Kecha, 24 noyabr kuni yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Tatariston Respublikasi ulamolaridan iborat delegatsiyasi Samarqand viloyatiga tashrif buyurdilar. Martabali mehmonlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov hamrohlik qilmoqda. Samarqandga tashrif juma kuniga to‘g‘ri kelgani munosabati bilan, mehmonlar dastlab Imom Buxoriy jome masjidida juma namozi ado etdilar va ibodat so‘ngida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam bo‘lishi, boshlanayotgan ishlar o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatishini so‘rab duolar qildilar.
Majmua bo‘ylab qilingan ziyorat asnosida Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining hayoti va ijodi, ul zot qoldirgan boy ilmiy meros, shuningdek, bugungi kunda ushbu zotga nisbatan ko‘rsatilayotgan davlat darajasidagi e’tibor haqida ma’lumot berib o‘tdi. Zayniddin Eshonqulov so‘zida davom etib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu majmuaga alohida e’tibor berayotganlari va yaqinda ziyoratgoh yanada obod bo‘lish arafasida ekanini alohida qayd etib o‘tdi.
Imom Buxoriy hazratlarining qabri ziyorat etilgach, Tatariston delegatsiyasi va samarqandlik ulamolar, imom-xatiblar ishtirokida Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish, bu boradagi mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish, qardoshlar, dindoshlar o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish bo‘yicha fikr almashib, maslahatlashib oldilar.
Mehmonlar Tataristonda yashaydigan musulmonlar O‘zbekistonga kelish, ulamolar yurtini, ular qoldirgan boy merosni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish niyatida ekanlarini, dunyo e’tirof etgan olimlar, xususan Imom Buxoriy hazratlarining qabrini ziyorat qilishga orzumandliklarini ta’kidladilar.
Tataristonliklarning ushbu tashrifi ikki davlat o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan ziyorat turizmining debochasi ekani, kelgusida ko‘plab ziyoratchilar O‘zbekistonga kelish taraddudida ekanliklari ma’lum qilindi.
Ushbu xayrli ish bugungi murakkab zamonda millatlar orasida nifoq solishga har tomondan urinishlar bo‘y cho‘zgan paytda tashkil etilayotgani musulmonlar birdamligini mustahkamlashi, turli fitnalar oldiga to‘siq bo‘lishini tomonlar yakdillik bilan e’tirof etdilar.
Uchrashuv so‘ngida Tataristonda O‘zbekistonga kelish istagidagilar har doim ko‘p bo‘lgani, biroq aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani bois ko‘pchilik allomalar yurtini ziyorat qilish imkoniyatini topolmaganlari, endilikda yo‘llar ochilishi tataristonliklar tomonidan xursandchilik bilan qarshi olingani ta’kidlandi. O‘z navbatida yurtdoshlarimizni Tatariston delegatsiyasi o‘z davlatlarini ziyorat qilishga taklif etdilar.
Mehmonlar Xo‘ja Donyor ziyoratgohi va Registon ansamblini ham ziyorat qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Samarqand viloyati vakilligi axborot xizmati
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.