Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan rabi’ul avval muborak oy hisoblanadi. Joriy yilgi milodiy hisob bo‘yicha ushbu g‘animat damlar 2017 yilning 20 noyabridan 19 dekabrigacha davom etadi.
Mo‘min-musulmonlarimiz ushbu oyda Nabiy alayhissalomni yod etib, ul zotning hayot yo‘llari bayon etilgan kitoblarni mutolaa qilishadi, sunnat amallarini ko‘proq bajarishga harakat qilishadi va salotu salomlar aytiladi. Bu amallar bilan ul zoti sharifga bo‘lgan muhabbatimiz yanada ziyoda bo‘ladi, inshoalloh.
“Mavlid” so‘zi lug‘atda “tug‘ilish”, “tug‘ilish oni” kabi ma’nolarni anglatadi. Iste’molda esa, Muhammad alayhissalomning tavallud kunlari, oylari hamda shu munosabat bilan qilinadigan yig‘in va unda o‘qiladigan salovot, duoyu zikrlarga aytiladi.
Mavlid tadbirlarini o‘tkazish an’analari 6-7 asrlarga kelib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga hurmat ko‘rsatish, xotirlab turish maqsadida joriy qilingan. Ibn Hajar Asqaloniy, Jaloliddin Suyutiy, Shayx Shahobiddin Qastaloniy kabi mashhur olimlar mavlid kunini nishonlash, ushbu kunda Rasuli Akram haqlarida qasidalar o‘qish, durudu salavotlar aytish durustligiga fatvo berganlar.
Shu o‘rinda aytish kerakki, O‘rta asrlarda islom olamida tasavvuf katta o‘rin tutganligi sababli mavlid marosimlariga tasavvuf namoyondalari bosh bo‘lishgani manbalarda qayd qilingan.
Diyorimiz mo‘min-musulmonlari orasida ham qadimdan mavlid oyini nishonlash odat tusiga kirgan. Shu munosabat bilan robi’ul avval oyi kelgach, yurtimizda O‘zbekiston musulmonlari idorasi boshchiligida quyidagi mavlid tadbirlari o‘tkaziladi:
Birinchi, respublikamizdagi barcha jome masjidlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning siyratlari, yuksak axloq-odoblari va oliy fazilatlari haqida mav’izalar qilinadi. Masalan, diyorimiz masjidlarida 2017 yilning 24 noyabr kuni “Mavlidi Nabiy muborak” juma tezisi asosida ma’ruza qilinishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan jome masjidlarda Imom Ja’far Barzanjiy rahmatullohi alayh tomonidan Nabiy alayhissalom tug‘ilishlari, hayot yo‘llari, ahloqlari to‘g‘risida bitilgan, xalq orasida mashhur bo‘lgan “Mavlidi sharif” kitobi o‘qiladi.
Ikkinchi, mo‘min-musulmonlarning talab va istaklariga asosan xonadonlarda o‘tkaziladigan mavlid tadbirlarida imom-xatiblar ham ishtirok etib, Hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalomning go‘zal sifatlari bayon etilib, mavlidi sharif o‘qiladi.
Uchinchi, mavlid tadbirlarida masjidlar tomonidan va homiylarni jalb etgan holda kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz qariyalar va mehribonlik uylariga mehr-muruvvat hamda xayriya ishlari amalga oshiriladi.
To‘rtinchi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalarida Mavlid oyi munosabati bilan “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam siyratlari – ibrat maktabi” nomli davra suhbati, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ummatlarimiz” mavzusida “Siyrat” fani bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Beshinchi, ulamolar, diniy soha xodimlari hamda imom-xatiblar davriy nashrlar, internet tarmoqlari va tele, radio dasturlarda Muhammad sollallohu alayhi va sallamning axloq-odoblari, siyrat va shamoillari, tutgan yo‘llarining bag‘rikengligi, hech kimga zulmni ravo ko‘rmasliklari, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanlarini targ‘ibu tashviq qilishadi. Shuningdek, turli tanlov va musobaqalar o‘tkaziladi.
O‘z navbatida biz ham barchani diniy idora tomonidan tashkil etilayotgan mana shunday xayrli ishlarning xayrixohi va ishtirokchisi bo‘lib, haqiqiy ummat bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishga da’vat etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.