Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Abu Muin Nasafiy oyi”ga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, zukko shoir va mohir tarjimon Mirzo Kenjabek ishtirok etib talabalarga Abu Muin Nasafiy haqida atroflicha so‘zlab berdi.
O‘rta asrlarda ilmning turli sohalarida faoliyat olib borgan mutafakkir va qomusiy olim Abu Muin Nasafiyning ismi manbalarda kengaytirilgan holda Najmuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon an-Nasafiy as-Samarqandiy shaklida beriladi. “Najmuddin“ (“dinning yulduzi“) laqabining berilishiga sabab uning islom ilmi sohalari bo‘yicha ko‘rsatgan xizmatlarining katta bo‘lganidir. Nasafiy Qur’on, hadis, aqida va fiqh kabi ilmlarni mukammal bilgan, tafsir, hadis, kalom, fiqh va she’riyatga doir ko‘plab asarlarni meros qoldirgan. Samarqand, Buxoro, Nasaf, Bag‘dod, Marv kabi ilm markazlarida nomdor olimlardan dars olgan va ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.
Kalom ilmida Nasafiy Imom Moturidiy an’analarini davom ettirgan. U o‘zining bilvosita ustozi Imom Moturidiy ta’limotini ixcham shaklga keltirib, moturidiylik ta’limotini keng yoyishga xizmat qildi. U yaratgan “Aqoid an-Nasafiy“ asari islom olamida keng tarqalgan bo‘lib, unga ko‘plab sharh va hoshiyalar yozilgan. Olim kalomga oid birgina shu asarni yozgan bo‘lsa-da, uning ilohiyotchi sifatida shuhrat qozonishiga sabab juda qisqa vaqtda islom aqidasini nazariy asoslab berganidir.
Suhbat davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Sh. SAIDOVA,
ARM yordamchisi
#xabar #haj2025
Shu yil 12 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiliklaridagi hojilarimizning dastlabki guruhlari eson-omon ona diyorimizga yetib keldilar.
Nurli yuzi, quvnoq ko‘zida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan hojilar jamoasini taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida ehtirom ila kutib olishdi.
Hojilarimiz muborak zaminda Haq taoloning farzi – Haj amalini chiroyli ado etib, sog‘u salomat o‘z yurtiga yetib kelganlari va yaqinlari diydoriga yetishganlari uchun shukronalar aytish barobarida el-yurt haqqiga xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati