Qish. Tunlar hamon uzayishda davom etmoqda. Mo‘min-musulmonlar shu kunlarga: yana qorlarni, muzlarni ko‘radigan kunlarga yetkazganiga shukr qilib, zikrlarini va ibodatlarini ko‘paytirmoqda.
Dinimiz poklikni talab etgani bois kishilarimiz namozga borayotganda yoki boshqa ish bilan yurganda kiyimiga loy sachragan bo‘lsa, uni nima qilish kerak, o‘sha loy sachragan joyin yuvish kerakmi yoki kiyimning hamma joyin yuvish zarurmi deya o‘ylanib qoladi. Bu ikkisining qaysi birini qilsa ham jamoatdan qolib ketadi. Ammo Alloh taoloning mehribonligini qarangki, bu ishning ikkalasini ham qilish shart emas ekan. Chunki uning asli pok ekan. “Musannaf”da bir qator tobeinlardan bunday rivoyat qilingani keltirilgan: “Ular yomg‘irdagi suv va loyni kechib, masjidga kirar va namoz o‘qir edilar”.
Qish faslida shaharda tahoratu ibodat unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Chunki masjidlarimizning tahoratxonalaridagi qulayliklar tahorat qilayotgan kishiga rohat-farog‘at bag‘ishlaydi. Hamma joy top-toza, charog‘on, jo‘mrakni bir tarafga qaratib sal qiyalatsangiz, issiq suv keladi; aksini qilsangiz, sovuq suv; o‘rtasiga qo‘ysangiz, iliq suv. Muattar hidli sovunlarni aytmaysizmi. Yuz-qo‘l uchun, oyoq artish uchun alohida sochiqlar, yana shamollatib quritgichlar ham bor. Yana tahoratni tugatib chiqayotganingizda masjid xodimlari mushki anbar ham surib qo‘yishadi.
Namozxonaga kirsangiz, yumshoq gilamlar to‘shalgan, issiqqina, ko‘plab masjidlarda issiq pol qilingan. O‘sha yerda o‘tirib namoz boshlanguncha tokchalarga terib qo‘yilgan kitoblarni mutolaa qilasiz, hatto namoz tugagandan keyin ham ketgisi kelmaydi odamning.
Faqat shu faslda safarga chiqib qolgan kishi yoki qishloq joyda yashaydigan namozxonlarning hozircha bir oz mashaqqatlari bor. Biroq ana shu mashaqqat uchun aslida juda katta savoblar olar ekanmiz. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Olloh u bilan xatolarni o‘chirib, darajalarni ko‘taradigan narsaga ko‘rsatma beraymi?" dedilar. Sahobalar: "Ha, ko‘rsatma bering", deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qiyinchilik paytida tahoratni mukammal tarzda ado etish, masjidga qadamni ko‘paytirish va namozdan keyin namozni kutishdir. Mana shu ribotdir (marg‘ub bo‘lingan narsa)", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Qoziy Iyoz: "Qiyinchilik paytida tahoratni mukammal tarzda ado etishdagi mashaqqat deyilganda, qattiq sovuq, jasadning sovuq qotishi va shunga o‘xshash narsalar nazarda tutilgan", degan.
Buni qarangki, namozning vaqti ichida ham vaqti bo‘lar ekan. Yozning jaziramasida peshinni bir oz salqinlatib o‘qiganimizdek, qishning qahratonida peshinni vaqti kirgani zahoti o‘qib olsak foydali bo‘lar ekan. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilib dedi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sovuq qattiq bo‘lsa, namozni erta o‘qirdilar. Agar issiq qattiq bo‘lsa, namozni sovutardilar (ya’ni avvalgi vaqtidan kechiktirardilar)". (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Imom Termiziy ana shu hadisning ma’nosini tushuntirib: "Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblari va ulardan keyingi ahli ilmlar ixtiyor etgan narsadir, zero, namozdan qasd qilingan narsa xushu’ va qalbning huzuridir, qattiq sovuq va qattiq issiq namozxonni mashg‘ul qiladigan narsalar jumlasidandir", degan ekan.
“Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo” deganlaridek, qish faslining ham hikmatlari juda ko‘p va ularni o‘rganilib borilaversa, sovuqni ham, uzun tunlarni ham yoqtirib qolarkan odam. Ayniqsa, qish fasli ro‘za tutishga g‘oyat qulay fasl. Zotan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qishdagi ro‘za, salqin (rohatli) g‘animatdir", dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Binobarin, qish kunlarida ro‘za tutish tushlikni bir oz kechikib qilishdek gap. Eng muhimi, chanqamaysiz, jigaringiz kuymaydi, qorningiz ochadigan vaqtda o‘zi iftor vaqti kirgan bo‘ladi.
Shunday ekan, ana shunday qulay fursat, g‘animat damlardan foydalanib qolaylik, azizlar!
O‘MI matbuot xizmati
Ulamolar dinda ixtilof chiqarayotganlardan saqlanish uchun mazhab ahkomlarida mahkam turish, mutaassib g‘oyalarga berilmaslik zarurligini ta’kidlaydi va ixtilofchilarning jamiyatga buzg‘unchi ta’siridan saqlanishda quyidagilarni tavsiya qiladi:
– Ahli sunna val jamoa yo‘lidan yurish;
– Dinni o‘rganishda solih ajdodlar izidan borish;
– Tizimli va ishonchli manbalar asosida ilm o‘rganish;
– Ulamolarni hurmat qilish va ularga ergashish;
– Farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish;
– Turli toifa, firqa va guruhlarning chaqiriqlariga uchmaslik;
– Kishilar o‘rtasida ahil-inoqlik va do‘stlikni mustahkamlash;
– Din, Vatan va xalq foydasi uchun xizmat qilish;
– Ixtiloflardan chetda bo‘lish.
Tarixdan ma’lumki, qaysi xalq yoki jamiyatda ixtilof va o‘zaro nizolar avj olsa, u yerlarda katta fitnalar urchib, o‘lkalar zaiflashgan, oxir-oqibat muqarrar tanazzulga yo‘l tutgan. Aksincha, oshkora va maxfiy fitna va ixtiloflarga qarshi ilm, adolat va birdamlik bilan qarshi turgan yurtlar barqaror rivojlanib, dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallagan.
Shu nuqtayi nazardan, musulmonlarimiz aqida, shariat va diniy amallarni bajarish masalalarida ulamolarimizga ergashishlari, jamoadan ajralmasligi, o‘zlarini buzg‘unchi toifalar ta’siriga tushib, diniy mavzularda nizo va tortishuv chiqarishdan tiyishlari, ixtilofli masalalarning yechimini jumhur ulamolarning Qur’on va sunnat, moturidiya aqidasi, to‘rt mo‘tabar fiqhiy mazhablar asosida yozilgan asarlardagi hujjat-dalillardan topishlari to‘g‘ri yechim hisoblanadi.
Mingbuloq tumani “Toptiq Aziz” jome masjidi
imom-xatibi Mirzohid Umirzoqov
Manba: @Softalimotlar