Alloh azza va jalla belgilagan vaqtda va mavsumda hajga borish hamda ota-onaga yaxshilik qilish sanab adog‘iga yetolmaydigan fazilatlarga to‘ladir. Bunga doir bir necha ibratli voqealar bor.
Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhu aytadiki: Biz Umar ibn al-Xattob roziyallohu anhu bilan u kishini xalifaligining ilk davrida birga haj qildik. Mo‘minlar amiri Baytullohga kirganida tavof vaqtida Hajar al-asvadni o‘par ekan, bunday dedi: “Seni o‘payapman, holbuki, sen oddiy toshsan. Sen na foyda va na zarar ham yetkaza olasan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni o‘pgani uchun o‘pmoqdaman. Agar bunday bo‘lmaganida edi, seni hargiz o‘pmagan bo‘lardim!” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Ibn Umar Makkaga qarab yo‘lga chiqqanda tuyaga minishdan malollanib qolsa o‘shani minar edi. Yana boshiga o‘rab yuradigan sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagida ketayotgan edi, bir a’robiy o‘tib qoldi.
– Sen falonchining o‘g‘li falonchi emasmisan? – so‘radi Ibn Umar.
– Ha shunday, – deb javob berdi a’robiy.
Ibn Umar roziyallohu anhumo unga eshagini berib:
– Mana buni minib ol! – dedi va sallasini ham berib:
– Buni boshingga o‘rab olgin, – dedi.
Shunda u kishining ba’zi hamrohlari:
– Alloh Sizni mag‘firat qilsin! Nega bu a’robiyga minib kelayotgan eshagingizni va boshingizga o‘rab yurgan sallangizni berib yubordingiz – deb so‘rashdi.
U kishi:
– Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Yaxshiliklarning eng ezgusi kishining otasi vafot etganidan keyin uning do‘stlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lishidir”, deb aytganlarini eshitganman. Uning otasi mening otam Umar ibn al-Xattobning (roziyallohu anhu) do‘sti edi, – dedi (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur ikki qissadan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish, u zotning sunnatlariga amal qilish qanday bo‘lishi va vafot etgan ota-onasiga farzandning yaxshilik qilishi qay holatda bo‘lishini anglab olishimiz mumkin. Bu o‘rnak olishga arzigulik ibratli darslardandir.
Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Rivoyat qilinishicha bir kishi onasini yelkasida ko‘tarib Baytullohni tavof qildiribdi.
Tavofni tugatgach, bu amalini ona uchun qilingan katta xizmat, beqiyos xayru ehson deb, o‘ylagan o‘g‘il Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
– Onamning mendagi haqqini ado etdimmi? – deb so‘rabdi.
Rasululloh unga:
– Yo‘q! Sen bir marotaba oh urishining haqqini ham ado etolmading, – dedilar (Ya’ni, onasini ko‘tarib tavof qildirishi uning homiladorlik vaqtidagi qiyinchilik lahzalaridan biriga ham teng emasligini aytdilar).
Agar biz Alloh azza va jallaning roziligini topish uchun bor kuchimizni ota-onamizning xizmatiga sarflasak, naqadar baxtli inson bo‘lar edik!.
Hotam bin al-Asam farzandlarini chaqirib, shunday dedi: “Men bu yil hajga borishni istayman”. Uning bolalari yig‘ladilar va aytdilarki: “Ey otajon, siz haj safariga bormoqchi bo‘lsangiz, bizlarni kimga qoldirib ketmoqchisiz?”
Shunda Hotam bin al-Asamning qizlaridan biri: “Yig‘idan to‘xtanglar, otamizni hajga borishlari uchun uni o‘z holiga qo‘yinglar. Alloh azza va jallaning rizq beruvchi zot ekanini bilmaysizlarmi, bu xususda Qur’oni karimda shunday deyilgan-ku:
إِنَّ اللَّهَ هُوَ الرَّزَّاقُ ذُو الْقُوَّةِ الْمَتِينُ
Zero, Allohning o‘zi Razzoq (rizq beruvchi), quvvatli va Matin (qudratli)dir”.
Shundan so‘ng bolalar opasini koyib och holida uxlagani yotishdi. Kunlarning birida bu uy yonidan o‘sha mamlakatning amiri o‘tib qoldi. Amir chanqog‘ini bostirish uchun yaqindagi uylardan biridan suv so‘radi. Unga Hotam bin al-Asam uyidan yangi ko‘zada suv keltirishdi, u suvdan ichib oldi va so‘radiki: Bu kimning uyi?. Shunda unga ayonlari: “Bu Hotam bin al-Asamning uyi”, deb javob berdilar. Shunda amir bu uyga bir tilla tanga tashladi va dediki: Agar kim meni hurmat qilsa men qilgan ishni bajaradi. So‘ngra amirning a’yonlari Hotam bin al-Asamning uyiga bir necha tilla tanga otdilar. Buni ko‘rib Hotam bin al-Asamning qizi yig‘lab yubordi. Uning onasi: “Nimaga yig‘layapsan, qizim?” deb so‘radi. Shunda u: “Alloh azza va jalla rizqimizni mo‘l qildi. Onajon, bizga Allohning bandasi nazarini qaratdi, bizni behojat qildi va bizga tashakkur aytdi. Agar Alloh azza va jallaning O‘zi bizga nazar solsa nima bo‘lishini tasavvur qiling!”
Ilyos Ahmedov tayyorladi
- 54دُخُولُ النَّاسِ فِي الْجَنَّاتِ فَضْلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ يَا أَهْلَ الأَمَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Ey umidvor bandalar, insonlarning jannatlarga kirishlari Ar-Rohmanning fazlidir.
Nazmiy bayoni:
Jannatga erishmoq Ar-Rohman fazli,
Bu muhim e’tiqod, ey umid ahli.
Lug‘atlar izohi:
دُخُولُ – mubtado.
النَّاسِ – muzofun ilayh.
فِي – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.
الْجَنَّاتِ – lug‘atda “darxtzor bog‘” ma’nosini anglatadi. Jor majrur دُخُولُ ga mutaalliq.
فَضْلٌ – xabar. Lug‘atda “marhamat” va “muruvvat” kabi ma’nolarni anglatadi.
مِنَ – “tabyiniya” (uqtirish) ma’nosida kelgan jor harfi.
الرَّحْمَنِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.
يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.
أَهْلَ الأَمَالِ – muzof munodo. Lug‘atda “umidvorlar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
Matn sharhi:
Qaysi bir inson jannatga kiradigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning lutfu marhamati bilan kirgan bo‘ladi. Shuning uchun U mehribon zotning fazlu marhamatidan umidvor bo‘lib harakat qilish lozim.
Jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga ko‘ra egallansa-da, unga kirish faqat va faqat Alloh taoloning fazlu marhamatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari alohida ta’kidlaganlar:
عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ سَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَاعْلَمُوا أَنْ لَنْ يُدْخِلَ أَحَدَكُمْ عَمَلُهُ الْجَنَّةَ وَأَنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ أَدْوَمُهَا وَإِنْ قَلَّ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘g‘ri bo‘linglar, g‘uluga ketmanglar, bilinglarki sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirog‘i oz bo‘lsa-da, davomlirog‘idir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni biror inson ham yaxshi amallari ko‘pligi sababli o‘zining jannatga kirishini naqd qilib qo‘ya olmaydi, balki jannat faqatgina Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lgan baxtli insonlargagina nasib etadi.
Shuning uchun har bir banda Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Qur’oni karimda taqvodor bandalarning jonlari olinayotganda farishtalar ularga salom berib, jannat bashoratini berishlari bayon qilingan:
Ushbu oyati karimadagi ب harfi “sababiya” ma’nosida bo‘lsa ham, “badaliya” ma’nosida bo‘lsa ham, hadisda bayon qilingan ma’noga zid bo‘lib qolmaydi. Agar “sababiya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” degan ma’no tushuniladi. Agar “badaliya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz badaliga Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” bo‘ladi.
Modomiki, barcha Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lish bilangina jannatga kirar ekan, doimo U zotning rahmatidan umid uzmay amal qilib borish lozim. Ammo umidvor bo‘lish bilan xom xayol surishning orasini ajratib olish kerak. Xom xayol surish – biron ish qilmasdan faqatgina “shirin xayol” surishning o‘zi bo‘lsa, umidvor bo‘lishning o‘ziga yarasha bir qancha shartlari bor.
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar haqida “Talxisu sharhi aqidatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Kimki bir narsadan umidvor bo‘lsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning bo‘lishi zarurligini keltirib chiqaradi:
1. Umid qilgan narsasiga muhabbatli bo‘lishi;
2. Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qo‘rqishi;
3. Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilishi.
Ushbularning birortasiga ham bog‘lanmasdan, umid qilish xom xayol surish bo‘ladi. Umidvorlik va xom xayol surish boshqa-boshqa narsalardir”[2].
Demak, kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga muhabbatli bo‘lishi, uni doimo yodida saqlashi va unga olib boradigan yo‘llardan yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erisholmay qolishidan qo‘rqishi, undan ajratib qo‘yadigan narsalardan saqlanib yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erishishi uchun unga erishtiradigan barcha omillarni ishga solib imkoni boricha harakat qilishi lozim. Alloh muvaffaq qilsin.
Keyingi mavzular:
Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni.