Me’yor – o‘rtacha yo‘lni tutish, mo‘tadillik demak. Har sohada, har bir mavzuda o‘rta yo‘lni tutish marg‘ub sanaladi. Hatto yaxshi, savobli ishni bajarishda ham me’yor shart. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon, 67).
Namoz – dinning ustuni, ro‘za – imon qalqoni. Ammo bu ibodatlarni bajarishning ham me’yori bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh ajr berishdan charchamaydi, lekin siz zerikib qolasiz, shuning uchun o‘rtahol ibodat qiling, degan mazmunda o‘git beradilar. U zot yana ifrotga ham, tafritga ham ketib qolishdan qaytaradilar. Ya’ni, o‘ta beparvo ham bo‘lib qolmang, tarkidunyochilikka ham berilib ketmang, deb ogohlantiradilar.
Hadisi shariflarda aytilishicha, Alloh yo‘lida bir kishi bilan do‘st tutinish boshqa soya bo‘lmaydigan Kunda Arshning soyasidan joy olishga sabab bo‘ladi.
Ammo yana shu hadislarda mazkur xususda ham o‘rtacha yo‘l tutish – do‘stni me’yorida yaxshi ko‘rish bilan birga dushmanni yomon ko‘rishda ham chegaradan oshmaslik kerakligi nasihat qilinadi. Doimo ishlarning o‘rtachasi yaxshi ekani uqtiriladi.
Bularning barchasidan xulosa chiqarsak, o‘rtachalik – inson tabiatiga mos,
xilqatiga xos xislat. Aynan, u bilan dunyoning nizomi, jamiyat intizomi barqaror bo‘ladi. Me’yordan og‘ishmasak, e’tiqodimizu amallarimiz Kitob va sunnatga mos bo‘ladi. O‘tmish solih ajdodlarimiz tutgan yo‘l ham shu aslida.
O‘MI matbuot xizmati
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Bo‘ston", "Surxon sohil", "Besh qahramon" mahallalari hamda 1-, 2-, 55-sonli maktablarda “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, diniy sohadagi islohotlar haqida ma’ruzalar qilishdi.
Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan mafkuraviy xatarlar va ularning oldini olish masalalari, yurtimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuvda tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Tadbir so‘ngida "Tinchlik qadri" mavzusida film namoyish etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati