Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Fevral, 2025   |   13 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:22
Peshin
12:42
Asr
16:11
Shom
17:56
Xufton
19:10
Bismillah
12 Fevral, 2025, 13 Sha`bon, 1446

Abu Muin Nasafiy asarlarida rizq masalasi

25.11.2017   6537   4 min.
Abu Muin Nasafiy asarlarida rizq masalasi

Nasafiyning "Bahrul kalom fi ilmil kalom" asarida rizq masalasida quyidagi so‘zlar yozilgan: "Ahli sunna val jamo’a e’tiqodiga ko‘ra rizqlar aniq taqsimlab qo‘yilgan. Rizq taqvodorning taqvosi yoki fojirning gunohi sabab ko‘payib yoki ozayib qolmaydi. Alloh taolo rizqning kafolatini o‘z zimmasiga olgan.

Harom rizqni ham Alloh yaratgan ammo banda halolni qo‘yib haromni tanlaganiga ko‘ra jazolanadi. Alloh taolo marhamat qiladi:

نَحْنُ قَسَمْنَا بَيْنَهُمْ مَعِيشَتَهُمْ فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا

"Ularning dunyo hayotidagi tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida

 Biz taqsimlaganmiz" (Zuhruf surasining 32- oyati).

Darhaqiqat, Alloh yaratgan son-sanoqsiz pokiza ne’matlarni qo‘yib, pokiza ne’matlarga nisbatan juda  oz bo‘lgan harom narsalarni tanlagan kishiga  uqubatning haqligi ayni adolatdir. Shuningdek, mehnatu mashaqqatlar ham Allohning taqdiri va qazosiga ko‘ra bo‘ladi.

مَا أَصَابَ مِنْ مُصِيبَةٍ فِي الْأَرْضِ وَلَا فِي أَنْفُسِكُمْ إِلَّا فِي كِتَابٍ مِنْ قَبْلِ أَنْ نَبْرَأَهَا إِنَّ ذَلِكَ عَلَى اللَّهِ يَسِيرٌ

"Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir" (Hadid surasi, 22- oyat). 

Dori – sabab, shifo esa Allohdan. Shifoni  dori yoki tabib berdi deyilmaydi, balki Alloh berdi deyiladi. Libos – issiq yoki sovuqdan to‘suvchi sabab, issiq va sovuqni daf qiluvchi Allohdir. Yana shu rizqning sababchisi bo‘lgan kasb haqida quyidagilarni aytgan: "Oziq-ovqati bor kishiga kasb qilishlik sunnat, ruxsat etilgan ish, oziq-ovqati yo‘g‘u uni sotib olishga puli bor kishiga ham ruxsat, o‘zi muhtoj oilali kishiga kasb qilish farz amal hisoblanadi. Adashgan firqalardan karromiylar kasb qilishlik, mol to‘plash harom, Allohga tavakkal qilish vojib, kasb qilish tavakkalni inkor etish bo‘ladi, Alloh o‘zi rizqni o‘ylamagan tarafdan yetkazadi deydilar va quyidagi oyatni dalil qilib keltiradilar.

وَعَلَى اللَّهِ فَتَوَكَّلُوا إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ

"Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga tavakkul qilingiz!" (Moida surasi, 23-oyat).

Nasafiy bunga javoban: "Allohga tavakkal qilish vojib. Kasb bilan shug‘ullanish tavakkalni inkor etish degani emas, chunki tavakkal bu qalb ishlaridan bo‘lib, Allohga ishonish, undan qo‘rqish va umid qilish deganidir. Rizqni kasbim berdi deyilmaydi, bu kufr va zalolatdir. Rizq Allohdan deyiladi. Bunga quyidagi hadis dalil bo‘ladi. Ibn Abi Shayba va Abi Nuaymlar rivoyat qiladilar: "Nabiy alayhissalom aytadilar: "Kimki dunyoni halol holda so‘rashlikdan hayo qilib oilasiga kengchilik va qo‘shnilariga mehribonchilik ko‘rsatgan holda talab qilsa, qiyomat kuni yuzi Badr kechasidagi oy kabi balqigan holda keladi. Ammo kimki dunyoni faxr va ortiqcha ko‘paytirish uchun talab qilsa qiyomatda Allohga unga g‘azab qilingan holida yo‘liqadi".

 Yana ushbu oyatni dalil qilib keltiradilar: 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَنْفِقُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا كَسَبْتُمْ

"Ey, imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz!"

Agar kasb qilish harom bo‘lsa, Alloh taolo nima uchun kasb qilgan narsalaringizdan infoq qilingiz deb buyurmoqda. Halol kasb harom emas. Bunga nabiylarning kasbu kor bilan shug‘ullangani dalil bo‘ladi. Masalan, Odam alayhissalom dehqonchilik qilgan, Idris  tikuvchi bo‘lgan, Nuh alayhissalom duradgor, Ibrohim alayhissalom urug‘chi, Shuayb alayhissalom cho‘pon, Dovud alayhissalom temirchi, Muso alayhissalom yollanma ishchi, Muhammad sollallohu alayhi vasallam savdogar bo‘lganlar. Demak, kasbu kor aslo harom emas".

Vatandoshimiz  Abu Muin Nasafiyning shu va boshqa asarlari avlodlarni  zarur ilmlar egallash hamda adashgan firqalarga o‘rinli raddiyalar berish borasida qimmatli manbalardir.  Ayniqsa, uning asarlaridagi aqidaviy masalalar chuqur ilmiy tahlili va hanafiy mazhabidagi moturidiy ta’limotiga xos yechimi bilan yurtimizdagi tinchlikni saqlashda, farzandlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda alohida o‘rin egallaydi.

 

Sanobar MUHAMMADXO‘JAYEVA,

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta

maxsus islom bilim yurti mudarrisas

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hadis ilmi maktabiga 150 ga yaqin kitob hadya qilindi

12.02.2025   762   1 min.
Hadis ilmi maktabiga 150 ga yaqin kitob hadya qilindi

Hadis ilmi maktabining axborot-resurs markazi saxovatpesha homiylar tomonidan hadya qilingan kitoblar hisobidan boyib bormoqda. 

Jumladan, yaqin kunlarda kutubxonaga 147 ta yangi kitob olib kelindi. Ular orasida "Fayzul-Furqon (Qur’oni karim ma’nolarining izohli tarjimasi)", "Qur’oni karim qissalari va komil inson tarbiyasi", "Sahihi Buxoriy sharhi 4-jild", "Ubaydulloh ibn Mas’ud sadrush shari’a va uning “Sharhul Viqoya” asari (tahorat kitobi)", "Birrul Validayn (ota-onaga yaxshilik qilish)", "Diniy soha xodimlarining kasb etikasi" kabi turli mavzularni qamragan kitoblar maktabga ehson qilindi. 
 

Shuningdek, Hadis ilmi maktabi xodimi Fozil Tilovatovning muallifligida va tarjimasi bilan nashr qilingan "Horun Ar-Rashidning so‘ngi vasiyati", "Hello Amerika", "Salohiddin sahro burguti", "Onamning duosi", "Qorqizlarning qotilligi" kabi kitoblar ham shu xodim tomonidan maktabga hadya qilindi.


Shu munosabat bilan talabalar ishtirokida kutubxonada mazkur kitoblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

 

Tadbirda har bir kitob haqida ma’lumotlar berildi va ularning mazmunan muhimligi xususida so‘z yuritildi.

 

Bu tadbir talabalarning ilmiy qiziqishini yanada kuchaytirishga va ularning ma’naviy taraqqiyotiga hissa qo‘shishga xizmat qildi.

Muhaddis.uz