BMTning ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning avgust oyidan boshlangan inqirozdan oqibatida yuzdan ortiq Rohinya musulmon qochoqlari kema halokati va qayiq nosozligi oqibatida cho‘kib ketishgan.
“Oxirgi omon yetib kelgan qochoqlarning so‘zlariga ko‘ra, ular bir oydan ko‘p muddat davomida Myanma sohilida juda ayanchli holda navbat kutishgan”, deydi BMTning qochoqlar agentligi mas’ul vakili Villiam Sprindler Jenevada o‘tkazilgan konferensiyada. “So‘ngi o‘n kun ichida Myanmadan Bangladeshga 30 ga yaqin eski yasama qayiqlarda 1000 dan ortiq Rohinya qochoqlari yetib kelishgan, deb qo‘shimcha qildi Janob Sprindler.
Dengizdan o‘tib olish uchun to‘lovga mablag‘lari yo‘qligi bois odamlar qo‘llariga ilingan narsalar, hatto, konserva va plastik idishlardan qayiq yasashmoqda. Bambuk yog‘ochlarining uchiga plastmassa bo‘laklarini bog‘lab eshkak sifatida foydalangan yo‘lovchilar amallab 3 kilometrlik masofani to‘rt soatda bosib o‘tishmoqda. Bugungi kunda Rohinya qochoq aholisining umumiy soni 833 mingdan ortdi.
[Suratda Bangladeshning Tenaf degan joyiga sog‘-omon yetib kelgan Rohinyalik musulmonlar aks etgan.]
Alisher SATTAROV
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.
1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.
2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.
Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).
Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.
3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).
Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.
4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.
Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.
U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.
U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.
5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).
Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.
Xulosa:
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.