2017 yil 18 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida sharqshunos olim, din va jamoat arbobi, diplomat Shamsiddinxon Boboxonov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab nashr etilgan falsafa fanlari doktori, professor Saidmuxtor Saidqosimovning “Ulug‘ insonlar ma’naviyati” nomli kitobining taqdimot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zFA akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Ne’matulloh Ibrohimov, Iqtisod fanlari doktori, professor Nurislom Tuxliyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Shamsiddinxon Boboxonovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilar, sharqshunos olimlar, ulamolar, imom-xatiblar, Toshkent islom instituti va Toshkent islom universiteti talaba-yoshlari qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Ulug‘ insonlar ma’naviyati” nomli kitob muallifi, professor Saidmuxtor Saidqosimov Boboxonovlar sulolasining og‘ir va tahlikali davrlarda Islom dini himoyasi yo‘lida chekkan zahmatlari va o‘z navbatida shodu xursandchilik onlarini o‘zining mazkur kitobida sodda va xalqchil tilda ifoda etganini bayon qildi.
Asar qiziqish bilan “bir nafas”da o‘qilib, katta taassurot qoldirishi, unda Shamsiddin Boboxonovning hayot yo‘li va mazmunli faoliyati bilan birga Boboxonovlar sulolasi, ular bilan zamondosh bo‘lgan davlat va jamoat arboblari, olim va yozuvchilar bilan bog‘liq hayotiy lavhalar ham o‘rin olgani to‘g‘risida professor Nurislom Tuxliyev tadbir ishtirokchilariga ma’lumot berdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Shamsiddinxon Boboxonov 1982–1989 yillardagi muftiylik faoliyatlari sho‘rolar davlatida parokandalik boshlangan, qaltis bir davrga to‘g‘ri kelgani, dahriylar hiyla-nayrang qilib, ko‘p jabru sitamlar o‘tkazganini alohida ta’kidladilar. Muftiy hazratlari so‘zlarida davom etib, mana shunday zamonlar haqida hazrat Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Hali odamlarga shunday bir zamon ham keladiki, unda dinida sabr qiluvchi kishi huddi cho‘g‘ni changallab turgan odamga o‘xshaydi”, degan hadislarida diniy faoliyat ko‘rsatish o‘ta qiyin bo‘lgan vaqtlarda dinni huddi cho‘g‘ni ushlagandek tutib turishga qiyoslanganini izohladilar. Shuningdek, Qur’oni karimda: “Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”, deb xabar qilingani (Sharh, 6) va yana bir oyati karimada: “Ey imon keltirganlar! Sabr qiling, bag‘rikeng bo‘ling va Alloh yo‘liga taxt bo‘lib turing va Allohdan qo‘rqing, zora, oxiratda najot topsangiz!” (Oli Imron, 200) deb ta’kidlanganini muftiy hazratlari tadbir ishtirokchilariga tushuntirdilar.
So‘zga chiqqan notiqlar odamlar mana shunday olimlarning hayotlaridan ibrat olishi haqida to‘xtalib, mazhabboshimiz Imomi A’zamning “Olimlar haqida hikoya qilish, ular bilan birga o‘tirish men uchun ko‘p fiqh o‘qish va o‘rganishdan yaxshiroqdir. Chunki, bu hikoyalar qavmning odobu axloqlari manbaidir”, degan so‘zlarini keltirishdi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning “Mo‘minlarning imon jihatidan komilrog‘i xulqi yaxshi bo‘lganlaridir”, degan hadisni ma’ruzachilar atroflicha sharhlashdi.
“Ulug‘ insonlar ma’naviyati” nomli asar keng kitobxonlarga mo‘ljallangani bilan ham ahamiyatli ekani anjumanda ko‘p bor ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).