo‘lsa, Abul Barakot an-Nasafiy nasroniylar musulmonlarga dili yaqin ekanini, ular orasida tavozeli,  kamtar “qissis va rohib” ya’ni, olim va obidlar bor, deya ta’riflab, ilm kimda bo‘lishidan qat’i nazar, u albatta yaxshilikka yetaklashini alohida ta’kidlaydi.   Shayx Ahmad Yassaviy (1105-1166) ham  o‘z hikmatlarida g‘ayridinlarga yaxshi   munosabatda bo‘lishni uqtirgan,

“Sunnat ermish, berma ozor kofir bo‘lsa,

Ko‘ngli qottig‘ dilozordan xudo bezor”.

Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, ahli kitoblarni musulmonlar diyorida turli vazifalarga qo‘yish taqiqlanmaydi. O‘tmishda Bag‘dod va Damashq madrasalarida ahli kitoblardan ko‘plab mudarrislar tahsil berishgan. Hatto ayrim islom hukmdorlarining xos tabiblari va kotiblari nasroniy yoki yahudiylardan bo‘lgan.

Jahondagi barcha dinlarning asl mohiyati tinchlik, jumladan islom dini insonlarni irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar ular bilan tinch-totuv yashashga buyuradi.

Insonlarga shukr aytmagan Parvardigoriga ham shukr aytmaydi

Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinkim, bugungi kunda muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari va sa’y-harakatlari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligi to‘liq ta’minlanib, diniy bag‘rikenglik muhiti tabora mustahkamlanmoqda.

O‘tgan qisqa vaqt davomida Qoraqalpog‘istonda «Imom Eshon Muhammad»masjidi, Xorazmda «Oxun bobo» masjidi, Toshkentda «Suzuk ota», “Imom Termiziy ”masjidlarini katta majmua shaklida bunyod etilayotgani, Surxondaryoda Imom Termiziy, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy majmualarining qayta qurilishi, shuningdek, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish boshlagani katta tuhfa bo‘ldi.

Ayniqsa, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi nafaqat yurtimizda, butun islom olamida keng o‘rganilishiga imkoniyat beradi.

Hazrati Imom majmuasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil qilinayotgani yurtimiz dovrug‘ini, bu zaminda tug‘ilib-o‘sgan allomalarning nomlarini dunyoga taratishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, azim poytaxtimizda Islom akademiyasining ochilishi va mamlakatimiz hududlarida aqida, kalom, fiqh, tafsir va hadis maktablarining tashkil etilishi diyorimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘iloniy kabi allomalar yetishib chiqishiga juda katta xizmat qiladi, inshoalloh.

Shu o‘rinda aytish lozimki, hozirgi kunda diyorimizda ikki mingdan ziyod masjidlar faoliyat yuritmoqda, 2 ta oliy diniy o‘quv yurti, 9 ta madrasa ish olib bormoqda. Har yili minglab yurtdoshlarimiz haj va umra amallarini ado etishmoqda. Bir yilda bir necha yuzlab nomdagi, millionlab adadda diniy-ma’rifiy nashrlar chop etilmoqda. Bugungi kunda 50 ga yaqin diniy-ma’rifiy saytlar ishlab turibdi. Ularda eng tajribali ulamolar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri savol-javob qilish va diniy fanlardan onlayn darslar o‘tish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Albatta, mana shunday ne’matlarning bardavom bo‘lishi Yaratgan Parvardigorning marhamati va xotirjamlikning mahsulidir. Buning uchun Yaratgan Parvardigorga doimo shukronalar aytamiz.

Navoiy hazratlari o‘zlarining “Arba’in” asarlarida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisga go‘zal sharh beradilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim odamlarga shukr qilmasa, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmabdi», dedilar» (Termiziy, Ahmad va Bayhaqiylar rivoyat qilgan).

Ulki Xoliqg‘a shukr der, avval

Shokir o‘lmoq kerak xaloyiqdin.

Kimki, maxluq shukrini demagay,

Demagay dag‘i shukr Xoliqdin.

Xoliqqa shukr qilguvchi kishi avval xaloyiqqa – odamlarga shukr keltirishi kerak. Kim insonlarning shukrini aytmasa, Yaratganga ham shukr aytmaydi. Zero, shukr bilan ne’matlar ziyoda bo‘lib boraveradi.

Biz imom-xatiblar xalqimizni islom ma’rifatiga boshlab, ayniqsa yoshlarimizda ana shu shukronalik hissini qaror toptirishimiz, ularni dunyoga muallim bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizning barhayot ilm chashmalaridan yanada ko‘proq bahramanda etishimiz lozim. Bugun yurtdoshlarimiz har bir yangi kunni tinchlik-omonlik deya atalmish baxtu saodat og‘ushida qarshi olmoqda. Ushbu sururli damlar bardavom bo‘lmog‘i uchun tinchlik ne’matining shukronasini qilib, uni ko‘z qorachig‘idek asramog‘imiz darkor. Zero, Qur’oni karimda ham shukr qilganlarga ne’matlarini ziyoda qilib berishi to‘g‘risida oyatlar mavjud. Aks holda noshukrlik notinchlikka olib keladi.

 

Anvar qori TURSUNOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   3167   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar