Aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga ko‘maklashish maqsadida Chirchiq shahridagi “Markaziy” jome masjidi qoshida kitob do‘koni faoliyat boshladi.
Do‘konda kitobsevar aholi talablarini qondirishga xizmat qiluvchi diniy-ma’rifiy, tarbiyaviy va badiiy adabiyotlar mavjud.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov domla kitob do‘konining ochilish marosimida ishtirok etib, kitob insonning chin do‘sti, hayot yo‘lini yorituvchi shamchirog‘i ekanini aytdi va ushbu do‘kon xalq uchun manfaatli va barakotli bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab duo qildi.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.