Har bir inson qilayotgan ishidan manfaat ko‘zlashi tabiiy. Ayniqsa, kasb orqali topilayotgan mol-davlat, erishilayotgan yutuq yoki boy berilayotgan imkoniyat, bir so‘z bilan aytganda, bularning barchasi zamirida rizqi barakali bo‘lish istagi mujassamdir.
Insonning oyoq kiyimida tariqdek narsa bo‘lsa, uni olib tashlamaguncha xotirjam yura olmaydi. Kishi oyoq yalang yurmoqchi bo‘lsa, yerdagi mayda toshlar ham seziladi, lekin ko‘nikish barobarida yerdagi tikan va shisha kabi narsalar ta’sir etmay qolar ekan. Mo‘min kishi kichik gunohga yoki ayrim illatlarga parvo qilmasa, katta gunohlarning aybligi odatiy holga aylanib qolar ekan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam muborak hadislarida: “Qazoyi qadarni hech narsa qaytara olmaydi, faqatgina duo qaytarur. Yaxshilik umrni ziyoda qilsa, kishi gunohi sababidan rizqini kelishidan mahrum bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisi sharif duo va yaxshilik umrni hamda rizqni ziyoda bo‘lishga sababligi, gunoh esa kishi rizqini ma’n qiluvchi ekanini eslatmoqda. Shuningdek, Imom Burhoniddin Zarnujiy o‘zining “Ta’limul-muta’allim” asarida quyidagi illatlar faqirlik keltirishi haqida bayon qilgan. Ta’kidlash lozimki, mazkur illat va odatlardan saqlanish kishiga ham ma’naviy, ham moddiy manfaat keltirish bilan birga, ilm, zuhd va taqvo yo‘lida yuksak cho‘qqini zabt etishni istovchilarga ayni foyda ekani muallif tomonidan zikr etilgan. Xulosani esa o‘zingizga havola qilamiz:
Hasanboy Olimnazarov,
Marg‘ilon shaharidagi “Imom Zahiriddin” masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.
Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.
Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan