Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2025   |   7 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:54
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
02 Iyul, 2025, 7 Muharram, 1447

Rasululloh qanday ro‘za tutganlar?

13.12.2017   7226   2 min.
Rasululloh qanday ro‘za tutganlar?

Abdulloh ibn Shaqiq dedilar: «Men Oysha (r.a.)ga Rasululloh (s.a.v.)ning ro‘zalari haqida savol qildim. Oysha onamiz dedilar: “Rasululloh  (s.a.v.) ba’zi oylarda shunday ro‘za tutar edilarki, biz endi bu oyda og‘iz ochmasalar kerak, der edik. Ba’zi oylarda shunday og‘iz ochiq yurar edilarki, biz endi bu oyda ro‘za tutmasalar kerak, der edik. Rasululloh (s.a.v.) Madinaga kelganlaridan keyin hech bir oyni butun ro‘za bilan o‘tkazmadilar. Magar tanho Ramazon oyini to‘liq tutar edilar».

***

Oysha (r.a.) dedilar: «Men Rasululloh (s.a.v.)ning xech bir oy ro‘zasini Sha’bon kabi ko‘p tutganlarini ko‘rmadim. Sha’bonda shunday ro‘za tutar edilarki, ozgina kun tutolmay qolar edilar. Balki ba’zi vaqtlarda butun Sha’bonni ro‘za bilan o‘tkazar edilar».

***

Oysha (r.a.) dedilar: «Rasululloh (s.a.v.) aksari dushanba va payshanba kunlarining ro‘zasiga ehtimom qilar edilar”.

***

Oysha (r.a.) dedilar: «Janobi Rasululloh (s.a.v.) ba’zi oyda shanba, yakshanba va dushanba kunlarida ro‘za tutar edilar. Ba’zi oyda seshanba, chorshanba kunlarida ro‘za tutar edilar».

***

Muoz (r.a.) dedilar: «Men Oysha (r.a.)dan so‘radim: “Rasululloh (s.a.v.) har oyda uch kun ro‘za tutar edilarmi?” Dedilar: “Ha”. Men dedim: “Qaysi kunlari tutar edilar?” Dedilar: “Qaysi kunlar bo‘lishida parvo qilmas edilar (Ya’ni, to‘g‘ri kelgan kunlarda tutaverar edilar)”.

***

Oysha (r.a.) dedilar: «Ashuro kuni (ya’ni, muharramning o‘ninchi kuni) Quraysh jamoasi ro‘za tutar edi. Rasululloh (s.a.v.) ham hijratdan ilgari o‘sha kuni nafl ro‘za tutar edilar. Madinai munavvaraga hijrat qilib kelganlaridan keyin ham tuta boshladilar. Ummatga ham tutishlari vojib ekanini e’lon etdilar. Keyin Ramazon ro‘zasi farz qilingach, Ashuro ro‘zasining vojibligi mansux qilindi va mustahabligi boqiy qoldi. Endi kim xohlasa tutib, kim xohlamasa tutmaydigan bo‘ldi».

“Shamoili Muhammadiya” kitobidan

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

27.06.2025   6677   3 min.
Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.

2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.

3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.

4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.

5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.

6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.

7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.

8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.

9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.

10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.

11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.

12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay  egasini ichini yondiradi.

13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.

14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.

15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin —  chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.

16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.

17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.

18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.

19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV