Bismillohir Rahmonir Rahim. Allohga beadad hamd-u sanolarimiz, sevikli Payg‘ambarimiz Muhammmad Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durud-u salovotlarimiz bo‘lsin.
Rasululloh alayhissalom zarur bo‘lganda uyda, masjidda, yo‘lda ham yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarganlar. U zot nafaqat so‘zlari, balki amallari bilan ham o‘zgalarga buyuk namuna bo‘lganlar. Rasululloh alayhissalomning xulqlari Qur’on bo‘lgan. Biz bu gapni ko‘p eshitamiz-u, lekin ma’nosini chuqur o‘ylab ko‘rmaymiz. Buning ma’nosi shuki, Rasululloh alayhissalomning qilgan har bir ishlari, aytgan har bir so‘zlari va xulqlari o‘zlari tilovat qilayotgan oyatlar, insonlarga yetkazayotgan ma’ruzalar, majlislardagi va’z-nasihatlarga mos demakdir.
Rasululloh alayhissalomning oldingi-yu keyingi gunohlari mag‘firat qilingan bo‘lsa ham, tunlarni namoz bilan bedor o‘tkazar edilar, hatto tovonlari shishib ketar edi. Rasululloh alayhissalomning oyoqlari shishib ketganini ko‘rgan sahobalar: “Alloh sizning hamma gunohlaringizni mag‘firat qilgan bo‘lsa, shunchalik azob chekib o‘zingizni qiynaysizmi?” deyishganda, u Zoti muborak: “Men shukr qilguvchi bandalardan bo‘lmaymanmi?” deb javob berganlar.
Tarixda taniqli va aslzoda shaxslar jinoyat sodir etishsa, kam hollarda ularga nisbatan jazo qo‘llanilgan. Rasululloh alayhissalom davrlarida ham huddi shunday voqea sodir bo‘ldi. Qurayshning eng obro‘li Banu Maxzum qabilasidan bir qiz o‘g‘rilik qildi. O‘g‘rilik sodir etilgach, ko‘pchilik “Rasululloh alayhissalom kechirimli Zot, uni avf etadilar, qolaversa, bu qiz obro‘li oiladan, hech bo‘lmaganda boshqa yengilroq jazo qo‘llansa kerak”, deb o‘ylashdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni eshitib, “Ey odamlar, albatta, sizdan oldin o‘tganlarning halok bo‘lishlari ichlaridan shariflar o‘g‘rilik qilishsa qo‘yib yuborib, zaiflar o‘g‘rilik qilsa jazoni qoim qilishlari sababidan bo‘lgan”, deb ta’kidladilar. So‘ng tarix mislini ko‘rmagan va faqat Islom diniga xos bir hadisni aytdilar: “Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima o‘g‘rilik qilsa ham albatta qo‘lini kesaman!”.
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xohish-istaklari va hayot-mamotlari Allohdan tushayotgan vahiy bilan bog‘liq edi. Bu vahiyga qarama-qarshi bo‘lgan yo‘l u zot uchun begona yo‘l hisoblanar edi.
Tasavvur qiling, bir odam sizga eng yaqin kishining joniga qasd qildi. So‘ng yoningizga kelib, afv tiladi. Siz uning aybidan ko‘z yuma olasizmi?! Chekkan azoblaringizni unutib, uni kechira olasizmi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa amakilari Hamza roziyallohu anhuning qotili Vahshiy roziyallohu anhuni Islom dinini qabul qilgach, uni afv etganlar.
Makka ahli Rasululloh alayhissalomni sahobalaridan judo etib, yurgan yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turgan holatlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu musibatlarga sabr qilib, ularning haqqiga duolar qildilar. Allohning nusrati ila Makka fath etilganida makkalik mushriklar qo‘llaridan hech narsa kelmagan hollarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan berilajak hukmni kutib turishardi. Chunki ular qilmishlari kechirilmasligini, o‘limga mahkum ekanliklarini va shunga loyiq qanchalik jirkanch ish qilganlarini bilishar edi. Shunday bo‘lsa-da, bu mushriklar Rasululloh alayhissalomning husni xulqlari haqida bir-biriga so‘zlab, kechirilishlariga umid bog‘lashardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa hech kim hayoliga ham keltirmagan boshqa yo‘lni tanladilar, bu hukmni hech kim kutmaganligi ham rost edi. Rasululloh alayhissalom ularga qarab: “Ketaveringlar, sizlar ozodsizlar”, deb marhamat qildilar.
Rasululloh alayhissalomning to‘g‘ri so‘zliklari va omonatdorliklari ham buyuk namuna. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning omonatdorliklarini eslang! Hatto kofirning omonatiga ham xiyonat qilmadilar! Qurayshliklar Rasululloh alayhissalomlan boshqa ishonchli omonatdor inson topa olishmagan.
Tasavvur qilayapsiz-mi?, bir-biriga qarama-qarshi ikki taraf, o‘rtada jang ketayotganiga qaramay, mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘z mollari va pullarini ishonib topshirganlar.
Rasuli akram alayhissalom sarvari koinot bo‘lishlariga qaramay, sahobalari bilan birga ishlar, yashash tarzlari ularnikidan farq qilmas edi, majlisga borganlarida qayerda bo‘sh joy bo‘lsa, o‘sha yerga o‘tirar edilar, hatto kelgan odam: “Qaysi biringiz Muhammad alayhissalomsiz?”, deb so‘rardi.
Qurayshliklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga katta boylik va podshohlik va’da qilishib, evaziga Islomni yoyishdan voz kechishni so‘rashganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, agar o‘ng qo‘limga quyoshni, chap qo‘limga oyni tutqazishsa ham Allohning o‘zi boshlagan ishimga ravnaq bermaguncha yoki shu yo‘lda halok bo‘lmagunimcha tanlagan yo‘limdan voz kechmayman”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqirona hayot kechirdilar, faqirliklari ojizliklaridan emas, balki boylikka ruju qo‘ymaganliklaridan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hujralarining uzunligi yigirma besh qulochdan oshmagan. Oisha roziyallohu anho onamiz bilan istiqomat qilgan hujralari bir xonali bo‘lib, guvaladan tiklangan edi. Hujraning torligidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qiganlarida Oisha roziyallohu anho onamiz uxlay olmas edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sajda qilganlarida Oisha roziyallohu anho onamiz oyoqlarini yig‘ishtirib olardilar. Uyda oylab qozon osilmas, ko‘pincha oila taomi hurmo va suvdan iborat edi. Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlaridan boshlab, to qabz qilingunlaricha ketma-ket uch kecha to‘yib bug‘doy taom yemaganlar”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichiga xurmo daraxtining po‘stlog‘i solingan charm to‘shakda yotardilar. Hafsa roziyallohu anho onamiz bunday hikoya qiladilar: Rasululloh alayhissalomning to‘shaklari bittagina palos edi, uni ikki buklab solib berardik. Bir kuni palosni to‘r buklab solib bergan edik, ertasiga u Zot palosni necha qavat qilib to‘shaganimizni so‘radilar, biz to‘rt buklab solganimizni aytganimizda, bundan keyin ikki qavat qilib solinglar, bugun o‘rinning yumshoqligi meni namozdan qo‘ydi, deganlar.
Sizning go‘zal xulqingizni, fazilatlaringizni yozib, vasf etib tugatishning imkoni yo‘q. Bugungacha dunyodagi biror mashhur shaxsning hasbi holi Siznikichalik ko‘p va keng o‘rganilmagan, bu Siz keltirgan ilohiy risolat haqligiga, Siz keltirgan din Alloh nazdida maqbul, butun insoniyatga taklif etilgan oxirgi ta’limot ekaniga yorqin dalildir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh bo‘ling! Albatta, men sizdan avval borguvchiman, sizlar ham menga yetib olasiz.
Ogoh bo‘ling! Va’dalashgan joyimiz – havzi Kavsardir.....
Ogoh bo‘ling! Kimki ertaga bu manzilda bo‘lishni istasa, tilini va qo‘lini yomonlikdan tiysin”, dedilar.
Alloh taolo barchamizni jannatda Rasululloh alayhissalom bilan birga qilsin.
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sahobai kiromlar iymonu Islom, shariatu tariqat, axloqu odob va shunga o‘xshash barcha kerakli narsalarda har birlari biz uchun muqtado bo‘lgan ajoyib insonlar jamoasidir.
Ushbu mavzuga kirishdan avval «sahoba» va «fazl» so‘zlarining ma’nolarini yaxshilab o‘rganib olishimiz lozim.
«Sahoba» so‘zi «sahiba» o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda «suhbatdosh bo‘lmoq» va «sohib bo‘lmoq» degan ma’nolarni anglatadi.
Istilohda esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni musulmonlik hollarida ko‘rgan odamga sahoba deyiladi.
Musulmon odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rsa bo‘ldi, suhbatlashib o‘tirmasa ham sahoba bo‘laveradi.
Ulamolar bu masalada ko‘plab batafsil bayonotlar, turli fikr-mulohazalarni keltirganlar. Lekin mazkur tortishuvlarning barchasining natijasi yuqoridagi ta’rifga borib taqaladi.
«Fazl» so‘zi lug‘atda «ziyoda», «ortiqlik», «ustunlik» degan ma’nolarni anglatadi.
Shundan «Sahobalarning fazli» iborasining ma’nosini tushunib olish mumkin.
Payg‘ambar alayhissalom hazrati Jobir roziyallohu anhuga va «Bay’atir-Rizvon»da ishtirok etgan boshqa sahobiylarga qarata: «Sizlar yer yuzidagi eng yaxshi odamsizlar», deganlar.
Shunga binoan, har bir musulmon mazkur baxtiyor shaxslarni sevishi, hurmatlashi va e’zozlashi lozimdir.
Alloh taolo ularga «yaqin fath»ni mukofot qilib berdi. Hudaybiyadan so‘ng tezda butun dunyoni fath qilish boshlandi. Ikki oydan ko‘p vaqt o‘tmay, birinchi, eng muhim fathlardan biri – Xaybar fathi bo‘ldi. Undan keyin esa navbatdagi fathlar ketma-ket sodir bo‘laverdi.
Musulmonlar Islom jamiyatining asl mag‘zini, javharini tashkil etar edilar. Ular uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism peshqadam muhojirlar edi.
«Birinchi peshqadam muhojirlar».
Ular Makkai Mukarramada hech kim iymonga kelmagan paytda iymonga kelgan, kofirlarning ozorlariga chidagan, ularning zulmlariga bardosh bergan ulkan sahobiylardir.
Ulamolar: «Ushbu oyatda «oliy maqom egalari» deb sifatlanayotgan muhojirlar Badr urushiga qadar Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilgan sahobalardir», deydilar. Chunki ular eng qiyin vaqtda iymonga kelib, eng qiyin vaqtda hijrat qilgan shaxslardir. Badr urushida musulmonlar g‘olib kelib, Islom jamiyati yuzaga chiqib, o‘z tayanchiga ega bo‘lganidan keyin hijrat qilish ham oson bo‘lib qolgan.
Ikkinchi qism – «ansoriylar», ya’ni Madina ahllaridan birinchi bo‘lib Islomga kelgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Aqaba»da bay’at qilgan, din qardoshlarini o‘z yurtlari – Madinaga taklif etgan, makkaliklar hijrat qilib borganlarida o‘zlari yemay, ularga yedirgan, o‘zlari kiymay, ularga kiydirgan, uylarini, molu mulklarini bo‘lib bergan, dinu diyonatlari uchun molu jonlaridan kechishga tayyor turgan madinalik peshqadam musulmonlardir.
Uchinchi qism – «ularga yaxshilik bilan ergashganlar», ya’ni peshqadam muhojir va ansoriylarga yaxshilik bilan ergashganlardir. Ular vasf qilinmish peshqadam muhojir va ansoriylardan keyin, mazkur mashhur voqealardan keyin musulmon bo‘lib, xuddi peshqadam musulmonlar kabi ixlosli, ibodatli va taqvodor kishilar bo‘lganlar. Ularga faqat peshqadamlik, ya’ni eng qiyin damda safda bo‘lmaganliklari yetishmaydi, xolos. Alloh ana shu uch toifadagi musulmonlarning barchasidan «rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar».
Banda erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori martaba Allohning roziligidir. Zotan, har bir bandaning oliy maqsadi ham mana shu. Bandaning Allohdan roziligi Uning qadariga ishonishi, qazosidan yaxshilik kutishi, ne’matlariga shukr qilishi, balo-ofatlariga sabr qilishidir.
Alloh ulardan rozi ekanligi uchun: «Ularga ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarni… tayyorlab qo‘ydi».
Ular mazkur jannatga vaqtinchalikka kirmaslar, balki «ular u (yer)larda abadiy mangu qoluvchi bo‘lgan hollarida».
Alloh taolo ulardan rozi bo‘lmaganida, ularni bunday ikromga sazovor qilmas edi.
«Ana o‘sha ulkan yutuqdir».
Bundan ortiq yutuq bo‘lishi mumkinmi?
Alloh «Hashr» surasida sahobai kiromlarni shunday madh etadi:
«Diyorlaridan va mol-mulklaridan judo qilingan, Allohdan fazl va rozilik umid qiladigan hamda Allohga va Uning Rasuliga yordam beradigan faqir muhojirlargadir. Ana o‘shalar sodiqlardir» (8-oyat).
Muhojirlar aslida makkalik kishilar bo‘lib, dinu iymon yo‘lida ona yurtlarini, mol-mulklarini, qarindosh-urug‘larini tashlab, Madinai Munavvaraga hijrat qilganlar (ko‘chib o‘tganlar). Shu sababli ularning ko‘pchiligi miskin, faqirga aylanganlar.
Ular faqatgina Alloh beradigan fazlni deb, Uning roziligini topamiz, deb bu mashaqqatlarga bo‘yin egdilar. Qiyin ahvolga qaramasdan, Allohning va Rasulining ishiga qo‘llaridan kelgan barcha yordamlarini ayamadilar. Shuning uchun ham Alloh ularni «Iymonlarida sodiq kishilar» deb maqtamoqda.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi