Buvilarimiz qizlarni bekalikka tayyorlash, diniy ma’rifat tarqatish, yoshlarga odob-axloq berish borasida otinoyilarga murojaat qilib kelgan. El ardoqlagan otinoyilar Qur’onni tajvid bilan o‘qish, tafsir, islom dini arkonlarini bilish bilan bir qatorda yuksak odob-axloq sohibasi ham bo‘lgan.
Ilm-fan jadallik bilan rivojlanib borayotgan hozirgi zamonda otinoyilarning bilimiga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Zamon talabiga javob bera oladigan ma’rifatli otinoyi dunyoviy va diniy bilimlarni o‘zlashtirishi, shuningdek, mazhablar haqida ham puxta ma’lumotga ega bo‘lishi g‘oyat ahamiyatlidir.
Otinoyi nomiga munosib bo‘lish uchun xalq ishonchini oqlashi, ma’naviy yordamga muhtoj insonlarga husni xulqda bo‘lishi, turli marosimlarga borganda riyo, manmanlik va ta’magirlik qilmasligi kerak. Otinoyilar bir-birini hurmat qilishi, turli masalalarda maslakdosh bo‘lib ish olib borishlari lozim.
Insonlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, dinimiz ta’limotiga zid bo‘lgan folbinlik, sehr-jodu, mushkulkushod, bibiseshanba va boshqa bid’at-xurofotlarga barham berish otinoyilarning muhim vazifalaridandir.
Otinoyilar o‘zlariga murojaat qilgan oilalarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, baxtli oilalar sonini ko‘paytirsa jamiyatimiz va davlatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan bo‘ladi.
Quyida hurmatli otinoyilarimizga ba’zi tavsiyalarimiz borki, ularga amal qilishsa, ish faoliyatlari samarali, bilim saviyalari yanada oshadi, inshoalloh:
1. Uyingizda alohida kutubxona bo‘lishiga e’tibor bering. Har oy yangi kitob sotib olishga harakat qiling;
2. Fikr doirangizni kengaytirib boring. Zamon talabiga muvofiq keladigan ilmlarni egallashga g‘ayrat qiling;
3. Ilm olishda va din yo‘lida eng so‘ngi zamonaviy vositalardan (kompyuter, audio-video materiallar, internet, kitob va elektron kitoblar) unumli foydalaning;
4. So‘zlashish va muomala uslubingizni go‘zallashtiring. Ushbu mavzuga oid manbalar bilan tanishib boring;
5. Ishingizni reja asosida olib boring, bir xillikdan qoching;
6. O‘zingizga har kecha o‘tgan kuningiz yuzasidan hisobot bering;
7. Turli davrada bo‘lasiz, davra va vaziyatga mos uslubda gapiring. So‘zingiz va amalingiz bir bo‘lsin;
8. Hammaga e’tiborli bo‘lishga harakat qiling, insonlarda doimo yaxshilikka intilish tuyg‘usini uyg‘otishga harakat qiling;
9. Siz tufayli bir insonning to‘g‘ri yo‘lga kirishi dunyo va undagi barcha narsadan yaxshiligini esda saqlang;
10. Boshqa otinoyilar bilan munosabatingiz go‘zal bo‘lsin, ularni hurmat qiling. O‘rgangan bilimingizni boshqalar bilan baham ko‘rishga intiling;
11. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning: “Buyuk axloqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborildim” degan hadislarini o‘zingizga shior qilib oling.
Xalq hurmatiga sazovor bo‘lgan otinoyilarimiz elu yurtning suyanchig‘i hisoblanadi. Yuksak ma’naviyat va madaniyatga ega ma’rifatli otinoyilarimiz xalqimizning ziynatidir. Mas’uliyati yuksak, sifatlari ibrat, har sohada amali bilan o‘rnak bo‘ladigan ilmli otinoyilarimizning faoliyatlarini olib borishda Alloh taolodan madad so‘raymiz.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Musibat gohida mudroq iymonni uyg‘otishi va insonni Allohga qaytarishi mumkin. Natijada kasallikni davoga, qiyinchilikni esa sovg‘aga aylantiradi.
Qiyinchiliklarga dosh berish Allohga bo‘lgan odob va Uning taqdirini mamnuniyat bilan qabul qilish belgisidir.
Hikmatlarda aytiladi: "Men yumshoqlikni ham, qilichni ham sinab ko‘rdim. Bildimki, yumshoq – muloyimlik keskirroq ekan".
Bardoshli mo‘min hodisalarga nisbatan zaif va munofiqlarcha emas, xuddi raqibiga jang taktikasini sezdirmaydigan pahlavon bahodir kabi harakat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Mo‘min yangi ekilgan nihol daraxtiga o‘xshaydi. Qaysi tarafdan shamol essa, u ana shu tarafga og‘adi va shamol to‘xtagan paytda yana tik turib oladi. Xuddi shunday, musulmon ham har xil balo va qiyinchiliklarga duchor bo‘ladi (lekin u, Alloh uning qiyinchiliklarini ko‘targunicha, sabr qiladi). Va fosiq (yomon) odam esa qarag‘ay daraxtiga o‘xshab qattiq va tikka bo‘lib turaveradi, Alloh uni O‘zi xohlagan paytda uzib (sindirib) tashlagunicha" (Imom Muslim rivoyati).
Hayotning yoqimsiz voqealariga duch kelishda bardoshli bo‘lish gohida ularga nisbatan tabassum bilan boqishga va xotirjamlik bilan qabul qilishga imkon beradi. Siz shunday davom etishini xohlaganingiz uchun emas, ulardan bezovta bo‘lib, qayg‘uga tushishni yengillatish uchun shunday tabassum kerak bo‘ladi.
©️ Shayx Muhammad G‘azzoliy