Islom dini azaldan insoniyatga asl muruvvatni, dindoshlariga, hatto g‘ayridinlarga ham ehtirom hamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib kelmoqda. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam faqatgina Islom ummatiga emas, balki butun insoniyatga go‘zal xulq-atvorlari bilan namuna bo‘ldilar. U zot ahli kitobdan bo‘lgan qo‘shnilari bilan ham yaxshi munosabatda bo‘lar, hadyalar berib, ulardan ham hadyalar qabul qilar edilar. Hattoki, Najron nasroniylari kelganida, ularga masjidning bir tomonida ibodat qilishga ijozat berdilar. Dastlab, rohib bo‘lgan angliyalik tarixchi Karen Armstrong “Muqaddas urush” kitobida bunday yozadi: “Muhammad (alayhissalom) faqat Makka mushriklari bilan emas, bir paytning o‘zida mahalliy yahudiy qabilalari va ular bilan til biriktirib hujumni rejalashtirgan Shom nasroniylari bilan ham urushishga majbur bo‘lgan edilar. Ammo bu uning qalbida dushmanlariga nafrat tug‘dirmadi, uni ya’ni ahli kitobni (yahudiy va nasroniylarni) la’natlashga olib kelmadi. Musulmonlar hayotlarini himoya qilishga majbur bo‘ldi, lekin o‘z dushmanlarining diniga qarshi urushga kirganlari yo‘q. Bordi-yu, urushga majbur bo‘lib qolishsa, insonparvarlikni unutmasdi. Ular diniy xizmatchilarni, rohiblarni bezovta qilishmasdi, urushga qatnashmaydigan, ojiz kishilar, ayollar, yosh bolalar, keksalarga tegmas, ularga zarracha ozor yetkazmas edi. Ular tinch aholini o‘ldirmagan, bino va uy-joylardan hech birini vayron qilmagan”. Demak, ular har qanday holatda ziyon-zahmat yetkazishdan xoli bo‘lgan.
Inson sha’ni, salomatligi, huquqlari – oliy qadriyat, uning mol-mulki daxlsiz. Shuning uchun ham, ularga daxl qilish jinoyat sifatida baholanadi. Jumladan, o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-taroj qilish, talonchilik maqsadida hujum qilish, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish sodir etish – bosqinchilik hisoblanadi.
Dinimizda bunday zo‘ravonliklar keskin qoralanadi. Shunga qaramay, o‘zlariga islomni niqob qilib olgan o‘zgalarning mol-mulkini har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, olib qo‘yish, qarshilik qilinsa, ularga qarshi keskin chora-tadbirlar ko‘rishni halol sanaydigan turli ekstremistik oqimlar talonchilik va bosqinchilik qilish, korxonalar va inshootlarga zarar yetkazish orqali ijtimoiy barqarorlikni izdan chiqarishga urinmoqdalar.
Bu haqda shayx Yusuf Qarzoviy shunday deydi: “Chet el elchixonalarini vayron qilish, boshqa din vakillarini o‘ldirish – ochiq-oydin zulm va fasodning bir turidir. Chunki mazkur elchixonalar davlat bilan rasmiy va o‘zaro rozichilikka asoslangan holda faoliyat olib boradi va musulmon davlati himoyasida hisoblanadi”.
Dindan millatlararo adovat uyg‘otishda foydalanish, millatchilik va diniy ayirmachilikni keltirib chiqarish yo‘lidagi harakatlar islom dini ta’limotiga ziddir. 2006 yilning iyul oyida Islom olami uyushmasi o‘tkazgan “Islomda tinch-totuv yashash” mavzusidagi konferensiya bayonotida shunday deyiladi: “Islom dini barcha millat, xalq va davlatlar o‘rtasida tinch-totuv yashashga buyuradi va quyidagilarni muhim deb hisoblaydi:
- islomning eng yuksak g‘oyasi bo‘lgan tinchlikni targ‘ib qilish va insonlar xavfsizligini ta’minlash;
- inson sha’nini ulug‘lash va uning huquqlarini hurmat qilish;
- o‘zgalarni dinga majburlamaslik va ularga nisbatan adolatsiz bo‘lmaslik;
- terrorchilik, buzg‘unchilikning har qanday turiga qarshi kurashish va odamlarni nohaq o‘ldirmaslik”.
Albatta, ko‘nglida adovati bo‘lmagan hamda jamiyatga zarari tegmaydigan boshqa din vakillari bilan yaxshi muomalada bo‘lib, ular bilan dunyoviy ishlarda hamkorlik qilish dinimiz talabidir.
Barcha ahli kitoblar, xususan, nasroniylar musulmonlar qalbiga yaqin ekanini Alloh taolo quyidagi oyati karimada bayon etgan: “Iymon keltirganlarga nisbatan yaqinroq do‘st – “biz nasroniylarmiz” deganlar ekanini (ham) ko‘rasiz. Buning sababi – ular ichida ruhoniy va rohiblarning borligi va ularning kibriga berilmasligidir” (Moida, 82-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislari bilan ahli zimmalarga bo‘lgan ahdni buzgan kishi Allohning qahriga va azobiga uchrashini mustahkamlab qo‘ydilar: “Kim zimmiy (ahli kitob vatandosh)ga ozor bersa, menga ozor bergan bo‘ladi. Menga ozor bergan odam esa Allohga ozor bergandir” (Imom Tabaroniy rivoyat qilgan).
Yana bir hadisi sharifda “Kim ahdlashgan odamga zulm qilsa yo uning haqqini kamaytirsa yoki unga toqatidan ortiq vazifa yuklasa, uning haqqidan botil yo‘l bilan o‘zlashtirsa, men u odam bilan qiyomatda hujjatlashaman”, deyilgan (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Islom mamlakatida yashaydigan ahli kitob yoki boshqa millat va din vakili o‘rtada ahdlashuv borligi uchun erkinlikda, qonuniy himoyada yerli xalq bilan bir maqomdadir. Shunday ekan, bizlar ham yurtimiz, shahrimiz, mahallamizda biz bilan vatandosh, hamshahar, mahalladosh bo‘lgan turli millat, turli din va e’tiqod vakillari bilan o‘zaro hurmat va muhabbat bilan yashashimiz darkor. Bizning mamlakatimizda irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha oilalar va ularning farzandlari qonun oldida huquqan bir xil mavqe’dadir, imtiyozlardan ham birdek foydalanishadi. Bu O‘zbekiston Konstitutsiyasi va boshqa qonunlar bilan kafolatlangan.
Hasanboy ERKINOV,
“Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi.
Musibat gohida mudroq iymonni uyg‘otishi va insonni Allohga qaytarishi mumkin. Natijada kasallikni davoga, qiyinchilikni esa sovg‘aga aylantiradi.
Qiyinchiliklarga dosh berish Allohga bo‘lgan odob va Uning taqdirini mamnuniyat bilan qabul qilish belgisidir.
Hikmatlarda aytiladi: "Men yumshoqlikni ham, qilichni ham sinab ko‘rdim. Bildimki, yumshoq – muloyimlik keskirroq ekan".
Bardoshli mo‘min hodisalarga nisbatan zaif va munofiqlarcha emas, xuddi raqibiga jang taktikasini sezdirmaydigan pahlavon bahodir kabi harakat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Mo‘min yangi ekilgan nihol daraxtiga o‘xshaydi. Qaysi tarafdan shamol essa, u ana shu tarafga og‘adi va shamol to‘xtagan paytda yana tik turib oladi. Xuddi shunday, musulmon ham har xil balo va qiyinchiliklarga duchor bo‘ladi (lekin u, Alloh uning qiyinchiliklarini ko‘targunicha, sabr qiladi). Va fosiq (yomon) odam esa qarag‘ay daraxtiga o‘xshab qattiq va tikka bo‘lib turaveradi, Alloh uni O‘zi xohlagan paytda uzib (sindirib) tashlagunicha" (Imom Muslim rivoyati).
Hayotning yoqimsiz voqealariga duch kelishda bardoshli bo‘lish gohida ularga nisbatan tabassum bilan boqishga va xotirjamlik bilan qabul qilishga imkon beradi. Siz shunday davom etishini xohlaganingiz uchun emas, ulardan bezovta bo‘lib, qayg‘uga tushishni yengillatish uchun shunday tabassum kerak bo‘ladi.
©️ Shayx Muhammad G‘azzoliy