Ahli sunna val-jamoa ulamolari hamisha “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashib kelgan. Adashgan firqalarning xatolarini tushuntirib, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish hamda musulmonlarning birdamligi-yu tinchligini asrash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatganlar. Bunga ilk xavorijlar bilan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu orasidagi bahs yorqin dalildir.
Ma’lumki xavorij firqasi o‘zlariga qarshi bo‘lganlarni kofirga chiqarib, ularning qonlarini to‘kishni halol sanaganlar. O‘zlariga qarshi chiquvchilarning diyorlarini “Dorul harb” (musulmon bo‘lmagan diyor) deb nomlaganlar. Ular Ali roziyallohu anhuning “tahkim”ni (Muoviya roziyallohu anhu bilan bitim) qabul qilganini kufr deb hisoblaganlar. Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarbiyalarini olib ulg‘aygan, tirikligidayoq jannat bashorati berilgan “Ash’arai mubashshara”dan (Jannatiy ekani aytilgan o‘n kishi) biri bo‘lgan zotni kofirga chiqarganlar. Ali roziyallohu anhu o‘zlariga nisbatan bunday hukm chiqargan shovvozlarning g‘aroyib da’volariga javob berish va ularni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuni elchi qilib yuborgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu va xavorij yetakchilari o‘rtasida quyidagi bas'h-munozara bo‘lib o‘tgan:
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
– Uni (ya’ni mo‘minlar amiri Ali roziyallohu anhuni) nimada ayblaysizlar? – so‘radi.
Xavorijlar:
– Uch narsada, – deb javob berishdi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
– Qanday narsalar? – dedi.
Xavorijlar:
– 1. Allohning amri bo‘lgan narsada kishilarni hakam qildi. Vaholanki, Alloh taolo: “Hukm faqat Alloh ixtiyoridadir”, degan;
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
– Agar sizga Allohning kitobidan va Rasulining sunnatidan so‘zlaringiz xato ekaniga dalolat qiladigan dalil keltirsam qaytasizmi? – deb so‘radi.
Xavorijlar bir ovozdan:
– Nega qaytmas ekanmiz? – deyishda.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
– Allohning amrida kishilarning hukm qilishiga keladigan bo‘lsak, Alloh taoloning O‘zi kitobida bunday degan: “Ey, iymon keltirganlar! Ehromda bo‘la turib, ovni o‘ldirmangiz! Sizlardan kimki uni qasdan o‘ldirsa, (jazosi) xuddi (xonaki) hayvon o‘ldirish bilan barobar jazodir: u (ham bo‘lsa) Ka’baga (yurib) bora oladigan qurbonlik bo‘lib, unga o‘zlaringizdan ikki adolatli kishi hakamlik qilur”.
Boshqa bir oyatda er-xotin haqida:
“Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay” degan. Demak, Alloh taolo hakamlikni kishilarga topshirgan. Sizdan Alloh haqqi bilan so‘rayman, ayting-chi, musulmonlarning qoni va oralaridagi isloh to‘g‘risida kishilarning hakam bo‘lishlari afzalmi yoki narxi to‘rt dirham bo‘lgan quyon to‘g‘risida va xotin bilan yashash to‘g‘risida hakam bo‘lishlari afzalmi? – dedi.
Xavorijlar:
– Yo‘q, albatta, bu afzal, – deyishdi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
– Sizni bu fikrdan qaytardimmi? – deb so‘radi.
Xavorijlar:
– Ha, albatta, – deyishdi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
– Sizning urishdi-yu, tahqirlamadi ham, o‘lja ham olmadi, degan so‘zlaringizga keladigan bo‘lsak, onangiz Oishani tahqirlamoqchi edingizmi? Agar onamiz emas, desangiz kofir bo‘lasiz. (Agar onamiz desangiz, qilayotgan da’volaringizni o‘zingiz inkor qilgan bo‘lasiz) Siz ikkita zalolat orasida taraddudlanib qolgansiz. Endi sizni bu fikrdan qaytardimmi? – deb so‘radi.
Xavorijlar:
– Ha, albatta, – deya e’tirof etishdi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
– Barcha mo‘minlarning amiri bo‘lishidan o‘zini ozod qildi, degan so‘zingizga keladigan bo‘lsak, siz rozi bo‘ladigan bir narsani aytaman. Allohning Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallam Hudaybiya kunida Abu Sufyon va Suhayl ibn Amrlar bilan sulh tuzganda: “Ey Ali, bu Allohning elchisi Muhammad sulh tuzgan narsalar, deb yoz”, degandilar. Shunda Suhayl ibn Amr: “Seni Allohning elchisi deb bilmaymiz. Agar seni Allohning elchisi deb bilganimizda sen bilan urushmas edik”, deydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ey, Allohim, Sening elching ekanimni O‘zing bilasan, dedilar-da: Ey Ali (yozganingni) o‘chirib tashlagin va: “Bu Muhammad ibn Abdulloh hamda Abu Sufyon va Suhayl ibn Amrlar sulh tuzgan narsalar deb yozgin”, dedilar, – dedi.
Ushbu suhbatdan so‘ng ikki mingdan ziyod kishi xavorijlikdan qaytgan edi.
Hozirgi kunimizda ham zamonamizning yuzdan ortiq eng mo‘tabar ulamolari “zamonaviy xavorijlar”ga xuddi shu uslubda “ochiq xat” bilan murojaat qildilar. Koshki edi ular ham haqiqatni anglab yetib, to‘g‘ri yo‘lga qaytsalar.
Alloh taolo sodir bo‘lib turgan turli notinchliklarni bartaraf etib, butun dunyoda tinch-totuvlikni barqaror qilsin.
A.Rahimov
Xazorasp tumani «Sulaymon Boqirg‘oniy»
masjidi imom-xatibi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati