Ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh alayhissalom bunday dedilar: “Xaj mavsumida ummatlarni ko‘rdim. O‘z ummatimni ham ko‘rdim. Tog‘laru daraxtlarni to‘ldirib yuborishgandi. Ularning ko‘pligi va hay’ati meni taajjubga soldi. Mendan: “Mendan mamnun bo‘ldingizmi?” deb so‘rashdi. “Xa”, dedim. Aytishdiki: “Bular bilan yetmish ming kishi savolsiz-so‘roqsiz to‘g‘ri jannatga kiradi”. “Ular kim yo Allohni rasuli?” deb so‘raldi. Rasululloh alayhissalom dedilar: “O‘zidan mamnun bo‘lib kerilmaganlar, arzimas qiyinchilik, kulfatni baxtsizlik-omadsizlik deb atamaganlar, o‘g‘rilik qilmaganlar va Robbilariga tavakkal qilganlar”. Shu payt Ukosha o‘rnidan turib dediki: “Yo Allohning Rasuli, Allohga duo qiling, meni ham o‘shalardan aylasin”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo Alloh, Ukoshani o‘shalardan ayla”, - dedilar. Boshqasi ham turib: “Yo Allohning Rasuli, Allohga duo qiling, meni ham o‘shalardan aylasin!” – dedi. Yana u zot alayhissalom aytdilar: “Kim Allohga tavakkal etib, suyansa, Alloh har qanday tanglik holida unga yetarli bo‘ladi, umid qilmagan joyidan unga rizq eshiklarini ochadi. Kim dunyoga o‘zini bag‘ishlasa Alloh uni dunyoga vakil (ya’ni, pul topib keluvchi va sarflovchi vazifasini bajaruvchi) qilib qo‘yadi. Yana u zot alayhissalom: Kim insonlarning eng badavlati bo‘lishni istasa, buning uchun qo‘lidagiga emas, Alloh huzuridagi narsaga ko‘proq ishonsin.
Rivoyat qilinishicha, Ibroxim alyhissalom manjaniq bilan olovga otilayotganlarida Jabroil alayhissalom uning yoniga kelib: “Biron ehtiyojing bormi?” – deya so‘radi. Ibroxim alyhissalom ilgari: “Menga Alloh kifoyadir. U naqadir go‘zal vakildir”, deb aytgan so‘ziga sodiq qolish uchun Jabroilga ushbu javobni berdi: “Bor, ehtiyojim bor, lekin senga emas”. Ibroxim alayhissalomni olovga otish uchun qo‘lga tushirishganda: “Menga Alloh kifoyadir. U naqadir go‘zal vakildir”, - degandi. Manjaniq ila olovga otilayotganda shu so‘ziga, ya’ni Allohga bo‘lgan tavakkaliga sodiq qoldi va o‘zini faqat Robbi qutqarishini kutdi.
Abdulloh PARPIYEV,
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi