Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyun, 2025   |   15 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
19:59
Xufton
21:37
Bismillah
11 Iyun, 2025, 15 Zulhijja, 1446

Bir shingil uzum voqeasi

23.11.2017   7397   3 min.
Bir shingil uzum voqeasi

Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladi: “Onam bir bosh uzumni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga eltib berishimni buyurdilar. Men esa uni yo‘lda yeb qo‘ydim. Keyinroq onam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni    uchratib qolib, u zotdan: “Abdulloh sizga bir bosh uzumni eltib berdimi?” deb so‘rab qoldilar. U zot: “Yo‘q”, deb javob berdilar. Keyinchalik, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon meni uchratib qolsalar: “Xiyonat, xiyonat!” der edilar”.

Ulug‘ mutafakkir Muhammad Husayn ushbu rivoyatni quyidagicha sharhlagan: “Rasululloh sollallohu  alayhi vasallam bolani ayblash niyatida emas, shunchaki hazil yo‘li bilan uning e’tiborini omonatga xiyonat qilmaslikka qaratganlar. Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam bu so‘zni ikki marta takrorlagani esa xatoga yo‘l qo‘ygan bolani kelgusida bundan ehtiyot bo‘lishni eslatish uchun bo‘lgan. Chunki Abdulloh ibn Busr yosh bola bo‘lganlar”.

Bir bosh uzum voqeasi Abdulloh ibn Busr raziyallohu anhuga bir umrlik saboq bo‘ldi.  U zot shu voqeadan keyin omonatga jiddiy qaraydigan  bo‘ldilar. Bazilarga  o‘xshab  “Yosh bola-da, yegisi kelgan bo‘lsa, yegandir-da, shunga ota go‘ri qozixonami!” demaslik kerak.  Ota-ona gohida    farzandini  sinab  ko‘rish uchun  qo‘liga  biror  omonat  berib  ”falonchiga olib bor”, deb sinab ko‘rishi kerak. Bu sinov bir emas, balki bir necha  marta takrorlanishi  zarur.  Ana shunday  sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgandan keyingina bolaga ishonsa bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odoblarini qarangki, shu bolaga tanbeh  bermadilar, balki “xiyonat xiyonat” deb qo‘yishlarining o‘zi Abdulloh uchun har qanday tarbiyadan ta’sirliroq bir holatni yuzaga keltirib chiqarganki,  natijada, Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu bir umr Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ana shu so‘zlarini eslab yurganlar va unga amal qilganlar. Hattoki Payg‘ambarimiz  sollallohu  alayhi  vasallamning  duolariga  sazovor  bo‘lganlar.  Abdulloh  ibni  Busr roziyallohu  anhu  rivoyat qiladi: “Otam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uyga  mehmon bo‘lishga taklif  qildilar. U zot taklifga  javoban keldilar. Otam onamdan: “Biror  yegulik  bormi?” deb so‘radilar. Onam esa: “Ha” deb  danagi olingan  xurmoni olib keldi. Ikkovlari uni  yedilar. Keyin esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  duo qildilar. So‘ngra menga  iltifot qilib  qo‘llari  ila  boshimni  silab  turib  haqqimga  duo  qildilar-da:  “Bu bola  bir asr  yashaydi”,  dedilar.

Haqiqatan,  Abdulloh ibni  Busr  roziyalloh  anhu mazkur  duoning  sharofati ila  roppa-rosa bir asr  yashadilar va “ Shomning  barakasi” degan  nomga  sazovor  bo‘ldilar. Ushbu hadisi  sharifdan  kelib chiqib ustozlar “Bolaning boshini silab turib duo  qilish  sunnati  nabaviyadir”, deydilar. Ushbu sunnatga amal qilish doimo o‘zining ijobiy  samarasini berib kelgan. Ota-bobolarimiz ushbu sunnatga  shu darajada etibor berganlarki, natijada,  urfimizning  ajralmas bir  qismiga  aylanib  ketgan.  Lekin, afsuski,  ko‘plab sunnatlar  kabi  ushbu sunnat  ham  oxirgi  davrlarda  unutilib  borayapti. Balki  shuning  uchundir,  yoshlar  o‘rtasida  jinoyat, talon-taroj  qilish, mayda  bezoriliklar va yana qandaydir  noxushliklar  ko‘payib  borayapti.  Aslida esa biz pisand  qilmayotgan birgina  sunnatning  ortida  qanchadan-qancha hikmatlar va  manfaatlar  bor. Shuning  uchun  ham  ota- ona,  farzandlar  tarbiyasiga  beparvo  bo‘lmasdan  mazkur  sunnatga amal  qilmog‘i  kerak. Hozir  aynan shuning  fursatidir. Chunki hozir biz  Payg‘ambarimiz  solallohu  alayhi  vasallam  tavallud  topgan  oyda  turibmiz. Barchamizga  bu  oy muborak  va  xayrli  bo‘lsin!

Is'hoqjon  Begmatov,

O‘MI masjidlar bo‘limi xodimi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

05.06.2025   10141   4 min.
Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

Ramazon hayiti va Qurbon hayiti  Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
 

Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon  va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.


Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik  qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.


Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.


Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.


Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.


Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).


Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.


Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.


Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.


Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!


Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin! 

Ubaydulloh Abdullayev, 
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari