Hazrati Oyisha onamiz roziyallohu anhoning huzuriga bir ayol keldi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrini ziyorat ettirishini iltimos qildi. Oyisha onamiz qabr turgan muborak hujrani ochdi va ayol ziyorat etdi va yig‘lamoqni boshladi, yig‘lab-yig‘lab jon taslim qildi.
Hazrati Ali karramallohu vajhahudan: “Siz Rasulullohni qanchalik sevasiz?” deb so‘rashdi. Hazrati Ali: “Qasam ichib aytamanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning molimizdan, farzandimizdan, ota-onamizdan va jazirama issiqda qo‘limizga yetgan sovuq suvdan-da sevimlidir”, dedi.
Men ham Sizni sevaman, yo Rasululloh. Ishqini ayta olmagan Uvays kabi, ul Habashi Bilol kabi, oshiqman Sizga, oshiqman, devonai Majnun kabi men ham Sizni sevaman yo Rasululloh, Men Sizni sevaman yo Habibulloh.
Siz jonimsiz, siz gulimsiz, tomirimdagi qonimsiz,
Ota-onam fido bo‘lsin, sevaman, yo Rasululloh.
Shul yamanlik Uvays kabi, ul habashlik Bilol kabi,
Oshiqdurman Majnun kabi sevaman, yo Rasululloh.
****
Rabbim Habibimsan demish, tog‘u toshlar tilga kirmish,
Ummatingiz ko‘ngil bermish, sevaman yo Rasululloh.
Shul yamanlik Uvays kabi, ul habashlik Bilol kabi,
Oshiqdurman Majnun kabi sevaman, yo Rasululloh.
****
Kim jonini bermas sizga, oqar ko‘nglim sizga yana,
Recheli qurbon bo‘lsin izingizga, yo Rasululloh.
Shul yamanlik Uvays kabi, ul habashlik Bilol kabi
Oshiqdurman Majnun kabi sevaman, yo Rasululloh.
Ismoil Bayxon Abdurahmon va Recheli Bulbul dueti
Tarjimon: Robiya JO‘RAQULOVA
Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi