Payg‘ambar alayhissalom birinchi bo‘lib, do‘stlari Abu Bakr roziyallohu anhuga Alloh taolo Makkadan ketishga amr qilinganini aytdi va ikkalari yo‘l tadorikini ko‘ra boshlashdi. Abu Bakr safarga tayyorlab qo‘ygan ikki tuyaning ustiga yuklarini ortdi, bitta meshga oziq-ovqat, bittasiga suv soldi. Dayil ibn Bakr urug‘idan Abdulloh ibn Urayqitni yo‘l boshlovchilikka yollashdi. U usta yo‘l boshlovchi bo‘lgani uchun mushrikligiga qaramay, uch kundan keyin Savr g‘orida uchrashishga kelishib, ikki tuyani yuklari bilan ishonib topshirishdi. Shu kuni kechasi Makka mushriklari ham manfur rejani o‘ylab qo‘ygan edi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eshigi oldida to‘plandi. Payg‘ambarimiz alayhissalom g‘animlarida shubha tug‘dirmaslik uchun o‘rinlariga amakilarining o‘g‘li Alini yotqizib qo‘ydilar. Mushriklar tashqarida u zotni ko‘zdan qochirib qo‘ymaslik uchun eshik tirqishidan mo‘ralab turishar edi. Rasululloh to‘nlarini Alining ustiga yoptilar-da, Yosin surasining 9-oyatini o‘qib, tashqariga chiqdilar (Ba’zi rivoyatlarda bir hovuch tuproqqa dam solib, mushriklar tomonga sochgan edi, deyiladi). Shunda dushmanlar Payg‘ambarimiz alayhissalomni ko‘rmay qolishdi. Holbuki, u zot ularning shundoq oldidan eshikni ochib chiqib ketgan edilar. Yaratganning tadbiri bilan dushmanlarning oldida bir to‘siq, orqasida bir to‘siq paydo bo‘lib, ko‘zlari hech narsani payqamay qolishdi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom uydan chiqqanlarini hech kim ko‘rmadi. U kishi kelishilgan joyda Abu Bakr bilan uchrashdilar. Ikkovlon Savr g‘origa kirib yashirinishdi. Mushriklar suiqasdlari barbod bo‘lganidan, tuni bilan Rasulullohni emas, Ali ibn Abu Tolibni poylab chiqishganidan hayratga tushishdi. Shu zahoti payg‘ambar alayhissalomni izlab yo‘lga otlanishdi, u kishini tutib bergan yoki qayerdaligini aytgan odamga mukofot va’da qilishdi. Agar ular Savr g‘origa borib qarashsa, Rasululloh bilan Abu Bakrni bemalol topib olishlari mumkin edi. Nochor ahvolda qolganlaridan qattiq o‘kingan Abu Bakr yig‘lab yubordi. Payg‘ambar alayhissalom unga tasalli berib: "Qayg‘urma, Olloh biz bilan birga", dedilar. Chindan ham Parvardigor mushriklarning ko‘zini ko‘r qilib qo‘ydi. G‘orga qarash birontasining esiga ham kelmadi, hatto Rasulullohning ashaddiy dushmanlari Umayya ibn Xalaf ularning bu yerga yashirinishi mumkinligini tasavvuriga ham sig‘dirolmasdi. Mushriklar chor-atrofni tit-pit qilib, izg‘ib yurishdi. Qochoqlar uch kun g‘ordan chiqmay yashirinib yotishdi.
Abu Bakrning o‘g‘li ziyrak, uddaburon yigit edi, u kunduzlari mushriklarga aralashib, Rasululloh bilan otasi haqida eshitgan-bilganlarini ularga gapirib berar, qosh qorayganda iziga qaytib, g‘orda tunardi. Bomdoddan keyin yana Makkaga yetib kelardi. Uning izini yo‘qotish uchun Omir ibn Fuhayra boqayotgan qo‘ylarini uning orqasidan haydardi. Ta’qib tugagan kuni ertalab yo‘l boshlovchi Abdulloh ibn Urayqit yetib keldi. Ular Qizil Dengizni yoqalab yo‘lga tushishdi. Kutilmaganda orqadan Suroqa ibn Molik kelib qoldi. U mushriklarning Rasulullohni o‘ldirgan yoki tutib bergan odamga mukofot va’da qilganidan xabardor edi. Mudlij qabilasidan besh-o‘n kishi gaplashib o‘tirganida birov kelib: "Dengiz bo‘yida uch-to‘rt kishining qorasini ko‘rdim, Muhammad bilan birga qochgan sheriklari emasmikin?" dedi. Mukofotni bir o‘zi olishni ko‘zlagan ochko‘z Suroqa: "Falonchi-pismadonchilar yo‘qolgan mollarini izlab yurgan edi, shularni ko‘rgandirsan", deya gapni chalg‘itdi va bir ozdan keyin sekingina davradan sirg‘alib chiqdi-da, otga minib, qochoqlarning izidan tushdi. Ularga yaqinlashganda oti munkib yiqildi. O‘rnidan turib yana otiga mindi, ovoz bemalol eshitilgudek joygacha yaqinlashib keldi. Rasululloh parvo qilmay xotirjam ketaverdilar. Abu Bakr esa tez-tez orqasiga burilib qarardi. To‘satdan Suroqaning oti tizzasigacha qumga botib qoldi. U otini qamchilab joyidan jildirishga urindi. Joni azobda qolgan jonivorning oyoqlari qumdan chiqar-chiqmas, chang-to‘zon ko‘tarilib, ko‘zlari hech narsani ko‘rmay qoldi. Shum niyati g‘alati yo‘sinda barbod bo‘lganidan qattiq vahimaga tushgan Suroqa yordam so‘rab Payg‘ambar alayhissalomni chaqirdi.
Rasululloh hamrohlari bilan Suroqa yetyb kelguncha kutib turdilar. U mushriklarning yovuz niyatlarini, Rasulullohni tutish uchun hamma choralarni ishga solayotganini, katta pul sarflayotganini aytib berdi va yonidagi bor oziq-ovqat bilan yo‘lga kerakli narsalarni ularga taklif etdi. "Bizga narsalaring kerak emas, faqat quvlab kelayotganlarga ko‘rmadim desang bas", deyishdi ular. Suroqa omonlik xati so‘ragan edi, Rasululloh Abu Bakrga yozib berishni buyurdilar.
Alloh taolo o‘z payg‘ambarini balo-qazolardan asradi. Madinaliklar rasululloh kelayotganlaridan xabar topib, har kuni Harraga – qora toshli soy bo‘yiga chiqishardi va quyosh tikka kelgandagina qaytib ketishardi. Shunday kunlarning birida bir yahudiy payg‘ambar alayhissalomning olisdan elas-elas ko‘rinayotganlarining xabar berib: "Hoy, arab jamoasi, sizlar kutayotgan payg‘ambaringlar kelyapti!" deya qichqirdi. Ansorlar apil-tapil soy bo‘yiga yugurib, Rasululloh alayhissalomning yo‘llariga peshvoz chiqdidar.
Abduvohid O‘ROZOV,
“Pul yemas ota” jome masjidi imom noibi
Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.
Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.
Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.
Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.
Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.
Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.
Ilyosxon AHMЕDOV