O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2017 yil 13 noyabrdagi 01A/113-sonli buyrug‘iga asosan idora tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalarida 2017-2018 o‘quv yilining 1 dekabridan boshlab “Qur’oni karim va tajvid” hamda “Arab tili” fanlari bo‘yicha o‘quv kurslari faoliyat boshlashi haqida ma’lum qilingan edi.
Mazkur xabar e’lon qilinganidan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasiga ko‘plab fuqarolarimiz tomonidan yozma va og‘zaki murojaatlar bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan murojaatlar o‘rganib chiqilib, tashkil etilishi rejalashtirilgan kurslardagi o‘qish muddati, o‘quv rejalari va boshqa me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, ular tasdiqlangach, bu haqda qo‘shimcha e’lon qilish maqsadga muvofiq ekaniga xulosa qilindi.
Shu munosabat bilan o‘qish istagida bo‘lgan fuqarolar tashkil etiladigan kurslar haqidagi yangiliklarni bilish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasining www.muslim.uz saytini kuzatib borishlari tavsiya etiladi.
O‘MI ta’lim bo‘limi
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati